BBC navigation

Shahzoda Garri Afg‘onistonda xizmat qiladi

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 15:29 GMT

Shahzoda Garri bundan oldin ham Afg‘onistonda xizmat qilgan

Qirolicha Yelizavetaning nevarasi "Apach" tikucharining sardori sifatida Afg‘onistonda harbiy xizmatini boshlagan.

Britaniya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, shahzoda Garri to‘rt oy mobaynida Afg‘onistonda jangovor harakatlarni olib boradi.

Shahzoda Garri payshanba kechqurun Helmand viloyatidagi Britaniya kuchlariga qarashli Kemp-Bastion harbiy bazasiga yetib borgan.

Otasi va akasidan keyin Britaniya taxtiga da‘vogar shahzoda Garri Tolibonga qarshi janglarda ishtirok etadi.

Shu maqsadda yil boshida Britaniya va Amerikada harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, "Apach" tikucharining uchuvchisi maqomiga ega bo‘lgan.

2007-2008 yillarda shahzoda Garri Helmand viloyatida 10 hafta davomida harbiy xizmatni o‘tagan. Uning Afg‘onistonda ekanligi matbuotga chiqib, ko‘pchilikka oshkor bo‘lganidan so‘ng Britaniyaga qaytarilgan edi.

Shahzoda Garridan oldin qirollik oilasidan oxirgi marta uning amakisi shahzoda Endryu Folklenddagi jangovor harakatlarda qatnashgan.

Britaniya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, "Apach" tikucharlari yaxshi himoyalangan.

Tolibon "Apach" tikucharlardan birini urib tushirganini aytgan.

Biroq Britaniya kuchlari Afg‘onistonda mavjud 67 ta tikucharlaridan hali birortasini yo‘qotmagan.

"Apach" tikucharining asosiy maqsadi tanklarni topish va ularni yo‘qotish hisoblanadi.

Tikucharlar raketa, reaktiv snaryad va pulemyotlar bilan qurollangan.

Afg‘onistondan Britaniya qo‘shinlarini olib chiqilishi oldidan shahzoda katta kuch bilan Afg‘onistonga qaytgani xabar qilingan.

Britaniya Mudofaa vazirligi aytishicha, Uelьs shahzodasiga yaratilgan sharoitlar uning xizmatdoshlarinikidan unchalik ham farq qilmaydi.

Shahzoda bir xizmatdoshi bilan birga yuk konteynerida yashashi belgilangan.

Harbiy bazada kapitan Garri spirtli ichimlik ichishi mumkin emas, bo‘sh vaqtida futbol, bilyard va stol tennisi o‘ynab dam olsa bo‘ladi.

Avgust oyi oxirida Sun ro‘znomasida shahzoda Garrining Las Vegasdagi dam olishda tushgan surati turli fikr-bahslarga sabab bo‘lgan edi.

Garrining himoyachilari bu kabi suratlarning bosilishini uning shaxsiy hayotiga daxl qilish deb ogohlantirganlar.

Shahzoda Garri buvisi qirolicha Yelizaveta 2 nomidan ham turli rasmiy tadbirlarda qatnashib keladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.