BBC navigation

Liviyadagi norozilikda AQSh elchisi halok bo‘lgan

Сўнгги янгиланиш 12 сентябр 2012 - 12:26 GMT

Amerikada tasvirga olingan filьmdan g‘azablangan qurolli olomonning Beng‘ozi shahridagi hujumi oqibatida AQShning Liviyadagi elchisi halok bo‘lgan.

Liviyaning Beng‘ozi va Misr poytaxti Qohiradagi olomon Youtubeda e‘lon qilingan filmni Muhammad Payg‘ambarni haqoratlagan deganlar.

G‘azabnok olomon AQSh diplomatik idoralariga hujum qilganlar, Beng‘ozida halok bo‘lgan to‘rt AQSh rasmiysi orasida Liviyadagi elchi Kristofer Stevens ham bo‘lgan.

AQSh Davlat departamenti o‘z xodimining o‘limini tasdiqlagan, biroq uning nomini oshkor etmagan.

Beng‘ozida noma‘lum qurolli odamlar tunda Amerika Qo‘shma Shtatlari konsulliga bostirib kirganlar, binosi o‘qqa tutib granatalar otishgan.

Liviya xavfsizlik kuchlari hujumchilarga qarata o‘t ochishgan, biroq hujumchilar sonining qo‘riqchilardan ko‘p bo‘lgani xabar qilingan.

Qurollilar AQSh konsulligi binosiga o‘t qo‘yganlar.

Ayrim xabarlarda hujum qilganlarning "Ansorul-Sharia" brigadasi deb nomlangan guruh jangarilari bo‘lgani xabar qilingan, biroq guruh bu xabarlarni rad etgan.

Noroziliklarga sabab bo‘lgan filьmning 53 yoshli AQSh fuqarosi Sem Besil tomonidan tasvirga olingani, filьmni tarqatgan esa muhojir Misr nasroniy-koptlaridan biri bo‘lgan.

Ushbu ikki shaxsning aksilislomiy qarashdagi insonlar ekani aytiladi.

Kam byudjetli filьm treyleri arab tilidagi tarjimasi bilan e‘lon qilingan.

AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton e‘lon qilgan bayonotda Beng‘ozidagi hodisadan larzaga tushgani aytilgan.

"Ayrimlar ro‘y bergan voqeani Internetda e‘lon qilingan haqoratli materialga javob deya oqlamoqchi bo‘ladilar. AQSh boshqa insonlarning diniy tuyg‘ularini kamsitishning har qanday harakatini qoralaydi. Biroq shu narsani aniq qilib aytamanki, bunday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik harakatlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi", deyiladi AQSh Davlat kotibasi bayonotida.

Bi-bi-sining Tripolidagi muxbiri polkovnik Muammar Qaddofiyni qudratdan ag‘dargan harbiy amaliyotlardan keyin shu paytgacha ham odamlar qo‘lida ko‘p sondagi qurol-yarog‘ qolayotganini aytadi.

Qohiradagi norozilik

Beng‘ozidagi Amerika konsulligiga hujum Misr poytaxti Qohiradagi norozilik ortidan yuz bergan.

Filьmdan g‘azablangan olomon Qohira shahridagi AQSh elchixonasi binosiga bostirib kirganlar.

Namoyishchilar sonining minglab ekani xabar qilingan.

Ular 11 sentyabr hujumlarida halok bo‘lganlar xotirasiga tushirib qo‘yilgan AQSh bayrog‘ini yulib olib uning o‘rniga qora islomiy bayroq osib qo‘yganlari xabar qilingan.

Misrlik namoyishchilar so‘z erkinligi bahonasida Muhammad Payg‘ambar haqoratlanganini qoralaganlar.

Assoshiyeyted Press axborot agentligiga namoyishchilardan birining aytishicha, "Islom tahqirlanganiga qarshi norozilik namoyishida musulmonlar ham nasroniylar qatnashganlar".

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.