BBC navigation

Tolibon "hurliqolari" NATOga qarshi Facebookni ishga solishmoqda

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 14:05 GMT

Xorijiy askarlar Feysbukda do‘stlashgan "Tolibon sohibjamollariga" ko‘p sirlarni ochib qo‘yishmoqda

Egnida yengsiz va harir oq nimcha kiyib olgan yosh sohibjamol qiz o‘zini avstraliyalik, deb tanishtaradi. U Afg‘onistonda xizmat qilayotgan hamyurt askarlari bilan internet orqali do‘st bo‘lishni istaydi.

Feysbukdagi bu qiz - so‘nggi paytlari internet muloqot tarmog‘ida ko‘paygan va yuzlab xorijiy askarlar hushini o‘g‘irlayotgan go‘zallardan biri.

Ammo aslida Feysbuk sohibjamollari ortida Tolibon isyonkorlari turishadi.

Britaniyada chop etiladigan Sunday Telegraph nashriga ko‘ra, Tolibon jangarilari sohibjamol qiz qiyofasida askarlar bilan do‘st tutinib, ularning ishonchiga kirishmoqda va o‘zlariga kerakli josuslik ma‘lumotlarini to‘plashayotir.

Masalan, qachon va qanday aksilisyonkorlik amaliyoti o‘tkazilishi haqida askarlardan savollar so‘rashadi.

Shu qatorda, internetni ishga solib, askarlar qayerda joylashgani borasida ham bilib olishadi.

Bu yoqda esa, askarlarning hech gapdan bexabar qarindoshu do‘stlari Feysbukda o‘zaro maxfiy va yo oilaviy sirlarini bo‘lashib, hamma narsani Tolibonga oshkor etib qo‘yishmoqda.

Joriy oyda 3 nafar Avstraliya askari o‘zlari joylashgan baza ichkarisida go‘yoki yangi ishga kelgan afg‘on tarafidan o‘ldirildi.

Hozir askarlar Feysbukdagi go‘zallardan ehtiyot bo‘lishga chaqirilmoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, ba‘zan jurnalistlar, josuslik xizmatlari va mana endi isyonkorlar ham internetda o‘zlarini soxta sohibjamollar va yo do‘stlar sifatida tanishtirib, kerakli ma‘lumotlarni qo‘lga kiritishga intilayaptilar.

Ma‘lum bo‘lishicha, Afg‘onistonda xizmat qilayotgan xorijiy askarlarning aksarisi internetdagi muloqot vebsahifalaridan yetadigan xavf-xatardan ogoh emas.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.