BBC navigation

Paralimpiada: O‘zbekiston uchun ilk medal va inglizlarning bag‘rikengligi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 11:04 GMT

Javadning ishtiroki tomoshalarni yanada qiziqarli qildi

Dzyudochi Sharif Xalilov paralimpiada o‘yinlari tarixida O‘zbekistonga ilk medalni olib kelgan sportchi sifatida tarixga kiradigan bo‘ldi.

Ushbu tarixiy yutuqni O‘zbekistonning elektron ommaviy axborot vositalari qanday yoritayotgani bilish maqsadida kichik izlanish qildim.

Sharif Xalilovning tarixiy g‘alabasi haqida O‘zbekistonning eng yirik axborot egentligi O‘zA o‘z xabar lentasida yozib o‘tgan. Xabarda bir og‘iz Sharifning yutug‘i keltirilgan va asosiy urg‘u prezident Islom Karimovning sportni rivojlantirishga qaratgan rahnamoligi o‘z natijalarini berayotganiga qaratilgan.

E‘tiborli tomoni O‘zbekiston madaniyat va sport vazirligi ushbu musobaqaga o‘z matbuot kotibini yuborgan va u bevosita sportchilarning orasidan turib xabarlarni yetkazmoqda.

Vazirlik vakili Sharif Xalilov bilan eksklyuziv intervьyu olib veb sahifaga joylaganini ko‘rish mumkin.

Matbuot kotibi Shavkat Jalilov bilan suhbatlashgan Sharif Londonga kelishidan oldin dzyudo bo‘yicha jahon chempioni va olimpiada bronza medal sovrindori Rishod Sobirov belini qisib omad tilaganini aytgan.

Biroq O‘zbekistonning eng yirik sport portali bo‘lmish uff.uz da ushbu tarixiy g‘alaba haqida bir og‘iz ham gapirilmadi. Ushbu sayt O‘zbekistonda sportga oid eng ommabop sayt hisoblanadi va bir kunda o‘rtacha 50 mingdan ko‘proq o‘quvchi tashrif buyuradi.

23 yoshli Sharif Xalilov bungacha ham qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

Paralimpiada ta‘surotlari

Kelganimdan buyon o‘zbek sportchilari qatnashayotgan sport turlariga chipta izlash bilan ovora ekanligimizni oldingi suhbatimizda aytib o‘tgandim. Ammo urinishlar natijasiz ketayapti. Kecha 56 kilogrammaga vaznda tosh ko‘tarish musobaqalariga borishga muvaffaq bo‘ldim. Afsuski ushbu toifa bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar qatnashmadi.

Borishdan oldin yo‘llar tirband bo‘lsa, qanday yetib olar ekanman degan o‘y bor edi. Londonda transport hududlarga bo‘lingan ekan. 6 zonaga bo‘lingan Londonda qancha olis yursangiz shuncha qimmat to‘lashga to‘g‘ri keladi. Biroq shahar ma‘muriyati o‘yinlar bo‘lib o‘tuvchi Eksel sport majmuasidan chiquvchi stantsiyani tekin qilib qo‘yishgan.

Londonda ilk marotaba bo‘lib turgan odam ham Ekselni hech qiynalmasdan topib borishi uchun shaharning har bir qadamiga ko‘rsatgichlar ilib qo‘yilgan. Mas‘ullar sizga muloyimlik bilan qayerdan chiqib qayerdan tushish lozimligini tushuntirishadi. Hech qanday qiyinchiliiklarsiz tosh ko‘tarish musobaqasi bo‘ladigan joyga yetib oldim.

Men tomosha qilishga tushgan 56 kilogram vazngacha sportchilarning orasida britaniyalik polvon Ali Javad ham bor ekan. Menimcha aynan Javadning ishtiroki tomoshalarning yanada jonli va qiziqarli o‘tishiga sabab bo‘ldi. Mening oldimdagi qatorda Ali Javadning yaqinlari o‘tirishgan edi. Ayollarning hammasi hijobda edi. Deyarli butun zal "Ali" "Ali" deb qichqirardi. Albatta britaniyaliklarning boshqa madaniyat va din vakilini bunchalik faollik bilan qo‘llab quvvatlashi meni hayratlantirdi.

Biroq ushbu vazn toifasida jahon, paraliimpiada o‘yinlarida rekod darajada tosh ko‘targan misrlik Sharif Usmon ham bor edi.

Sharif Usmonning Pekindagi o‘yinlarda ko‘rsatgan rekordi 202 kiloni tashkil qilgan, Londonga ushbu rekordni yangilash maqsadida kelgandi. Rekord yangilanmadi. 197 kiloni qiynalmay ko‘targan Usmon Sharif 205 kilo toshni ikki urinishda ham ko‘tara olmadi. Biroq bu unga oltin medalni qo‘lga kiritishga to‘sqinlik yaratmadi.

Butun zalni o‘ziga qaratgan Ali 185 kiloni ko‘tardi, ammo unga ikkinchi o‘rinni kafolatlovchi 189 kilo toshni ko‘targani hakamlar tomonidan hisobga olinmadi.

Britan murabbiyining noroziligi ortidan hakamlar hay‘ati video tasvirlarni qaytadan ko‘rib chiqdi. Ali Javadga yana bir bor tosh ko‘tarish imkoni berildi. Biroq Javad ushbu imkoniyatdan foydalan olmadi va medallardan quruq qoldi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.