BBC navigation

O‘zbekiston Islomiy Harakatining yaqin ittifoqchisi "qora ro‘yxat"ga tushadi

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 13:09 GMT

Amerika Qo‘shma Shtatlari Pokistonda joylashgan va afg‘on urushining "asosiy ijrochi"laridan bo‘lgan "Haqqoniy" jangari tarmog‘ini "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga qo‘shishga qaror qilgan.

Amerika tomoni Haqqoniy guruhini eng ashaddiy raqiblaridan biri sanaydi va rahbari Jaloliddin Haqqoniy boshiga 5 million dollar mukofot puli ham tikkan.

Amerikada chop etiluvchi "Nyu York Tayms" gazetining xabar berishicha, bu haqdagi qarorning bugun e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Amerikalik mulozimlar ushbu masalani bir oydan beri muhokama etib kelishayotgandi.

Ammo mintaqadagi asosiy ittifoqchilari bo‘lgan Pokiston bilan so‘nggi yillarda turli sabablar tufayli hassoslashib qolgan aloqalarini izdan chiqarishdan hadiksirashayotgandi.

Biroq, so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, kecha tunda ushbu qaror tarafdorlarining qo‘llari baland kelgan.

Ularga ko‘ra, "Haqqoniy" tarmog‘ini "Terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritish - guruhning Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridan moliyaviy dastak olishlarini qiyinlashtiradi.

Amerika tomoni keksayib qolgan Jaloliddin Haqqoniy boshchilik qiluvchi va uzoq yillar Pokiston, Saudiya Arabistoni Josuslik Xizmatlari, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodin bilan hamkorlik qilib kelgan "Haqqoniy" tarmog‘ini Afg‘onistondagi eng jangari isyonchi guruhlardan biri sifatida ko‘radi.

"Nyu York Tayms" gazeti bergan bahoga qaralsa, Haqqoniylar jangarilikdan tashqari, odam o‘g‘irlash, ta‘magirlik va giyohvand moddalarning noqonuniy kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi butunboshli imperiyani barpo etgan shafqatsiz bilan oiladir.

Pokistonlik tahlilchilar O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining aksariyati ham so‘nggi yillarda "Haqqoniy" tarmog‘i panohi ostida faoliyat yuritib kelayotganliklarini aytishadi.

Tarmoq Afg‘onistondagi Tolibon harakati bilan ham yaqindan hamkorlik qiladi.

Rasmiy Vashington "Haqqoniy" tarmog‘ini Afg‘onistondagi qo‘shinlariga qarshi halokatli hujumlar uyushtirishda ayblab, Pokiston hukumatini ularning boshpanalarini yo‘q etishga undab keladi.

Guruhning rasman "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritilishi esa, Pokiston hukumatiga ushbu bosimlarni yanada kuchaytiradi.

Ammo, tahlilchilarga ko‘ra, tarmoqning aksariyat liderlari allaqachon yakka holda "qora ro‘yxat"ga kiritilganliklari bois, so‘nggi qarorning amaldagi samarasi sezilarsiz bo‘lishi mumkin.

Yaqinda matbuotda AQSh tomonining "Haqqoniy" jangari guruhi a‘zolari bilan maxfiy muzokaralar olib borishganiga oid xabarlar ham chiqqandi.

Tarmoqqa qarshi jang

Agar rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, xalqaro ittifoq kuchlari birgina o‘tgan yilning o‘zida afg‘on askarlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston sharqida "Haqqoniy" tarmog‘iga qarshi besh yuzdan ortiq harbiy amaliyot uyushtirishgan.

Tarmoqning kamida 20 rahbari o‘ldirilgani va yana bir yarim mingga yaqin a‘zosi hibsga olingani xabar qilinadi.

"Haqqoniy" tarmog‘i Tolibon bilan bir safda Afg‘onistonda jang olib borayotgan uchta yirik isyonkor guruhdan biri, ammo eng xatarlisi sanaladi.

Guruhning Afg‘onistonga xudkushlik hujumlarini olib kirgan va qator shov-shuvli hujumlar ortida turgani ishoniladi.

Yaqinda tarmoq rahbarlaridan Sirojiddin Haqqoniy endilikda Pokistonda boshpana topishlariga hojat qolmagani, Afg‘onistonda bemalol faoliyat olib borishayotganini bayon qilgandi.

Pokiston rasmiylari "Haqqoniy" tarmog‘i Afg‘onistonda tashkil topgan guruh, deyishadi.

Biroq vaziyatni yaxshi biladigan jurnalistlarga ko‘ra, tashkilotning Pokistonda chuqur ildizlari bor.

Bu esa, ko‘p yillar davomida bu tarmoqning Pokiston Josuslik xizmatlari bilan aloqasi bor, degan gap-so‘zlar tarqalishiga olib kelgan.

Bu ayblovlarni rasmiy Islomobod butkul rad etadi.

"Haqqoniy" tarmog‘iga qirq yilcha burun, Afg‘onistonning sobiq Sho‘rolar Ittifoqi tomonidan ishg‘oli paytida asos solingani aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.