BBC navigation

Islom Karimov: "Mintaqada urush chiqishi mumkin"

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 14:15 GMT

Tojikistonning Rog‘un GESini tiklash rejasi qo‘shni O‘zbekiston bilan o‘rtadagi ilimiliq munosabatlarni yanada sovuqlashtirmoqda

"Vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafakat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimoli bor" - degan Qozog‘istonga rasmiy safar bilan borgan Islom Karimov.

O‘zbekiston prezidenti bu gaplarni Tojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib aytgan.

"Shu uchun chegaralar osha o‘tadigan daryolar masalasida biz jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq solishimiz kerak".

O‘zbekiston prezidenti elektr ishlab chiqarish uchun yirik GESlar va ularni ishlatadigan ulkan suv to‘g‘onlari qurayotgan Qirg‘iziston hamda Tojikistonga murojaat qilib, Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimlarida joylashgan qo‘shni mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishga chaqirgan.

"Bu daryolar bo‘yida joylashgan barcha davlatlarning roziligi har qanday kelishuvning asosiy sharti bo‘lishi kerak" - deb aytgan Prezident Karimov.
Islom Karimovning ayni ogohlantirishi ortidan Ovro‘po Ittifoqi vakili Markaziy Osiyodagi suv muammolarini o‘zaro hamkorlikda yechishga chaqirib chiqdi.

"Biz Markaziy Osiyo davlatlariga suv muammosini yechishda yordam beramiz" - degan Qibrisga borgan Ovro‘po Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Ketrin Ashton.

Uning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi neftь va gazga boy Markaziy Osiyo barqaror bo‘lishidan manfaatdordir.

Ammo Markaziy Osiyoning ikki yirik daryosi boshlanadigan Tojikiston hamda Qirg‘iziston gaz yo neft manbalariga ega emas. Biroq bu ikkolvon suv manbalariga boy.

Suvsizlik va zilzila xavfi

Bishkek ham, Dushanbe ham hozir Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan daryolarga to‘g‘on tashlab, Qambarota va Rog‘un GESlarini qurishga kirishganlar.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

Buning ustiga, Amudaryo suvi tortilgach, Xorazm, Buxoro va Qoraqalpog‘istondagi ekologik vaziyat yanada yomonlashib ketish borasida ham xavotirlar mavjud.

Biroq Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari ulkan GESlar qurilishi O‘zbekistonni suvsiz qoldirmaydi, deyishadi. Shuningdek, ehtimoliy zilzila zarari borasidagi xavotirlarini ham rad etishadi.

Ayni damda, Amudaryo boshlanishida joylashgan Afg‘oniston shimolida ham nisbatan tinchlik o‘rnatilib, qishloq xo‘jaligi qayta jonlana boshlarkan, afg‘onistonliklar sug‘orish uchun ko‘proq suv ola boshlashadi va hozirgacha O‘zbekiston hamda Turkmaniston ishlatib kelayotgan suv miqdori yanada tortiladi, degan hadiklar bor.

Xalqaro mutaxassislarga ko‘ra, mintaqadagi davlatlarning xavotir va da‘volarini obdon o‘rganib chiqish va bu kabi ulkan loyihalarning kelajakda qanday oqibatlarga yetaklashini xolisona tadqiq etish lozim.

Tahlilchilarning o‘ylashicha, hozir Rossiya ham, G‘arb ham o‘z manfaatlariga mos tarzda siyosiy o‘yinlar olib borish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yuzaga chiqayotgan "suv mojarolarini" ishga solishlari ehtimollaridan ehtiyot bo‘lish kerak.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.