BBC navigation

Musulmonlarning Salamworld ijtimoiy tarmog‘i globallashmoqchi

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2012 - 14:11 GMT

Salamworld ijtimoiy tarmog‘i markazi Turkiyada joylashgan

Facebookka raqib bo‘lishni maqsad qilgan Salamworld yangi islomiy ijtimoiy muloqot tarmog‘i nobyar oyida global miqyosda ishga tushmoqchi.

Yangi ijtimoiy muloqot tarmog‘i jahon bo‘ylab musulmonlarning bir-birlari bilan muloqotda bo‘lishlarini osonlashtirmoqchi.

Hozir "Salomvorld"ning sinov nusxasi dunyoning eng yirik musulmon davlatlari Indoneziya, Malayziyadan tashqari, mingga yaqin internet foydalanuvchi tomonidan Bosniya-Gertsegovina, Turkiya va Misrda ham sinab ko‘rilmoqda.

Bir qarashda,"Salamworld" boshqa ijtimoiy muloqot tarmoqlaridan farq ilmaydi.

Ya‘ni, xuddi Facebook ilk bor ishga tushgan paytdagi shaklini eslatadi, hoshiyalari ko‘k va oq rangda, sharhlaringiz, surat va videolaringizni yuklab qo‘yishingiz uchun ajratilgan maxsus forma...

Ko‘ptilli va turfamadaniyat ahliga mo‘ljallangan loyiha tashabbuskorlariga ko‘ra,"Salamworld"ning bir farqli jihati – uning mazmuni bo‘ladi..

Yangi ijtimoiy muloqot tarmog‘i kiber fazoda musulmonlar uchun sharm-hayosiz, gardkam o‘yinlar va islomiy qadriyatlarga zid boshqa har qanday ko‘rinishlardan xoli xavfsiz hudud yaratmoqchi.

Uyatsiz surat yoki videotasvirlar masalasida Facebook ham ancha qattiq bo‘lsa-da, uning Bingo Friendzy kabi gardkam o‘yinlari bor.

Birinchisi emas

"Salamworld" musulmonlarga mo‘ljallangan ilk ijtimoiy muloqot tarmog‘i emas.

Ammo ulardan hech biri internet foydalanuvchilari orasida keng miqyosda ommalasha olmagan.

Deylik, 2006 yilda Finlyandiyada ochilgan Muxlim.com allaqachon yopilib ketgan.

Misrdagi "Musulmon birodarligi" harakati ikki yil avval asos solgan Ikhwanbook.com veb sahifasi ham hozir ishlamaydi.

Bu kabi loyiha tanqidchilariga ko‘ra, ular faqat o‘zlari faoliyat yuritishni boshlagan hududlar bilan cheklanib qolishgan, xolos.

"Salamworld" boshqacha bo‘ladi

Yangi islomiy ijtimoiy muloqot tarmog‘i Turkiyada joylashgan esa-da, ushbu loyiha ustida ishlagan va dunyoning o‘ndan ortiq davlatidan bo‘lgan maslahatchilar uning boshqacha bo‘lishiga umid qilishmoqda.

Tarmoq butun dunyo bo‘ylab musulmonlarni kiber fazoda birlashtirish maqsadiga, bir tomondan, materiallarni uch bor filtrdan o‘tkazish orqali ham erishmoqchi.

Bu esa, mas‘ullarga davlatiga qarab, islomiy tartib-qoidalar bir-biridan biroz farqlanuvchi bir dunyoda veb sahifa uchun yagona tartib-qoidani ishlab chiqishga yordam beradi.

Chunki, deylik, hijobsiz muslmon ayolining surati dunyoviy Indoneziyada hech bir muammoga sabab bo‘lmasa-da, Saudiya Arabistonida bu narsa umuman taqiqlanadi.

Ammo bu kabi cheklovlarga internet foydalanuvchilarining munosabati qanday bo‘lishi ma‘lum emas.

Misol uchun, mas‘ullarning internetni nazorat etish urinishlari Malayziyada keskin qarshilikka uchragandi.

"Oson bo‘lmaydi"

Tahlilchilarga ko‘ra, "Salamworld" dunyo bo‘ylab musulmonlar orasida ommalashib ketgan taqdirda ham, uning Facebookka bas kelishi oson bo‘lmaydi.

Alexa internet axborot shirkatiga ko‘ra, hozir "Salamworld" sinovdan o‘tkazilayotgan barcha davlatlarda Facebook eng ommabop ijtimoiy muloqot tarmog‘i sanaladi.

Deylik, Malayziyada aksariyat do‘stlari bilan muloqot qilish uchun ularga qo‘ng‘iroq qilishning o‘rniga Facebookdan foydalnishni afzal bilisharkan.

Ammo "Salamworld"ning Facebookka muqobil ijtimoiy muloqot tarmog‘i bo‘lishi shart ekaniga qattiq ishongan Osiyo-Tinch ummoni bo‘yicha rahbari Salom Suleymanovni bu zarracha xavotirga solayotgani yo‘q.

"Balki, mening fikrimga uncha ko‘pchilik qo‘shilmas, ammo so‘z 1.5 milliardga yaqin musulmon haqida ketarkan, bu anchagina katta raqam", deb aytgan Suleymanov janoblari.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.