BBC navigation

Ahmadjon Odilov. Chorak asr tutqunlikda

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 11:17 GMT

Ahmadjon Odilov degan nomni birinchi marta eshitganimda 11 yoshda edim.

Yomon ko‘rgan odamlarini tiriklayin asfaltning tagiga ko‘mdirib yuborgan, dushmanlari uchun shaxsiy zindon qurdirgan, Amir Temurning tillalarini topib, yashirgan va yana Xitoygami, Ko‘hi Qofgami olib boradigan yer osti yo‘lini qurdirgan shafqatsiz hukmdor haqidagi qobus - qo‘rqinchli hikoyalar edi eshitganlarim.

Bu kabi mish-mishlarni ko‘pincha kunduzi o‘ynab charchagan bolalar to‘p-to‘p bo‘lib, shom qorong‘usida gaplashardik va men uyga yetib olgunimcha dahshat ichida qaltirardim. Keyinroq bu hikoyalarning ba‘zilari haqiqat ekanini aytgan hujjatli film namoyish etildi. Yana markaziy televideniye orqali sud zalidan reportaj berilgan va temir panjara ichida turgan Odilovning SSSR Bosh prokuraturasi qoralovchisiga "menga o‘zbekcha gapir, men o‘rischangni tushunmayman" deganini ko‘rsatishgandi.

O‘sha paytlar rahmatli dadam Odilov haqidagi bir voqeani qulog‘imga pichirlab aytib bergan edilar. O‘zlarining aytishlaricha, kolxozda entemolog agronom bo‘lib ishlagan dadamlarni 1970-yillarda rayondan o‘zaro tekshiruv komissiyasi boshlig‘i qilib Popga, Ahmadjon Odilovning Agrosanoat Birlashmasiga yuborishadi. Ularni dala shiyponida 10 ta qo‘y so‘yib kutib olgan Odilov uch kun davomida komissiya a‘zolarini paykalga qo‘ymaydi. "Bir kep qopsizlar-da, avval mehmon bo‘linglar, keyin ish" deydi. Shu zayl dadalarim butun Ittifoqqa dong‘i ketgan Odilovning gapini qaytarolmay, uch kun shiyponda yotib, ziyofat qilishadi va g‘o‘zalarni oralamay, qaytib keladilar. Dadam bu voqeani eslarkanlar, men Odilovning ularda yaxshi taassurot qoldirganini sezganman.

Hozir, oradan 28 yil o‘tib, dadamlardan qolgan ana shu xotirani 86 yoshli Ahmadjon otaga aytib berarkanman, u kishi kulib, "otangizga balli" deya hanuz baquvvat qo‘llari bilan yelkamni siqib qo‘yadi. "Bunaqasi ko‘p bo‘lgan, komissiyalar ziyofatga kelishardi", - deydi Ahmadjon ota.

Ma‘lumot uchun:Ahmadjon Odilov. 1925 yilda Namangan viloyati, Pop tumanining G‘urumsaroy qishlog‘ida tug‘ilgan.Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Ikki marta Lenin mukofoti sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, SSSR Oliy Soveti deputati, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining a‘zosi. U asos solgan Pop agrosanoat Birlashmasi 14 sovxoz va 17 ta korxonani o‘z ichiga olgan. Unga qarashli 373 ming gektar ekin yer va yaylovlarda 40 mingdan ortiq kishi mehnat qilgan. 1983 yilda KPSSning eng yuqori organi- Politbyuro Ahmadjon Odilovning tajribasini butun Sovetlar Ittifoqi bo‘ylab yoyish haqida qaror qabul qiladi. Rossiya va boshqa ittifoqdosh o‘lkalarda APOlar tashkil etish boshlanadi. Ammo ko‘p o‘tmay, 1984 yilning 13 avgustida Ahmadjon Odilov va uning oila-a‘zolari hibsga olinadi. Ayoli va keksa onasidan tashqari hamma qamoqqa tashlanadi. Shundan so‘ng Ahmadjon Odilovning qariyb chorak asrga cho‘zilgan tutqunlik davri boshlanadi...

Ukasi, marhum Muhsin Odilovning 1991 yil 24 aprelda, SSSR Oliy Sudi majlisida aytgan so‘zidan: "Akam umrini yashab bo‘lgan sotsializmni yakson qilib, uning o‘rniga porloq kelajak-demokratik kapitalizm qurgan".

G‘urumsaroydagi baland devorlar bilan o‘ralgan, aylana atrofi uy, katta va shinam, sovet davri uchun muhtasham bo‘lgan hovlisidagi so‘rida suhbatlashib o‘tirarkanmiz, Ahmadjon otaning o‘zi o‘sha davr haqida "Brejnev va Rashidovga yaqinligim uchun it azobini berishdi", - deydi. Ammo uning ohangida nolish yo‘q, u shunchaki faktlar haqida gapiradi. "Chap ko‘zimni Butirkada chiqarishdi. Men ham prokurorga musht tushirib, ko‘zini chiqardim", derkan, o‘ziga qo‘ysa hozir ham urishga tayyordek qo‘lini shiddat bilan musht qilib ko‘rsatadi. 86 yoshida qo‘llari qattiq va baquvvatligini so‘rashganda, ahyon-ahyonda otalarcha mehribonlik bilan qo‘lim va yelkamni ushlab, qisganida qayta-qayta his qilaman...

Tungi suhbat

Marhum adib Shukur Holmirzayevning talabalik yillarimda o‘qigan "Yashil Niva" degan hikoyasi bor. Qayta qurish yillarida yozilgan bu hikoya Ahmadjon Odilov haqida deb ishoniladi. Unda dovon osha vodiyga safar qilgan institut domlasi qizil jigulisida yo‘lni shiddat bilan kesib chiqqan yashil "Niva"ga duch keladi. Yashil "Niva"ning ichida kim borligi aytilmaydi, ammo unda shu hududning, dovon pastida yastanib yotgan bepoyon dala-yu yerlarning hujayini ketayotgani ma‘lum. Hech bir mashina undan o‘tib ketishga jur‘at qilmaydi, uni hech kim yaqinroq borib, ta‘qib ham qilolmaydi. Faqat orqadan, tahlika ichida kuzatishga majbur... Yashil "Niva" imillab yuradi, domla esa undan o‘tib ketolmaydi. Xotini va bolalari "sizga nima bo‘ldi?. Yursangiz-chi?" deb xarxasha qilishadi. Ammo domla yashil "Niva"ning ta‘rifini eshitgan, oshib o‘tsa, yo‘q bo‘lib ketishdan qo‘rqadi. Kutilmaganda, yashil "Niva" qirdan o‘tib, g‘oyib bo‘ladi.Postda domlani militsiya to‘xtatadi va hujjatlarni ko‘rgach, "xo‘jayin odobli bola ekan, dedilar", deya xushmuomalalik bilan kuzatadi. Qaytishda xuddi shu postda uni yana to‘xtatishadi. "Xo‘jayin yaxshi yuribtilarmi?" deb so‘raydi domla, ammo militsiya xodimi "Xo‘jayin ke-etdi, - deydi.
- Qayoqqa?
- Ketadigan joyiga... Tushundingizmi? Kecha partiyadan o‘chirildi. Bugun ishdan olindi".

Ammo qo‘qqisdan yo‘lda yana yashil "Niva"ga duch kelgan domla beixtiyor sekinlaydi.
"Hali-hamon shahar ko‘chalaridami, ovloq joylardami - yashil “Niva”ni ko‘rsam, yuragim orqamga tortib ketadi.
Nega bunday? Aqlim yetmaydi", deb yozadi adib.

Avgust oyining so‘nggi kunlari, shom qorong‘usida o‘sha mashhur G‘urumsaroy qishlog‘ining paxtazor va jo‘xorizor dalalari o‘rtasidan o‘tgan asfalt yo‘ldan eski tanishim bilan mashina haydab borarkanman, nimagadir ana shu hikoyani esladim. Nainki boshqa dalalar, balki rayon markazlarida ham uchramaydigan bunday silliq asfalt yo‘llar ehtimol, o‘sha yashil "Niva" yurishi uchun qurilgandir, deb o‘ylayman. Hozir yashil "Niva" yo‘q, uning o‘sha hammaning yuragiga tahlika solgan qudratli xo‘jayini esa meni uyida kutib o‘tiribdi. Ammo yuragimda tahlika bor. Bu tahlika yozuvchi "sadqai tilga olish ketsin" deya nomini atamagan "diktator amaldor"dan emas. "Kimdir kuzatayotgan bo‘lsa-chi, suhbatimiz amalga oshmay qolsa-chi..." deya xavotirlanaman. Qorong‘uda adoqsiz dalalarning ichida adashamiz. Yo‘l bor, ammo manzil aniq emas. Hamrohim telefonda qayerdan burilishni so‘raydi. "Shiypondan o‘tib, o‘ngga qayrilasizlar", degan ovozni eshitaman. Ammo shiyponni topolmaymiz va dala tugagan joydan "nima bo‘lsa, bo‘ldi", deya katta ko‘chaga qarab yo‘l solamiz. Bir necha daqiqa o‘tib, to‘xtaymiz. "Ana ota, deydi eski tanishim, - o‘zi ko‘chada kutib turibdi". Mashinani yo‘lning bu betidagi panaroq joyga, daraxtning tagiga to‘xtatarkan, chap yonimga qarab, darvozaga razm solaman. Darvoza oldida uzun bo‘yli, 86 yoshli mo‘ysafidga o‘xshamagan, qaddi tik va sabrsizlanayotgandek u yoq bu yoqqa borib kelayotgan kishi ko‘rinadi. Ahmadjon Odilov...

"24 yil qamoqda o‘tirgan bo‘lsam, qanaqasiga muddatidan avval ozod qiladi? "

Ahmadjon Odilov

Ahmadjon aka meni hovli ichkarisida qarshi oladi. Qo‘llarini katta ochib, bag‘riga bosganida suyaklarim qisirlab ketganini eshitaman. "Pahlavonmisiz?"- deydi. "Ha ota, ammo sizchalik pahlavonmasman", deyman. Hovli o‘rtasidagi so‘riga tomon boshlarkan, Ahmadjon ota, qo‘llarimdan mahkam ushlagancha boradi. Gapirganda, to‘xtatib, yuzini men tomonga to‘la burib, boshini biroz orqaga tashlab, sinchkov nazar tashlab gapiradi. Harakatlari shunchalik shiddatliki, har to‘xtaganda, mening bo‘ynimni ham o‘zi tomonga burib qo‘yayotgandek tuyuladi. G‘ira-shirada ko‘zoynagi ortidan chap ko‘zining yumilib qolganini ko‘raman. To‘g‘rirog‘i, ko‘zning o‘rnida hech narsa yo‘q. O‘ng ko‘zi aftidan xiraroq ko‘radi, ko‘zoynagi qalin. Qadamlarini ehtiyot bo‘lib bosadi, ammo shahdam... Hamrohimning aytishicha, u kishi jismoniy tarbiyani kanda qilmaydi, har kuni 750 marta o‘tirib turar, tosh ko‘tarar ekanlar.
"Siz bu yoqdan o‘tiring", deya meni so‘riga o‘tqizadi ota va o‘zi yerdagi stulni men tomonga yaqinroq tortib, o‘tiradi. Qo‘lini fotihaga katta ochadi. "Ey olamlarning parvardigori, shu yerda uch kishi bo‘lsak, to‘rtinchisi san, so‘zimdan adashtirma. Nimaiki so‘ragan bo‘lsam, hammasini berding, berayapsan, o‘zingdan o‘zgaga muhtoj qilma". So‘ngra stulning suyanchig‘iga keng yelkalarini to‘la tashlab o‘tiradi. "BBCni eshitaman. BBC bizga kerak. Buyuk Britaniya bizga kerak. Mamlakatni asrashimiz kerak. Xalq bir ko‘chaga chiqsa, to‘xtatib bo‘lmaydi. Yegipetni ko‘rayapsiz", -deydi u va keyin mendan "qancha vaqtingiz bor?" deb so‘raydi. Men Ahmadjon ota bilan uchrashuvimiz ro‘yobga chiqishiga unchalik ishonmaganim uchun bolalarni ham mashinaga o‘tqazib, Toshkentga yo‘l olgan va ularni dovon boshlanishida ovqatlanish uchun qoldirgan edim. Qorong‘uda, tog‘ yo‘lida bolalardan xavotirlanganim uchun "yarim soat" deb aytdim. Ota bugungi amaldorlarning noinsofligi-yu, notavonligidan so‘z boshlaydi. "Dolinada yaxshi kadr qolmadi, hammasi shiraga yopishgan pashshaday amaliga yopishib olgan. Xalqni o‘ylaydiganlar yo‘q. Bu ketishda odamlarning sabr kosasi to‘lishi aniq. Ammo xalq ko‘chaga chiqsa, yomon bo‘ladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak". Keyin hovlining baland devorlarini ko‘rsatib, "eshikni qulflasam, mana shu devordan oshib tushayapti. Eri ursa ham mening oldimga keladi. Nima qilish kerak?. Men ko‘chaga chiqmayman. Chiqsam,birontasini so‘kib yo urib qo‘yaman", -deya yozg‘iradi Ahmadjon ota. Keyin birinchi marta qamalishi, ko‘zini urib chiqarishgani, ammo o‘zining ham bo‘sh kelmay, prokuror va tergovchini urib, "basharasini yorgani"ni haqida gapiradi. "270 tom, 47 ming betlik jinoyat ishi. Hammasi turibdi, bironta joyda aybni bo‘ynimga qo‘yolgani yo‘q. To‘qqiz marta zaharlandim, ammo o‘lmadim", - deydi.

24 yil umri qamoqda o‘tganini aytarkan, yuzida ham, so‘zida ham mahzunlik sezilmaydi, aksiga, baralla ovozda, ko‘tarinkilik bilan gapiradi. Har gapirganda qo‘llarini paxsa qilib, tepaga ko‘taradi. So‘zlarida qasos ohangi bor. Odatda Ahmadjon otaning yoshidagilar, balki undan ancha yoshroq odamlar ham o‘tmishdagi xotiralari-yu, ko‘rgan-kechirganlari bilan andarmon bo‘lib qolishadi. U kishiday qahramon bo‘lsalar-ku, qo‘yavering. Ammo Ahmadjon Odilov va‘z o‘qimaydi, nasihat qilmaydi. Suhbatdoshiga tengqurday gapiradi. Nigohlarini qorong‘u osmonga qadaydi, o‘tmish haqida gapiradi-yu, so‘zlari kelajakka o‘q bo‘lib otilayotgandek... "Mamlakatga yaxshi kadrlar kerak. Lenin bobo aytmoqchi, kadrlar bizning oltin fondimiz", - deydi-yu, "necha yoshdasiz?" deb so‘raydi. "O‘ttiz to‘qqiz", deyman. "Ayni yoshdasiz!", - deydilar. Garchi keksaliklaridan ba‘zan-ba‘zan toliqqanlari sezilsa-da, so‘zlari ravon, bo‘linmaydi. Xotira tiniq. Odamlar haqida gapirarkan, ikki jumlada, qisqa ta‘rif beradilar...
"Karimov bizning pullarimizni Moskovga tashigan odamlarning pomoshnigi bo‘lgan", - deydilar.
"Qamoqdan ozod qilishlari uchun biron shart qo‘yishdimi?", - deb so‘rayman.
"Bir parcha qog‘ozni tutqazishdi, - deydi Ahmadjon ota. "Muddatidan avval ozod qilinganim uchun Prezidentga minnatdorchilik bildiraman", deb yozilgan ekan. Imzo qo‘yib bering, deyishdi. Men qog‘ozni otib yubordim. 24 yil o‘tirgan bo‘lsam, qanaqasiga muddatidan avval ozod qiladi?"..

Keyin yana xalqning ahvoli haqida gapiradilar. "Bular eplolmayapti, - deydilar. Yangi, yaxshi kadrlar kerak". Mening savollarim ko‘p, ammo so‘zlarini bo‘lgim kelmaydi. "Brejnev bilan Kremlda ichib o‘tirib, ish bitirganmiz. Bir kelishda Hovos stantsiyasiga "Ahmadjon Odilovga" deb 360 mingta truba kelgan. Hammasining aktlari qo‘limda turibdi. Ammo biz qamalgandan keyin hamma yoqni xarob qildi bular, rasvo qildi...".

Suhbatimiz tugamaydi, ammo Ahmadjon ota suhbatning mavzuyi va pafosini ushlab turgan kabi reglamentni ham qat‘iy ushlaydilar. "Qani, to‘nni opchiq, deya mening eski tanishimga qaraydilar. Zarbof to‘n, baxmal do‘ppi va pichoq. Men hijolat qilaman. Kelarkan, yo‘ldan sovg‘a-salom olamiz, deganimda hamrohim "Ahmadjon ota sovg‘a olmaydi, xafa bo‘ladi", degandi. Bazo‘r to‘rtta non olishga ko‘ndirgan edim. "Mana bu to‘nni Samarqanddan aziz mehmonlarga deb oldirib kelganman, hijolat qilmang",- deydilar. Keyin dastasi xanjarnikiga o‘xshab ishlangan pichoqni charm g‘ilofdan chiqaradilar. Pichoqqa "Na pamyatь ot Axmadjona Adilova" deb yozilgan. Meni kuzatarkan, qachon ketishimni so‘raydilar. Men "bayramdan keyin" deb javob beraman va suhbatlariga to‘ymaganimni aytaman. "Bo‘lmasa, ketguningizcha ikki yarim soat vaqt ajratasiz, yana gaplashamiz", deydilar. Men mehmondorchilik uchun tashakkur bildiraman va yana ziyoratlariga kelishimni aytaman. Siz bilan suratga tushsak bo‘ladimi, deb so‘rayman mezbondan. U kishi rozi bo‘ladi. Qorong‘uda mobil telefonimda suratga tushiraman. Darvozadan kuzatarkan, "yosh 86 ga bordi, yana qancha umr bor, Olloh biladi", deydilar. Men "Olloh nasib qilsa, 90 yillik to‘ylaringizga kelamiz", deyman. "Shunaqa deysiz-ku, ammo men shoshayapman-da", deydi u kishi quvlik bilan. Keyin qabristonlarni obod qilish bilan shug‘ullanayotganlarini aytib, "mayli, bu haqida kelganingizda gaplashamiz", - deya bizni kuzatib qo‘yadilar...

"Milliy qahramon"

Mustaqillik bayramining ertasi kuni yana eski tanishimni olib, G‘urumsaroyga yo‘l olamiz. Ahmadjon ota yana bizni darvoza oldida qarshi oladilar. Yana o‘sha samimiyat bilan bag‘irlariga bosadilar. Men Ahmadjon Odilov bilan birinchi uchrashuvimizda u kishini juda ham qarib, qartayib qolgan, qatag‘onlarni ko‘raverib, zada bo‘lgan va jurnalistlarga xush bermaydigan bir kishi sifatida tasavvur qilgan edim. Bir qo‘llarini olib, izn bersalar, suratga tushamiz, deb orzu qilgan edim. Ammo ikkinchi tashrifimizda u kishining bardam va baquvvatligidan, fikr va zehnda bo‘lsa ham hanuz faolliklaridan, hech mubolag‘asiz, O‘zbekistonning tomiri qanday urishini his qilishlaridan ta‘sirlangan va ruhlangan edim. Hech qursa, kelajak uchun so‘zlarini yozib olish umidi paydo bo‘lgan edi.

Ahmadjon Odilovning aytishicha, Sharof Rashidov uni "diplomat emassiz" deb koyigan

Ammo bu safar biz yolg‘iz emas edik. Toshkentdan u kishining to‘ng‘ich o‘g‘li Anvar aka va Ahmadjon Odilov sho‘ro davridagi mahalliy rahbarlardan birining o‘g‘li ekanini aytgan yana bir mehmon kelishgandi. Ahmadjon otaning aytishicha, o‘g‘li Anvar Odilov SSSR KGB sida ishlagan va u qamalganidan keyin bo‘shatib yuborilgan. Men Anvar akaning ham, narigi mehmonning ham bizning tashrifimizdan quvonmaganliklarini sezib turardim. Shunday bo‘lsa ham, Ahmadjon otaga maqsadimni suhbatimizning boshidayoq aytdim. "Bu narsa kerak, deb so‘z boshladilar u kishi. Ammo mana bular, deya Anvar akaga ishora qildi Ahmadjon ota, menga "gapirmang", deydi. Men siqilib ketayapman. Ichimdagi g‘azab chiqib ketmayapti. Bular Karimovni maqtab qo‘ying, deydi. Ammo men uni maqtasam, Ahmadjon Odilov bo‘lmayman-ku!. Shunday qilish kerakki, obro‘ tushmasin, bolalarga ham qiyin bo‘lmasin. Shularni o‘ylab, jim o‘tiribman. Ammo bular shunga arziydimi?. Qani siz ayting-chi?", deb menga yuzlanadi u kishi. Men farzandlarining oldida o‘zimni biroz noqulay sezaman. Balki Ahmadjon akani ham farzandlari oldida noqulay ahvolga qo‘ygandirman. Ammo o‘z vaqtida sovet matbuotining diqqat markazida bo‘lgan Ahmadjon Odilov jurnalistning vazifasini yaxshi tushunar edi. "Jurnalist va yozuvchilar muhim odamlar" degan edi avvalgi suhbatimizda u. Biz intervyuni kelajakka qoldirdik, ammo suhbatimiz davom etdi.

"Yaxshiyam shu itim bor", - dedi u kishi dumini likillatib, oyog‘iga suykalayotgan qora iti-Bushga. "Bush, kampirim va men, mana shu uch kishimiz, xolos. Ba‘zan kimdan alamimni olishni bilmay, kampirimga jahl qilaman. U ham meni yaxshi ko‘radi, bir yarim kun arazlaydi, ammo uxlab qolgan paytim, oyog‘imni bir turtkilab, o‘tib ketadi. Shu bilan yarashamiz".
O‘zining aytishicha, Sharof Rashidov uni diplomat bo‘lmagani uchun tanqid qilar ekan.
"Sharof aka meni "diplomat emassiz" deb urushar edi. Men "diplomat, bu yolg‘onchi degani-ku", derdim. Hozir ham diplomat emasman".
Suhbat davomida Ahmadjon ota hozirda qabristonlarni obod etish bilan shug‘ullanayotgani, o‘zining qabri ham tayyorligini aytdi. "Pensiyamdan va bolalarning yordamidan o‘zimizning qabristonga 8 million so‘m sarfladim. Boshqa qabristonlarni ham obod qilamiz. Pul topamiz. Pullarimiz ko‘p, ammo biz pulsiz ham ish bitiraveramiz". Eski tanishimning aytishicha, Ahmadjon otaning odamlarga o‘z vaqtida bergan pullari bor ekan. Yaqinda shulardan bittasini topib, "o‘sha paytdagi hisob bo‘yicha qarzing 40 ming dollar bo‘ladi. Yarmisidan kechdim. Ammo yarmisini qabristonga berasan. Masjidga pul kerakmas", - degan.

Ahmadjon ota qabristonlarni obod qilish haqida o‘limini kutib yotgan bir qariyaday emas, balki endi kuchga to‘lgan va yeng shimarib, yangi, muhim bir loyihani amalga oshirishga kirishgan rahbarday gapiradi. Uning 86 yoshidagi g‘ayrati, shijoati-yu vajohati oldida uncha-muncha ishning, uncha-muncha odamning dosh berishi qiyin. Yarim tunda Ahmadjon Odilov bilan xayrlashib, Toshkentga yo‘l olarkanman, uning 40 yoshida qanday bo‘lganini o‘zimcha tasavvur qilishga urinaman. Yana Shukur Holmirzayevning "Yashil Niva" hikoyasi yodimga tushadi. Hikoyada nomi tilga olinmagan Odilov "diktator" deya qoralangan bo‘lsa-da, 1991 yilda o‘zbek yozuvchilarining qurultoyi Odil Yoqubov va Muhammad Solih raisligida Ahmadjon Odilovni bir ovozdan "Milliy Qahramon" deya e‘lon qilgan edi. Ammo bugun mahalliy diktator haqidagi o‘sha hikoyani qayta o‘qirkanman, undagi hamma narsaning ham eskirmaganiga amin bo‘laman.

"Toshkent ham tinchini yo‘qotgan...
Bizda esa Bag‘doddagidek osoyishtalik.
To‘g‘ri, bizdayam "diktator arbob"larga qarshi chiqishlar bo‘p turardi: shundayam azob-u kamsitishlar jonidan o‘tib suyagiga yetganlar...
Qurbaqani bossang ham, "vaq" deydi-ku?"...

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.