BBC navigation

London 2012: O‘zbekiston Paralimpiada O‘yinlarini bitta medal bilan yakunladi

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 14:27 GMT

O‘zbekiston XIV London Yozgi Paralimpiada O‘yinlarini bitta kumush medali bilan yakunladi.

Dzyudochisi Sharif Xalilov qo‘lga kiritgan medal O‘zbekiston Paralimpiya tarixida hozircha yagonasi va bu galgi O‘yinlarda Markaziy Osiyo hisobidagi birginasi bo‘ladigan bo‘ldi.

O‘zbekistondan tashqari qolgan mintaqa davlatlari London Yozgi Paralimpiya O‘yinlarini biror bir sovrinsiz yakunlashdi.

O‘yinlarning tantanali yopilish marosimi London sharqidagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tdi.

"Olov festivali" deb nomlangan tadbirni 80.000 tomoshabin bevosita stadionning o‘zidan turib tomosha qildi.

Londondagi O‘yinlar xalqaro Paralimpiya tarixida eng yirigi bo‘lgan va unda dunyoning 165 davlatidan to‘rt mingdan ortiq sportchi ishtirok etgandi.

O‘zbekiston esa, O‘yinlarda Markaziy Osiyodan eng katta sondagi, ya‘ni 10 ta sportchisi bilan qatnashdi.

O‘zbekistonlik paralimpiyachilar O‘yinlarda to‘rt sport turi - yengil atletika, suzish, pauerlifting va dzyudo bo‘yicha kurash olib borishdi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, biror bir sovrinli o‘rin olisholmagan esa-da, ulardan aksariyati o‘z sport turlari bo‘yicha dunyoning eng yuqori o‘nligi saflaridan joy olishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘zbekistonlik suzuvchi Kirill Pankov Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, yadro uloqtirish musobaqalarida Husniddin Norbekov yuqori to‘rtlikka kirdi.

Sharif Xalilov, Kirill Pankov va Husniddin Norbekovlar qator Paraosiyo O‘yinlari va xalqaro turnirlarning oltin, kumush va bronza medallari sohiblari ham sanalishadi.

London Paralimpiya O‘yinlarida MDH davlatlari orasidan eng yaxshi ko‘rsatkichni esa, Rossiya qayd etti.

Rossiyalik paralimpiyachilar ja‘mi 102 medal bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Latviya va O‘zbekistondan tashqari, qolgan MDH davlatlari Londondan quruq ketadigan bo‘lishdi.

Ikki hafta davom etgan O‘yinlarda ja‘mi 231 ta medal olishga muvaffaq bo‘lgan Xitoy esa, medallar jadvalining peshqadamiga aylandi.

Medallar uchun kurashda ularning asosiy raqiblari bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari esa, bor-yo‘g‘i oltinchi o‘rin bilan kifolayanishga majbur bo‘lishdi.

Londondagisi o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ishtirok etgan uchinchi Yozgi Paralimpiya O‘yinlari bo‘ldi.

O‘zbekiston bundan avval 2004 yilgi Afina va 2008 yilgi Pekin Paralimpiya O‘yinlarida ishtirok etgan.

Ammo o‘zbekistonlik paralimpiyachilar Londondagi O‘yinlarga qadar biror bir sovrinli o‘rinni qo‘lga kirita olishmagandi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bundan bir necha hafta burun bo‘lib o‘tgan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini bir oltin va uch bronza medal bilan yakunlab, dunyoning ikki yuzdan ortiq davlati ichidan 47-o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonlik paralimpiyachilar esa, hisoblaridagi bitta kumush medali bilan medallar jadvalida 67-o‘rinni egallashdi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.