BBC navigation

O‘zbekistonda bozorlar to‘g‘risida yangi qoidalar e‘lon qilingan

Сўнгги янгиланиш 10 сентябр 2012 - 12:32 GMT

Qarorga asosan, endi bozorlarda pul ayirboshlash shahobchalaridan tashqari horij valyutasini sotish taqiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 253-sonli qarori bilan O‘zbekistonda bozorlar va savdo majmualari faoliyatini tashkil etish qoidalari tasdiqlangan.

Belgilangan qoidalarga binoan, dehqon bozori, chorva, parranda va boshqa hayvonlar bilan savdo qiluvchi bozor, shuningdek buyumlar bozori alohida bo‘lishi va yozuvlar bilan ko‘rsatib qo‘yilishi aytilmoqda.

Qarorda ko‘rsatilishicha, bundan buyon respublikadagi bozorlar hududi elektr bilan yoritilganligi, atrofi to‘silganligi, bozorga kirish va chiqish joylari bo‘lishi kerakligi, savdo rastalari raqamlanganligiga e‘tibor qaratiladi.

Bozor hududidagi e‘lonlar davlat tilida yozib qo‘yilishi ham ta‘kidlangan.

Savdo majmualari va bozorlarda belgilangandan tashqari qo‘shimcha savdo joylarini tashkil etish, shuningdek konteynerlar, avtomashinalardan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish mumkin emas.

Shuningdek, alkogol ichimliklarni, qimmatbaho taqinchoqlar va buyumlarni, audio-video yozuvlar, kompyuter dasturlari, dori vositalarini bozor savdo nuqtalaridan tashqarida sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bozorda 1,2 metrdan ortiq joyni egallagan kishi qo‘shimcha haq to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, o‘ziga tegishli joyni boshqa kishiga savdo qilish uchun berib turishi qonunga zidligi ta‘kidlangan.

Qoidaga binoan, tadbirkorlardan ijara to‘lovlari va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank tizimi orqali avtomatlashtirilgan hisob yo‘li bilan olinadi.

Bunda yig‘imning to‘liqligi davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan har kuni tekshirib borilishi aytilgan.

Shunisi e‘tiborliki, qarorga asosan bundan buyon bozor hududida pul ayirboshlash shahobchalaridan tashqari horij valyutasini sotish taqiqlanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar esa, keltirgan import tovarlari va o‘zi tayyorlagan mahsulotlarni sotish huquqiga egaligi saqlanib qoladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.