BBC navigation

O‘zbekiston: yana 8 kishi diniy-siyosiy ayblovlar bilan mahkamaga tortildi

Сўнгги янгиланиш 14 сентябр 2012 - 15:03 GMT

Toshkent viloyatida diniy ayblovlar bilan qo‘lga olingan 8 kishi ustidan mahkama jarayoni boshlangan.

Bu haqda xabar tarqatgan O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhiga ko‘ra, 3 ayol doxil ushbu insonlarning barchasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati yashovchilari bo‘lib, ularning barchasiga "Vahobiylik" oqimiga aloqadorlik ayblovi qo‘yilmoqda.

Guruh rahbari Surat Ikromovning bildirishicha, ayblanuvchilar 2012 yilning aprel-may oylarida qo‘lga olingan.

"Ularga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 216-moddasi (jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 244-1 (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish), 159 (konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinish) modda bilan ayb qo‘yilgan. Ayblov xulosasida asoslar aniq qilib ko‘rsatilmagan. Ma‘lum bo‘lishicha, ko‘pchiligi bir-birlariga u qadar yaqin ham bo‘lishmagan. Diniy oqimga tegishliligicha oid biron bir daliliy ashyo ayblov xulosalarining o‘zida yo‘q. Bu O‘zbekistonda 15 yildan beri davom etib kelayotgan mahkamalardan biri", - deydi Surat Ikromov.

Surat Ikromovga ko‘ra, mazkur mahkama jarayoni uch marta qoldirilgan va nihoyat 13 sentyabr kuni belgilangan vaqtidan kechikib boshlangan.

"Kecha Toshkent vaqti bilan 2:00 da belgilangan sudni 11 o‘tkazgan. Biron bir yaqin qarindoshlari, kuzatuvchilar, huquq himoyachilar kira olmagan", - deydi u.

"Pora evaziga diniy-siyosiy mahbuslarni ozod qilish imkonsiz"

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati diniy-siyosiy ayblovlar bilan qamalganlarni ozodlikka chiqarib berish va‘dasi bilan ularning yaqinlaridan pul olib yurgan guruh a‘zosini qo‘lga olgan.

Aytilishicha, tovlamachilar o‘zlarini mahbuslar yaqinlariga MXX xodimlari sifatida tanishtirishgan va xizmatlarini 300-500 AQSh dollari evaziga taklif qilishgan.

Xabarlarda jinoyat guruhining qo‘lga tushgan a‘zosi o‘rta yoshlardagi shaxs ekani va u avval ham sudlangan bo‘lgani yoziladi.

O‘zbekistonda minglab erkak va ayollar O‘zbekiston Jinoiy Kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-moddasiga (Ommaviy tartibsizliklar) binoan aybdor deb topilib, ko‘p yillarga ozodlikdan mahrum etilganlar.

O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamalgan odamlarning avf etilishi odatiy hol emas.

O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi o‘tgan 12 yil asnosidagi kuzatuvlari davomida diniy ayblovlar bilan qamalgan 7 mingga yaqin kishi borasida ma‘lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Guruh rahbari Surat Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda diniy-siyosiy motivlar bilan ozodlikdan mahrum etilganlarni pul yoki pora evaziga ham ozodlikka chiqarish hollari shu paytgacha kuzatilmagan voqelik.

"Biz anchadan beri kuzatib kelganmiz uchun ayta olaman, qamalganlarni, ayniqsa diniy-siyosiy ayblovlar bilan qamalganlarni biron bir pora bilan chiqarish imkonsiz ish. Hech qachon eshitmaganmiz. Lekin, xibsga olish paytlarida jinoiy ish hali qo‘zg‘atilmay turib, 10 kishidan bir yoki ikkitasi ozod qilingan hollari bor. Shuning uchun, aytmoqchimanki, bu faqat tovlamachilarning ishi", deydi Surat Ikromov.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.