BBC navigation

Islom mazax qilingan videoga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda

Сўнгги янгиланиш 17 сентябр 2012 - 13:54 GMT

Afg‘onistonda namoyishchilar avtomobillar va g‘ildiraklarni yoqib yuborishgan

Pokiston shimol-g‘arbida Amerikada ishlangan Islomni mazax qiluvchi filmga qarshi g‘azabnok namoyishlarning navbatdagi to‘lqinida bir inson otib o‘ldirilgan.

Afg‘oniston poytaxti Kobulda esa, mingga yaqin namoyishchi avtomobillarni yoqib yuborgan va politsiyaga qarata o‘q uzgan.

Mazkur norozilik chiqishlari chog‘i 40-50 politsiya xodimi tan jarohati olgan, ular orasida Kobul politsiya xizmati boshlig‘i Ayub Solongi ham bor. U namoyishlarni shunday tasvirlaydi:

"Norozilik chiqishi ishtirokchilari politsiyaga tosh otishdi. 40-50 nafarcha politsiya xodimi yengil jarohat oldi. Ammo, politsiya namoyishlar keng ko‘lamda yoyilishini oldini olishdi. Norozi olamon konteynerlar va politsiya avtomobillariga o‘t qo‘ydi", - deydi Ayub Solongi.

"Musulmonlarning gunohsizligi" deb nomlangan qo‘lbola videoga noroziliklar ko‘plab musulmon davlatlarda davom etmoqda.

Norozilik chiqishlari tarixchasi

11 sentyabr: Qohiradagi AQSh elchixonasi hujumga tutildi; g‘azabnok namoyishchilar Amerika bayorog‘ini yulib olishgan; Liviyaning Beng‘ozi shahrida Qo‘shma Shtatlar konsulligiga qarshi hujumlar amalga oshirilgan; AQSh elchisi Kris Stevenson va yana 3 diplomat o‘ldirilgandi.

12 sentyabr: Aksil Amerika namoyishlar qator Arab davlatlarida bo‘lib o‘tdi.

13 sentyabr: G‘azabnok olamon Yaman poytaxti Sanoda AQSh elchixonaga bostirib kirishgan, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar kelib chiqqan. Qohirada namoyishlar zo‘ravon tus olgan.

14 sentyabr: Norozilik namoyishlari dunyo bo‘ylab yoyilarkan, kamida 7 inson nobud bo‘lgan.

15 sentyabr: Tolibon NATOning Afg‘onistondagi Kemp Bastion bazasini hujumga tutgan; dengizchi kuchlardan 2 nafari o‘ldirilgan.

16 sentyabr: Pokistonda namoyishchilar va politsiya to‘qnasharkan, kamida bir inson hayotdan ko‘z yumgan; Ovro‘poning ayrim poytaxt shaharlarida ham namoyishlar tashkil etilgan. Hizbulloh rahbari Hasan Nasrullo Livanda bir haftalik norozilik chiqishlari tashkil etishga chaqirgan.

17 sentyabr: Norozilik chiqishlari Afg‘onistonda ham o‘t olgan; Kobulda politsiya boshlig‘i tan jarohati olgan.

Indoneziya poytaxti Jakartada yuzlab namoyishchilar Amerika elchixonasini qo‘lbola bombalar va toshlar bilan nishonga olishgan, AQSh bayrog‘ini yondirishgan.

Muxbirimizga ko‘ra, namoyishchilar Qo‘shma Shtatlar elchixonasiga kirishga urinishmagan, ammo aksilAmerika shiorlarni aytib qichqirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, ularning ko‘plari qattiqqo‘l Islomiy guruhlar tarafdorlaridir.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan va bir qator odamlarni hibsga olgan.

BBCning Jakartadagi muxbiriga ko‘ra, toshdan jarohat olgan bir politsiya xodimi shifoxonaga olib ketilgan.

Livanda Hizbulloh rahbari Shayx Hasan Nasrulloh bir haftalik noroziliklarga chaqirgan. Unga ko‘ra, namoyishlar faqat AQSh elchiliklariga qaratilmasligi lozim.

U musulmonlarni Arab va Islom dunyosi hukumatlarga filmni qoralash uchun bosim o‘tkazishga chaqirgan.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Muyrga ko‘ra, Hasan Nasrulloning chaqirig‘iga javoban tashkil etiladigan namoyishlar yirik bo‘lishi kutiladi, ammo zo‘ravon tus olmasligi mumkin.

"Hizbulloh tarafdorlari tartibli va Hasan Nasrullo ularga qonun doirasida amal qilishni aytgan", - deydi muxbirimiz.

Yaman poytaxti Sanoda yuzlab talabalar Qo‘shma Shtatlarning Yamandagi elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishga chaqirishgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.