BBC navigation

Rossiyalik taqirbosh millatchilar bilan BBC muxbiri uchrashuvi

Сўнгги янгиланиш 4 сентябр 2012 - 15:54 GMT

Rus millatchilari Markaziy Osiyo va Qafqozlik muhojirlarga qarshi ko‘plab hujumlarni sodir etganlar

Rossiyada bir necha oy davom etgan muxolifat namoyishlari Putin siyosatiga qarshi bo‘lgan liberal ruslarga o‘z qarashlarini bildirish imkonini berdi. Biroq, ko‘chalarga birgina ular chiqqani yo‘q. E‘tiroz marshlarida bo‘lganlar orasida boshqa guruhlar, jumladan o‘ta o‘ng qanot millatchilar ham bor edi.

Yillar davomida Rossiyaga qilgan ko‘plab safarlarim jarayonida men turfa toifadagi ruslar bilan uchrashganman.

Suhbatdoshlarim orasida Sibir sovug‘i singari hayotga o‘ta kesin munosabatda bo‘lganlar ham bor edi...

Ular o‘zlarini skinxedlar, ya‘ni taqirboshlar deb atashadi. Garchand taqirboshlarga endilikda sochlarini ustara bilan olib yurish majburiy emasada.

Oxirgi yillarda taqirboshlar Rossiyaning turli mintaqalarida muhojirlarga ko‘plab hujumlar qilib, nom chiqarishdi. Ko‘plari qamoqqa tashlandi. Ulardan ba‘zilari ozodlikka chiqdi.

Maksim ana shunday sobiq mahkumlardan biri.

Biz Moskvadagi burger restorani bog‘chasida uchrashdik.

Atrofimizda yosh bolalar chug‘urlab u yoqdan bu yoqqa yelib yugirishardi.

Shoyad bu yer milliy adovat asosida jinoyatlar sodir etgan taqirbosh bilan uchrashish uchun mos bo‘lmasa, degan fikr kechdi menda. Boz ustiga uning laqabi ham qo‘rqinchli - "Tesak", ya‘ni "Kesar".

Burgerini chaynashi va uning yonida o‘tirgan va ko‘rinishidan anchayin xavfli ikki yosh yigitga qarashlari bilan u menga qanchalar qo‘rqinchli va badjahl ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek edi.

"Men muhojirlar maxsus gettolarda yashashlari kerak deb o‘ylayman", dedi "Kesar".

Keyin qo‘njinidan xanjarini chiqardi.

Men "hozir yuzini bujmaytirib, kuladi" degan o‘yda unga qaradim. Adashgan edim. "Tesak"ning qoshlari chirmaydi. Keyin yonida o‘tirgan yigitlari qulog‘iga bir narsalarni pichirladi. Ular esa xixilab kulishdi.

"Buni biron marta bo‘lsin ishlatganmisan?" deb so‘radim uni suhbatga qaytarish umidida.

"Men senga bunaqa ahmoq savollar bermagin, deb aytuvdimku", dedi u xanjarni qaytib qo‘njiga tiqarkan.

"Tesak" yana imo qildi. Ular esa yana tirjayishdi.

Uning bu so‘zlari meni Moskvaga kelishimdan oldin tomosha qilganim bir videoni yodga soldi. Unda o‘rmon ichiga olib ketilayotgan yo Markaziy Osiyolik yoki Qafqozlik yigit tasvirlangandi. Video qo‘rqinchli filmlarga o‘xshasa-da haqiqiy edi.

Videoda aftidan keyinroq kiritilgan qichqiriq ovozlari ham bor. Ko‘p o‘tmay yigit qo‘l oyog‘i bog‘lanib, o‘ldiriladi. Uning qay tarzda qatl etilganini tomosha qilish juda og‘ir. Videoni o‘rganib chiqqanlar menga tasvirlarning haqqoniy, qotillarning esa o‘ta o‘ng qanot millatchilar ekanini aytishdi.

Aftidan hech kimda bu vidoyeni web sahifadan olib tashlash qudrati yoki istagi yo‘qqa o‘xshaydi.

Qonunsiz Rossiyadagi hayotning bir ko‘rinishi.

Mamlakatda go‘yoki qurolli ultra-millatchilarga qonun tizgini deyarli to‘laligicha berib qo‘yilganga o‘xshaydi.

Millatchilarning barchasi "Kesar" singari muhojirlarga qarshi qarashga ega, ammo yaxshiroq ta‘lim olganlari o‘z kampaniyalarini samaraliroq yo‘lga qo‘yishgan.

Roman bo‘lg‘usi huquqshunos. U bojxona zobiti bo‘lishni istaydi. U bo‘sh vaqtlarini yerto‘lalarda yurib, u yerlarda yashayotgan muhojirlar hujjatini tekshirish bilan to‘ldiradi.

Dmitriy esa advokat. U dam olish kunlarini oilasi bilan emas, shahardan tashqarida to‘pponcha otishni o‘rganish bilan o‘tkazadi. Agar kerak bo‘lsa, u muhojirlarni ham nishonga olishga tayyor ekanini aytadi.

Men gapdon neo-natsist "Nils" bilan ham uchrashdim. U xorijda ekan Nitsshe ta‘limotini o‘rgangan. O‘zini oliy irqqa mansub deb biladi.

Suhbatlarda men nima uchun bu insonlarda bunday qarashlar shakllanganini tushunishga harakat qildim.

"Ular shunday dunyoga kelishganmi? Ular oq tanli bo‘lmagan insonni ko‘ngilni yozish uchungina kaltaklashga qodirmi?" - degan savollarga javob izladim.

Ularning hammasi savol yoqmasa, suhbat mavzusini o‘zgartirishardi. Jilmayib turgan yuz birdan bujmayib, jiddiylashar va bir ma‘no bera boshlardi - mavzuni o‘zgartir.

Men bilan uchrashgan odamlarning umumiy jihatlari ko‘p edi. Ular ichishmaydi, aroqqa mubtalo bo‘lgan Rossiyadan va, o‘zlari aytmoqchi, sabrli ko‘p madaniyatli jamiyatni dastaklagan Putindan nafrat qilishadi.

Yana bir narsa. Ularda "hazil" tushunchasi umuman yo‘q.

Rossiyadagi ashaddiy millatchilar faqat Slavyanlar yashagan, mudhish va qorong‘u dunyoni istashadi.

Ular internet orqali o‘z saflariga yoshlarni jalb qilishlari mumkin. Ular o‘zlari istamagan odamdan qutulish uchun qonunni buzishlari mumkin. Ular o‘sib borayotgan siyosiy kuchga aylanishlari. Buni aytish qiyin.

Ammo ular Rossiyaga egalik qilishmaydi. Garchand ko‘plab rossiyaliklarda millatchilik kayfiyati kuchli esa-da, ularning aksari skinxedlar istagan g‘oyalarning joriy etilishiga hech qachon yo‘l qo‘yishmaydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.