BBC navigation

"Biz Azimjon Asqarovning ishini kuzatishda davom etamiz"

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2012 - 11:20 GMT

Yaqinlariga ko‘ra, Azimjon Asqarov tergov paytida qiynoqlarga solingan

Front Line Defenders jamg‘armasi vakillariga ko‘ra, Qirg‘izistonda bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan o‘zbek inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning ishi yuzasidan risoladagidek tergov olib borilmagan.

Jamg‘arma bo‘limi rahbari Adam Shapiroga ko‘ra, "Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi qiynoqlarga oid shikoyatlar, sud jarayoni noodatiy shart-sharoitlarda va adolatsiz kechganiga oid turli xil hisobotlarga e‘tibor bermagan".

Front Line Defenders butun dunyo bo‘ylab huquqbonlarning himoyasini ta‘minlash yo‘lida ish olib boradi.

Jamg‘arma xodimlari kecha Qirg‘izistonga to‘qqiz kunlik safarlarini yakunlashgan va o‘z tashriflari chog‘ida Azimjon Asqarovning ishini ham ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ularga ko‘ra, o‘z safarlari natijalari haqida albatta hisobot tayyorlash niyatidalar.

Azimjon Asqarov Qirg‘iziston janubida yuz bergan 2010 yilgi etnik zo‘ravonliklar chog‘ida millatlararo adovat qo‘zg‘ash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va bir militsiya xodimini o‘ldirishda aybdor, deb topilib, ikki yil avval bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Orada huquq himoyachisining o‘zining begunoh ekanini aytib, mahkama hukmi yuzasidan qilgan qator shikoyatlari qondirilmagan va qator xalqaro tashkilotlarining uni ozod etishga oid da‘vatlari ham samarasiz qolmoqda.

Inson haqlari faollariga ko‘ra, Azimjon Asqarov o‘z faoliyati va millati o‘zbek ekanligi bois jazolangan, xolos.

Janob Shapiroga ko‘ra, koloniyaga borib, Azimjon Asqarovning o‘zi bilan suhbatlashishgan va huquq himoyachisining qamoqda tutib turilishi holatining huquqiy tomonlarini gaplashib olishgan.

Jamg‘arma xodimlari Azimjon Asqarovning ayoli va turli amaldorlar bilan ham uchrashganliklarini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, xuddi safarlari arafasida bo‘lgani kabi, yakunida ham Qirg‘izistondan birtalay bejavob savollar bilan qaytishmoqda.
Adam Shapironing aytishicha, Azimjon Asqarov ishi huquqiy tomonlama shaffof bo‘lmagan.

Janob Shapironing ta‘kidlashicha, qirg‘izistonlik huquq himoyachisining ishi adolatli ko‘rib chiqilishi va yangi dalillar inobatga olinishini kuzatib borishda davom etishadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.