BBC navigation

"Men qizlarimni 3 AQSh dollariga sotganim yo‘q..."

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 16:45 GMT

Matbuotdagi xabarlarda Purnimaning o‘z qizlarini bor-yo‘g‘i 3 AQSh dollariga sotib yuborgani aytilgandi

Hindistonlik beva ayolning aytishicha, boqolmagani sabab, uch qizini birovlarga berib yuborishga qaror qilgan.

Matbuotdagi xabarlarda esa, Purnimaning o‘z qizlarini bor-yo‘g‘i 3 AQSh dollariga sotib yuborgani aytilgandi.

35 yoshlarda bo‘lgan ayolgina, hatto, o‘zining qachon tug‘ilganini ham bilmaydi. Ammo, unga ko‘ra, hayoti oson bo‘lmagan.

Purnimaning aytishicha, qizlarining boshiga ham o‘zi ko‘rgan qora kunlar tushmasligi uchun uncha-muncha onaning dosh bermaydigan bir qarorga keladi.

Menga bolalarini qanday qilib begonalarga berib yuborganini aytar ekan, hatto, ovozi ham titramaydi.

Men undan matbuotda chop etilgan xabarlar haqida so‘rarkanman, Purnimaning ohangi birdan o‘zgaradi.

"Men hech qachon o‘z bolamni sotmayman va bunday qilmagan bo‘lardim. Men risoladagidek yedirib, ichirishlari, tarbiyalashlari uchun ularni yaxshi oilalarga berdim", deydi u.

Matbuotda chop etilgan xabarlar ortidan, mas‘ullar bu ishga aralashib, Piya, Sapriya va Romani oyisiga qaytarishga muvaffaq bo‘lishadi.

Hozir to‘rttovlon Kalkutta yaqinidagi Bijoyganjda tashkil etilgan boshpanada yashashadi.

Ammo men ahvoli qanchalik nochor bo‘lganiga qaramay, bu ayolning bolalarini begonalarga o‘z qo‘llari bilan berib yuborganiga hech ishongim kelmaydi.

"Eng yomon qaror"

Hozir to‘rttovlon Kalkutta yaqinidagi boshpanada yashashadi

100 dan ortiq xotin-qiz va o‘ttizga yaqin bolakayga g‘amxo‘rlik qilayotgan boshpana mas‘ullaridan bo‘lgan Annapurna Gosh esa, bu kabi voqealardan hayratlanmasligini aytadi.

"Hayot odamlarni qanday kuylarga solmaydi. Purnima chorasiz ahvolda bo‘lgan. Shuning uchun ham uncha-muncha onaning ko‘ngli chidolmaydigan eng ayanchli qarorga kelgan", deydi u.

Men yana Purnimani suhbatga tortib, kechmishlari bilan qiziqaman.

U ancha vaqt miq etmaydi. Hayotini xotirasiga jamlashga urinarkan, ichidagi og‘riq yuzlariga ko‘chadi.

Purnimaning aytishicha, o‘zidan ancha yoshi katta erkakka turmushga chiqadi. Eri esa, aroqxo‘r ekan.

"Men va bolalarimning boshi tinimsiz kaltakdan chiqmasdi", deydi u.

Oxiri bo‘lmagach, Purnima qizlari bilan uyidan bosh olib chiqib ketadi. Yaqindagi shahardan boshpana topadi.

Ammo puli tugab, u yerni ham tark etishga majbur bo‘ladi va chorasizlikdan, bolalari bilan temir yo‘l bekatida yashay boshlaydi.

Suhbatdoshimga ko‘ra, shunda Gori Holder degan ayol kelib, Sapriyasini o‘zlariga berishini so‘raydi.

Purnima ilojsizlikdan uning taklifini qabul qilganini aytadi.

Ertasi kuni esa, qolgan ikki qizini ham begonalarga berib yuboradi.

"Qizlaring rosa yig‘lashgandir?", degan savolimga, "Yo‘q", deb javob beradi.

"Ikkita katta qizim g‘ing ham deyishmadi. Ammo kichkinasini o‘yin, deb aldadik", deydi u.

Qizlarini birovlar olib ketgach, Purnima Kalkuttaga ketib, bir mehmonxonaga idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib yollanadi.

Ammo kasal bo‘lib qolgach, yana platformaga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu yerda esa, uni o‘z bolalarini sotganlikda ayblashadi.

Odam savdosi

Qizlar yana yarim yilgacha onalari bilan yashashga imkonli bo‘lishdi

G‘arbiy Bengalning chekka qishloq hududlarida odamlarning noqonuniy savdosi keng tarqalgan.

Mahalliy mulozimlardan biri Raxibur Rahmon, "Hindistonning qashshoq mintaqalari bo‘ylab safar qilarkan, ota-onalari, hatto, 12 yoshli bolalarini ham sotib yuborishayotganiga guvoh bo‘lgani"ni aytadi.

Unga ko‘ra, ulardan aksariyati o‘z hayotlarini fohishaxonalarda yakunlashadi.

Men mulozimdan, "Purnima ham bolalarini sotganmi?", deb so‘rayman. U hech ikkilanmay, "Yo‘q", deydi.

"Agar u qizlarini sotib yuborgan bo‘lganida, biz ularni hech qachon topolmasdik. Ular izsiz bedarak ketishardi".

Men Purnima bilan uchrashgan chog‘imda, negadir qizlariga ko‘zim tushmadi.

Ayon bo‘lishicha, mas‘ullar ularni o‘zlari bilan birga olib ketishibdi.

Ammo kechga yaqin Bolalarning Huquqlarini Himoya etish qo‘mitasidan ijobiy xabar keladi.

Qizlarning yana yarim yilgacha onalari bilan yashashlariga ruxsat berishibdi.

Men ularning ichidan eng gapdoni bo‘lgan Sapriyadan, "Xursandmisan?", deb so‘rayman.

"Men o‘z oilamni juda yaxshi ko‘raman. Oyim va singillarim bilan birga bo‘lishga nima yetsin", deydi u.

Lekin Purnimaning bunga ishonchi komil emas. Uning aytishicha, qizlari yaxshiroq hayotga loyiq.

Bu yerga kelishimdan avval agar ortida pul turmagan bo‘lsa, qaysi ona o‘z xohishi bilan bolasini birovga beradi, deb o‘ylagandim.

Ammo, ortga qaytarkanman, negadir, Purnimaning ahvolida bo‘lsam, men ham shunday qilgan bo‘larmidim, degan xayolga bordim...

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.