BBC navigation

Sunnatni taqiqlashdan norozi yahudiy va musulmonlar birlashgan

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 13:39 GMT

Musulmonlarga ko‘ra, Ovro‘poda so‘nggi yillari Islomga qarshi kayfiyatlar kuchaygan

Bir necha oy oldin Kyolnda yashovchi musulmon bolakayni sunnat qilish amali noto‘g‘ri ketib, uning ahvoli yomonlashadi.

Ayni ishni ko‘rib chiqqan mahkama esa xatna amalini bolaga qarshi jismoniy hujumga tenglashtiradi.

Shu asno Kyoln mintaqasida bolalarni sunnat qilish amali jinoiy harakat, deb e‘lon qilindi.

Endilikda butun Olmoniya bo‘ylab ko‘plab shifokorlar jinoyatchiga chiqib qolmaslik xavotirida yahudiy va musulmon bolalarni sunnat qilishdan bosh tortishayotir.

Olmoniya hukumati o‘g‘il bolalar sunnatini qonuniylashtirmoqchi. Biroq shu kunlarda Bavariyada bir ravvin yahudiy bolalarni sunnat qilgani uchun tergov qilinayapti, degan xabarlar yuzaga kelgan.

Bundan g‘azablangan musulmonlar va yahudiylar birlashib, namoyishga chiqqanlar.

Olmoniyadagi so‘nggi taqiqlar xalqaro miqyosda qattiq tanqidlarga tutilayapti. Ayniqsa, musulmon va yahudiy nazdida, bu kabi taqiqlar aslida ularning dinlariga qarshi qaratilgan harakatdir.

Yahudiylar va musulmonlar uchun o‘g‘il bolalarni xatna qildirish - dinda buyurilgan sunnat amallaridan biri.

Sunnatni ma‘n etish esa ko‘p millionli musulmonlar va yahudiylar yashovchi Olmoniyada dinlararo keskin ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin degan xavotirlar bor.

Buning ustiga, Ovro‘poning yirik mamlakati bo‘lmish Olmoniyadagi har qanday yangilik qo‘shni davlatlariga ham ta‘sir etishi mumkinligi aytiladi.

Frantsiya, Britaniya va Italiyada ham ko‘p millionli musulmon jamoalari bor.

Halol va kosher vahshiylikmi?

Olmoniya uchun yahudiy diniy amallarini taqiqlash harakati aslida hassos masala. Ikkinchi Jahon Urushi davrida nemis-fashistlari Ovro‘po bo‘ylab millionlab yahudiylarni qirg‘inbarot qilishgan.

Bu qatliomlardan tirik qolgan insonlar hamon hayot. Shu bois Ovro‘poda yahudiylik buyurgan amallarni taqiqlashga intilish harakati yahudiylarda yangicha xavotirlarni yuzaga keltirishi tabiiy.

Ayni damda, Ovro‘poning ko‘p millionli musulmonlari ham keyingi yillari, xususan, AQShdagi 11 sentyabr hujumlari ortidan Islom va musulmonlarga qarshi adovatli qarashlar hamda bu din buyurgan farz va sunnatlarin taqiqlashga intilish harakatlari kuchayganinini aytishadi.

Frantsiya, masalan, o‘zining dunyovif respublika maqomini ro‘kach qilib, maktablarda diniy ramzlarni ma‘n etdi. Shu asno, minglab hijobli talabalar ro‘mollarini yechish majburiyati ostida qolishdi.

Frantsiya, shuningdek, jamoat joylarida yuzni to‘sib turuvchi diniy niqob taqishni ham taqiqlagan. Ayrim arab ayollari va aksar Islomga kirgan frantsuz xotinlari yuzini yashiradigan bu kabi niqobni esa mamlakat bo‘ylab nari borsa 2 ming ayol taqar ekan.

Oldinroq esa Gollandiya kabi mamlakatlarda yahudiylarning kosher va musulmonlarning halol go‘shtlarini taqiqlash kerak, degan chaqiriqlar yangragandi. Bundayin taqiq tarafdorlariga ko‘ra, jonivorni halol va yo kosher yo‘lida so‘yish vahshiylik. Chunki bu jarayon uzoqqa cho‘ziladi va hayvon juda aziyat chekadi.

Olmoniyada esa endi sunnatning bolaga ham ruhiy, ham jismoniy zarar yetkazishi haqida bahslar kuchaymoqda.

Biroq BMT olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘g‘il bolalarni sunnat qilish - gigiyena uchun o‘ta foydali.

Xususan, kesilmagan erkakka solishtirganda, xatna qilingan erkakning SPIDga yetaklovchi VICh virusini yuqtirish ehtimoli 50% kamdir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.