BBC navigation

Yaqinda janglarga sahna bo‘lgan Xorug‘ga yana yuzlab askarlar yuborilgan

Сўнгги янгиланиш 7 сентябр 2012 - 12:34 GMT

Xorug‘ yaqinda hukumat kuchlarining keng ko‘lamli harbiy amaliyotlariga sahna bo‘lgandi

Tojikistondan olingan xabarlarga ko‘ra, rasmiylar so‘nggi kunlarda Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyati markazi Xorug‘ga yana yuzlab maxsus militsiya bo‘linmalari, milliy xavfsizlik kuchlari va prezident gvardiyasi a‘zolarini yuborishmoqda.

U yerdagi muxbirlarimiz imkonli bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, shu haftaning ikki kuni ichida mintaqaga yana 300 dan ortiq askar tashlangan.

Shu yil iyul oyida Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining mahalliy rahbari general Abdullo Nazarovning o‘ldirilishi ortidan viloyat bir necha ming askar ishtirokidagi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarga sahna bo‘lgandi.

Rasmiy xabarlarda ushbu amaliyotlar oqibatida o‘ndan ortiq hukumat askari, 30 jangari va bir tinch fuqaro halok bo‘lgani aytilgandi.

Norasmiy manbalarda esa, o‘ldirilganlar soni ikki yuzdan oshiq ekani va ulardan yarmi tinch fuqarolar bo‘lishgani da‘vo qilingandi.

Tojikiston hukumati generalining o‘limida hududda yashovchi Tojik muxolifatining sobiq dala qo‘mondoni Tolibbek Ayyombekovni ayblab chiqqandi.

Ikki oydan beri Xorug‘ shahrida bo‘lgan Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Xayrulloyevning aytishicha, bu gal safarbar etilayotgan harbiylar mintaqaga safari chog‘ida mamlakat prezidenti Imomali Rahmonning xavfsizligini ta‘minlashadi.

Tojikistonda bo‘lgan muxbirimiz Iskandar Firuzga ko‘ra, prezident Rahmon tez kunlarda Xorug‘ga safar qilishni rejalamoqda.

"Prezident Rahmonning Xorug‘ shahrining 80 yillik tantanalarida ishtirok etish uchun aslida o‘tgan avgust oyining o‘rtalarida Tog‘li-Badaxshonga tashrif buyurishi kutilgandi. Ammo viloyatda yuz bergan voqealar ortidan, tantanalar ortga surilib ketdi", deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, so‘nggi paytlarda mamlakat rahbarining biror bir mintaqaga safari oldidan haddan ziyod xavfsizlik choralari ko‘rilishi odat tusini olgan.

Muxbirimizning aytishicha, hukumat kuchlari va noqonuniy qurolli guruhlar orasida yuz berayotgan to‘qnashuvlar mas‘ullarni bu kabi xatti-harakatlarga undamoqda.

Shahar aholisi nima deydi?

Hukumat mintaqa aholisi bilan erishilgan sulhu madoraga oid bitimni bir necha bor buzgani uchun, mahalliy aholi so‘nggi safarbarlikka ham ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmoqda ekan.

Chunki shunday holatlarning birida Badaxshonning norasmiy liderlaridan biri Imomnazar Imomnazarov o‘ldirilgandi.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, mas‘ullar bu gal hech qanaqangi harbiy amaliyotlar bo‘lmasligi va shahardagi vaziyat o‘z nazoratlari ostida ekanini aytishgan.

Muxbirimiz Iskandar Firuz ham Xorug‘dagi manbalariga tayanib, shaharda barcha xizmatlar faoliyat ko‘rsatayotgani, xavotirlanishga asos berishi mumkin bo‘lgan biror bir holat yo‘q, deydi.

"Tojikiston Bosh prokuraturasi xodimlari o‘z tergovlarini davom ettirishmoqda. Ammo na-da noqonuniy qurolli guruhlar va na-da hukumat kuchlari tomonidan vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin bo‘lgan biror bir amalga qo‘l urilayotgani yo‘q", deydi muxbirimiz.

Uning aytishicha, hozir ham mintaqada uch mingdan ortiq hukumat kuchlari hozir.

Muxbirimizga ko‘ra, Tojikiston Mudofaa vazirligi buning sababini Xitoy va Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaralarining muhofazasi uchun zarurligi bilan izohlamoqda.

Yaqinda Afg‘oniston ommaviy-axborot vositalarida Afg‘onistonning aynan Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon mintaqasida yetmishga yaqin "Al-Qoida" jangarisi to‘planganiga oid xabarlar paydo bo‘lgandi.

Jangarilarning Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Checheniston fuqarolari ekanliklari, ayrim xabarlarda ularning oralarida Tolibbek Ayyombekovning jangarilari ham borligi aytilgandi.

Ammo, muxbirimizning aytishicha, Tojik tomoni ushbu xabarlarni hozircha sharhlamagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.