BBC navigation

Qozog‘iston: Futbol uchrashuvi otishmaga sabab bo‘ldi, yaralanganlar bor

Сўнгги янгиланиш 17 сентябр 2012 - 13:32 GMT

Hozir qishloqni politsiya ma‘murlari qo‘riqlab turishgani aytiladi

Qozog‘iston janubidan olingan xabarlarga ko‘ra, Ko‘lkent qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan futbol uchrashuvi ortidan kelib chiqqan otishmada ikki kishi og‘ir yaralangan. Chimkent shahridagi kasalxonada yotgan bir yigitning ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgani aytilmoqda.

Sayram tumaniga qarashli Ko‘lkent (avvalgi nomi Qizilqishloq) qishlog‘i Chimkent shahridan 50 chaqirim shimoliy-sharqda joylashgan.

Ayon bo‘lishicha, ushbu hodisa o‘tgan hafta yuz bergan.

14 sentyabr kuni Kumushbuloq va Sovetskaya qishloqlaridan futbolchilar kelib, ko‘lkentlik yigitlar bilan to‘p surishadi.

Futbol bellashuvi chog‘ida ularning oralaridan gap qochib, bir-birlarini haqoratlashgacha boradi.

O‘yin tugagach, kumushbuloqlik futbolchilar o‘z uylariga qaytib ketishadi.

Ammo, mahalliy jurnalistlarning aytishlaricha, oradan biroz vaqt o‘tib, Ko‘lkentga ikkita nomersiz yengil mashinada qirqma miltiqlar bilan qurollangan yigitlar kelishadi.

Otishma

Ular mashinalar yuvish joyida turgan va futbol uchrashuviga umuman aloqasi bo‘lmagan yigitlarni kaltaklay boshlashadi. Mushtlashuv kelib chiqadi.

Xabarlarga ko‘ra, shundan so‘ng qirqma miltiqlar ishga tushadi. Kumushbuloqdan kelgan yigitlar ikki tengqo‘rlarini og‘ir yaralashadi.

O‘q ulardan birining oyog‘i va bo‘yni, boshqasining ko‘ziga tegadi.

Yaralangan yigitlarni dastlab Qorabuloqdagi 2-tuman kasalxonasiga olib ketishadi.

Qorabuloq kasalxonasida yaralanganlardanlardan birining ko‘zidan oqayotgan qonni to‘xtata olishmagach, uni Chimkent kasalxonasiga yuborishadi.

Olgan jarohati oqibatida uning ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgani aytilmoqda.

Hozir Ko‘lkent qishlog‘ini politsiya ma‘murlari qo‘riqlashmoqda.

Ko‘lkent qishlog‘ida asosan o‘zbeklarning istiqomat qilishi, qirqma miltiqlar bilan qurollanib kelgan yigitlar barchasining qozoqlar bo‘lgani aytilmoqda.

Mintaqadagi vaziyat

Mahalliy jurnalistlar so‘nggi paytlarda bu kabi hodisalar Janubiy Qozog‘istonning turli hududlarida kuzatilayotganini aytishadi.

Yaqinda Georgevka qishlog‘ida o‘zbek millatiga mansub odamlarning molxonalariga o‘t qo‘yilganiga oid xabarlar ham yuzaga chiqqandi.

So‘ngroq Iqon qishlog‘ida millatchilik zaminida janjallar bo‘lib o‘tgani, 10 dan ortiq kishi kasalxonaga tushganini ko‘rganlar bor...

Mahalliy kuzatuvchilar qozoq hukumati vaziyatni qattiq nazorat ostida ushlagani uchun ham bu kabi nizolar ommaviy tus olmayotgani, biroq vaziyat sal izdan chiqqudek bo‘lsa,

har ikki xalq vakillarini ushlab qolish qiyin bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Ularga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Qozog‘iston janubida milliy tanglik kuchayib borayotganini kuzatish mumkin.

Ayon bo‘lishicha, Qozog‘istonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasining oddiy xalqqa yetib bormayotgani mamlakat janubida ham kambag‘allik va ishsizlik hollarining kuchayishiga olib kelgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, aksariyati tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbeklarning anchayin o‘ziga to‘qligi esa, mahalliy qozoqlarning noroziligiga sabab bo‘lmay qolmagan.

Ayrim manbalarda Qozog‘iston janubida 600.000 dan bir milliongacha o‘zbekning yashashi aytiladi.

2010 yilgi qonli O‘sh qirg‘inini nazarda tutarkan, mahalliy kuzatuvchilarning ta‘kidlashlaricha, O‘zbekiston hukumatining chetdagi o‘zbek huquqlarini himoya etishga qaratilgan jiddiy bir siyosatining yo‘qligi ham mavjud vaziyatda ozmuncha rol o‘ynamayotir.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.