BBC navigation

Londondagi Paralimpiada ushbu sportchilarga nisbatan munosabatni o‘zgartiradimi?

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 14:54 GMT

Paralimpiada O‘yinlarining yopilish marosimi "Olov festivali" deb ataldi.

Londondagi studiya tipidagi mehmonxonadagi kichkinagina xonada naq peshanamning tepasida osig‘liq televizor ishdan borishim bilan 4 chi kanalga to‘g‘rilanadi.

Har kuni kechki payt ushbu kanal paralimpiada o‘yinlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritadi. Paralimpiada o‘yinlari shu darajada rang barang va jozibador shaklda olib ko‘rsatildiki, sportchilarni hech ham imkoniyati cheklangan, biror joyida kamchiligi bor deb tasavvur qilmaysiz.

Oyoqlariga hali o‘zbekcha nomi o‘ylab topilmagan sun‘iy oyoq kiyib olgan sportchilarning yugurishini qarang. Ularning o‘qdek uchishini ko‘rib, sal qolsa shunaqa oyoqqa havas qilib qolganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz.

Yoki ko‘zlari bog‘liq holda to‘pni ko‘rib turgandek u yog‘idan bu yog‘iga o‘ynatayotgan brazil futbolchisining fintlarini ko‘rgan boshlovchi "Bekxem bu o‘yinni ko‘rib tan berib yuborardi", deb yubordi.

To‘rt muchasi sog‘larning ichida hali suzishni bilmaydiganlar topiladigan bir vaqtda, ikki qo‘li tubidan yo‘q bo‘lgan ukrainalik suzuvchining murabbiyi yordamida suvga sho‘ng‘ishi aks etgan surat London matbuotini larzaga soldi deyish mumkin.

Paralalimpiada o‘yinlari Britaniya matbuotida shu darajada keng yoritildiki, jamiyatda ushbu musobaqa tufayli dunyoda imkoniyati cheklanganlarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgaradimi degan muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Natijalar uzoq kuttirgani yo‘q. O‘yinlar munosabati bilan Londonda imkoniyati cheklanganlarning harakatlanishi borasida sharoitlar ko‘paygani e‘tirof etilmoqda.

Biroq o‘yinlar markazidan sharqqa qarab uzoqlasharkansan, hali bu borada juda ham katta o‘zgarishlar qilinishi lozimligini ko‘rinadi.

Dunyoning boshqa davlatlari kabi Markaziy Osiyo respublikalarida ham imkoniyati cheklangan odamlar va ushbu sport turiga nisbatan ikkinchi darajali qarashni kuzatish mumkin.

Olimpiada o‘yinlarini bir necha kanallar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri olib ko‘rsatgan Qozog‘iston, paralimpiada o‘yinlarini deyarli olib ko‘rsatmadi. Faqat yangiliklarda ushbu musobaqa haqida biroz xabar berildi xolos.

Ukrainalik suzuvchining Laroslav Yeryomenkoning suvga sho‘ng‘ishi aks etgan surat London matbuotini larzaga soldi deyish mumkin.

O‘zbekistonning "Sport" kanali o‘yinlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatmagan bo‘lsa-da, yozib olgan holda tomoshabinlar e‘tiboriga havola qilgani quvonarli. Biroq telekanal jurnalisti yoritish uchun Londonga kelmagani paralimpiadaga yetarli e‘tibor berilmayotganidan darak beradi.

Yana bir jihati O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligi o‘z mabuot kotibini Londonga yubordi va u o‘yinlar haqida batafsil maqolalarni vazirlik saytida joylab bordi.

Olimpiada vaqtida Markaziy Osiyo davlatlariga asosiy medallarni olib kelgan sportchilar asli boshqa davlat fuqarolari bo‘lgandi. Olimpiada orqali shon sharafga erishishni ko‘zlagan davlatlar ushbu sportchilarni katta pullar va harakatlar evaziga o‘z yonlariga olgan bo‘lsa, paralimpiada o‘yinlarida bunday harakatlarni kuzatmaysiz.

Sportchilarning soniga qaraydigan bo‘lsangiz ham ushbu o‘yinlarga nisbatan munosabat oydinlashadi. O‘zbekiston 10, Qozog‘iston 7 nafar sportchi bilan qatnashgan. Turkmanistonda undan ham kamroq 5 sportchi kelgan. Tojikiston va Qirg‘iziston sharafini esa Afg‘oniston kabi bittadan sportchi himoya qildi.

Markaziy Osiyodan kelgan 24 sportchining orasida faqatgina o‘zbekistonlik Sharif Xalilov kumush medal olishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekistonda rasmiy ma‘lumotlarda 30 mingdan ortiq imkoniyati cheklangan odam sport bilan shug‘ullanishi aytiladi. 30 mingning ichidan 10 tagina sportchining Londonga kelishi juda ham kamligi bildiriladi.

E‘tiborli tomoni shundaki O‘zbekistondan ham va Markaziy Osiyoning yana bir yetakchi davlati Qozog‘istondan ham jamoaviy o‘yinchilar kelmagan. Ya‘ni o‘tirib volleybol o‘ynash, futbol, basketbol kabi turlardan birorta ham jamoa kelgani yo‘q.

Sababi ushbu sport turlari ko‘p harajatli bo‘lishi bilan birga bittagina natijani qo‘lga kiritishi mumkin. Jamoalarning evaziga bir necha turda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yengil atletchilarga ko‘proq e‘tibor beriladi.

Chunki ushbu sportchilarga kamroq harajat ketadi va ular bilan ko‘proq medallarni qo‘lga kiritish mumkin.

Sobiq sho‘ro davlatlariga xos bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham sportga siyosiy ochko yig‘ish vositasi kabi qaraladi.

Sharif Xalilovning kumush medal olib O‘zbekiston nomining yana bir bor chiqishga hissa qo‘shishi mamlakatda ushbu sport turiga nisbatan munosabatning ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.