BBC navigation

Qirg‘iziston prezidenti: 'Suv ustidan urush chiqmaydi'

Сўнгги янгиланиш 12 сентябр 2012 - 12:02 GMT

Qirg‘iziston prezidenti suv ustidan mintaqada urush kelib chiqishi ehtimolini rad etadi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning suv ustidan mintaqada urush yuz berishi mumkinligiga oid bayonotiga ilk bor rasmiy munosabat bildirar ekan, Almazbek Atambayev bunday ehtimolni nazardan soqit etgan.

Islom Karimov shu oy boshida Qozog‘istonga qilgan rasmiy safari chog‘ida, "Suv bilan bog‘liq vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi mumkin", deya ogohlantirgandi.

O‘zbekiston prezidenti bu gaplarni Tojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib aytgan va chegaralarosha o‘tadigan daryolar masalasida jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq solishlari lozim"ligini ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston prezidenti elektr toki ishlab chiqarish uchun yirik GESlar va ularni ishlatadigan ulkan suv to‘g‘onlari qurayotgan Qirg‘iziston hamda Tojikistonga murojaat qilib, Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimlarida joylashgan qo‘shni mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishga chaqirgan.

Qirg‘iziston prezidentining bu xususdagi bayonoti janob Karimov chiqishidan qariyb bir hafta o‘tib yangragan.

Yangi qirg‘iz hukumatini qasamyodga keltirish marosimida ishtirok etish uchun mamlakat Oliy Kengashiga kelgan janob Atambayev suv muammosini Markaziy Osiyo davlatlari faqat o‘zaro birgalashib hal qilishlari mumkinligini aytgan.

Qirg‘iziston prezidentining bildirishicha, bu borada o‘zbekistonlik hamkasbiga tegishli takliflar yo‘llanib, joriy paytda ushbu mavzu muhokama ham etilmoqda.

Shu bilan birga, qirg‘iz rahbari, "Prezident Karimov bayonotida bironta davlatning nomi aniq tilga olinmagani, shu sababdan Qirg‘iziston uni shaxsan o‘ziga qaratilgandek qabul qilishi uchun asos yo‘q"ligini ham ta‘kidlagan.

Bishkek ham, Dushanbe ham hozir Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan daryolarga to‘g‘on tashlab, Qambarota va Rog‘un GESlarini qurishga kirishganlar.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

Eng keskin bayonot

Qozog‘istonda yangragan bayonot esa, O‘zbekiston rahbarining bu masalada qilingan eng keskin bayonoti sifatida ko‘rilgandi.

Mutaxassislar mojaroga mintaqada o‘z manfaatlariga ega bo‘lgan uchinchi davlatlarni ham tortishi mumkinligini inobatga olib, O‘zbekiston bu masalani bir tomonlama yechishga urinmasligini urg‘ulashadi.

Ular, o‘z o‘rnida, mintaqada katta ta‘sirga ega bo‘lgan Qozog‘iston ham ushbu masalani o‘zaro nizolarga bormasdan, tinch yo‘l bilan hal etish istagida ekanini aytishadi.

Ular O‘zbekiston yaqin-yaqingacha suv masalasini o‘zi o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, hal qilib kelgani, ammo hozirda vaziyat o‘zgarganini ta‘kidlashadi.

"Rasmiy Toshkent suv masalasida mintaqada hamisha ustun mavqe‘ni egallab kelgan. Islom Karimov esa, buyruq berish emas, balki hamma bilan teng muzokaralar stoliga o‘tirishni qabul qila olmayapti va hozirda agar bu muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, undan qanday chiqish yo‘llarini izlamoqda", deydi, jumladan, qozog‘istonlik suv masalalari bo‘yicha mutaxassis, mustaqil tahlilchi Oleg Sidorov.

Tahlilchiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Qozog‘istonga safar qilish bilan bu masalada rasmiy Ostonaning dastagini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

Uning ta‘kidlashicha, prezident Islom Karimov Qozog‘iston timsolida mintaqada suv zaxiralaridan oqilona foydalanishga oid muzokaralarda ittifoqchiga ega bo‘lishni istaydi.

Mahalliy kuzatuvchilar ushbu manzarada Qozog‘istonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan so‘nggi yillarda anchayin iliqlashib borayotgan munosabatlariga e‘tibor qaratishadi.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.