BBC navigation

Rossiya Qirg‘izistondagi GESlar qurilishi bo‘yicha farmonga imzo chekkan

Сўнгги янгиланиш 17 сентябр 2012 - 14:51 GMT

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Qambarota-1 GESi va Yuqorinorin kaskadi qurilishi va u yerda faoliyat olib borilishi bilan bog‘liq farmonga imzo chekkan.

Hukumat matbuot xizmatiga ko‘ra, Medvedev janoblari Rossiya Energetika vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi ishtirokida Qirg‘iziston tarafi bilan muzokaralar olib borish va hukumat nomidan yuqorida tilga olingan GESlar qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolashga buyruq bergan.

Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida Qambarota-1 GES qurilishi yuzasidan bitimga 2009 yil erishilgandi.

O‘shanda stantsiya qurilishi 2 milliard dollarga baholangan va Rossiya loyihani amalga oshirishga 1,7 milliard dollar kredit berishi ko‘zda tutilgandi.

Ammo, sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev Rossiya bilan qator muhim kelishuvlar shartlarini bajarmagani tufayli loyiha muzlatib qo‘yilgan.

2010 yil aprelida esa, Bakiyev janoblari mamlakatni tashlab qochishga to‘g‘ri keldi va Qirg‘izistonda qudratga kelgan yangi hukumat gidroelektr stantsiyalar bilan bog‘liq muloqotlarni qayta jonlantirdi.

Avgust oyi Bishkekka safar qilgan Rossiya Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Igorya Shuvalov sentyabr oyigacha Qambarota-1 GESi va Yuqorinorin kaskadi qurilishi va u yerda faoliyat olib borishga oid barcha hujjatlar imzolanishiga kelishgandi.

O‘zbekistonning xavotiri

Yaqinda Qozog‘istonga borgan O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GES lari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.

Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostantsiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta‘kidlagandi. Shuningdek, Karimov janoblari suv ustidan mintaqada urush yuz berishi mumkinligiga oid bayonot bilan chiqqandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev esa, bunday ehtimolni nazardan soqit etgan. Janob Atambayev suv muammosini Markaziy Osiyo davlatlari faqat o‘zaro birgalashib hal qilishlari mumkinligini aytgandi.

Qirg‘iziston prezidentining bildirishicha, bu borada o‘zbekistonlik hamkasbiga tegishli takliflar yo‘llanib, joriy paytda ushbu mavzu muhokama ham etilmoqda.

Shu bilan birga, qirg‘iz rahbari, "Prezident Karimov bayonotida bironta davlatning nomi aniq tilga olinmagani, shu sababdan Qirg‘iziston uni shaxsan o‘ziga qaratilgandek qabul qilishi uchun asos yo‘q"ligini ham ta‘kidlagan.

Bishkek ham, Dushanbe ham hozir Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan daryolarga to‘g‘on tashlab, Qambarota va Rog‘un GESlarini qurishga kirishganlar.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.