BBC navigation

Rossiya: "Aksilislomiy film ekstremistik deb topilsin"

Сўнгги янгиланиш 18 сентябр 2012 - 16:18 GMT

Rossiya Bosh prokuraturasi mahalliy provayderlarni "Musulmonlarning begunohligi" filmini tarqatmaslik bilan ogohlantirib, uni "ekstremistik", deya e‘lon qilishini so‘rab, mahkamaga murojaat etgan.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, Rossiyaga qadar hali dunyoning biror bir davlati bu kabi so‘rov bilan chiqmagan.

Agar mahkama ularning so‘rovini qondirsa, ushbu filmni tarqatish jinoyat sanalib, bu ishni qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Ular aksilislomiy filmning Rossiya Federatsiyasi hududida tarqalishining oldini olish uchun mahkamaga ayni mazmundagi murojaat bilan chiqqanliklarini aytishmoqda.

O‘tgan hafta Youtube web sahifasida paydo bo‘lgan film o‘shandan buyon dunyoning qator davlatlarida zo‘ravon norozilik namoyishlariga sabab bo‘lib keladi.

Norozi musulmonlarga ko‘ra, Amerikada ishlangan ushbu film Islom dini va payg‘ambarini hajv etadi.

Orada dunyoning qator musulmon davlatlari va nufuzli islomiy tashkilotlari aksilislomiy filьmni qoralab, keskin bayonotlar bilan ham chiqishdi.

Ammo MDH davlatlaridan bu borada eng keskin mavqe‘ni hozircha Rossiya namoyon etmoqda.

Rossiyalik mas‘ullarga ko‘ra, aynan "Musulmonlarning begunohligi" filmi sabab, 1 noyabrdan Youtube to‘sib ham qo‘yilishi mumkin.

Rossiyada so‘nggi yillarda musulmonlarning soni keskin oshib borayotgani, joriy paytda esa, ularning soni ikki milliondan ortishi aytiladi.

Ammo, shunda ham, Rossiya tomonining bayonoti dunyoning qator davlatlarinikidan ancha kech yangramoqda.

"Musulmonlarning begunohligi" filmi Vashington va Nyu-Yorkka uyushtirilgan hujumlarning 11 yilligi sanasida, ya‘ni 11 sentyabr kuni paydo bo‘lgandi.

Aksilislomiy mazkur film yuzasidan ilk zo‘ravon namoyishlar xuddi o‘sha kuni Liviyaning Beng‘ozi shahrida kelib chiqqan va AQSh elchisining o‘limi bilan yakunlangandi.

Ushbu filmga qarshi norozilik namoyishlari esa, MDH hududida hozircha faqat Ozarbayjonda kuzatilgan.

Kecha poytaxt Bakuda o‘nlab kishilar AQSh elchixonasi binosi yaqinida norozilik namoyishi uyushtirmoqchi bo‘lishgan.

Ular elchixona binosiga yaqinlashib, film ustalariga qarshi shiorlar aytib qichqirishgan, "Allohu Akbar", "Allohu Akbar", deya xitob etishgan.

Ammo huquq-tartibot xodimlari ularni kuch bilan tarqatib yuborishgan, namoyishchilardan bir nechtasini hibsga olishgan.

Namoyishni kim uyushtirgani ma‘lum emas. Ozarbayjondagi islomiy partiyalar norozilik aktsiyasiga hech bir aloqalari yo‘qligini aytib chiqishgan.

Markaziy Osiyoda-chi?

Aksilislomiy filmni qoralovchi bayonot mintaqa davlatlari orasidan birinchi bo‘lib kecha Qozog‘iston, bugun Qirg‘iziston va Tojikistonda yangragan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi va musulmon idoralari ushbu filmni qoralovchi bayonotlar bilan chiqishgan.

Musulmon idoralarining qo‘shma bayonotida xalqaro hamjamiyatdan aksilislomiy filmning internetda namoyish etilishining oldi olinishi so‘raladi.

Ular o‘z bayonotlarida, bu xususda, dunyo davlatlari rahbarlariga ham murojaat etishgan.

Markaziy Osiyodagi yagona islomiy partiya bo‘lgan Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasi ham bugun ushbu film yuzasidan o‘z bayonotini e‘lon qilgan.

Partiya o‘z bayonotida ushbu film ijodkorlari va tarqatuvchilarini keskin qoralagan.

Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni bu kabi filmlar yaratilishiga qarshi bir yoqadan bosh chiqarishga da‘vat etgan.

Diniy mansubligidan qat‘inazar, barcha aybdorlarni esa, jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Bayonotda aytilishicha, jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida Islom dinini xavf va tahdid sifatida ko‘rsatuvchi materiallarning ilk bor ishlanishi emas.

Partiyaga ko‘ra, bu kabi holatlar Islom diniga nisbatan adovatning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Dushanbedagi muxbirimiz Iskandar Firuz Xorug‘dagi hodisalar ortidan, mamlakatda Youtube internet tarmog‘iga hanuz imkoniyatning yo‘qligi bois hali deyarli hech kim bu filmni ko‘rishga muvaffaq bo‘lmaganini aytadi.

Muxbirimizga ko‘ra, kecha Tojikistondagi AQSh elchiligi ham o‘z fuqarolariga maxsus murojaat bilan chiqib, ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik, ko‘chada yolg‘iz yurmasliklari maslahat berilgan.

Dunyoning qolgan davlatlarida bo‘lgani kabi, Tojikistondagi AQSh elchiligi binosi atrofida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgani va qo‘riqchilar soni oshirilgani kuzatiladi, deydi muxbirimiz.

O‘z o‘rnida, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham, "Musulmonlarning ko‘ngillarini og‘rituvchi mazkur film ustalarining ishlarini qoralashi"ni bayon qilgan.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, har qanday fikr erkinligida mas‘uliyat bo‘lishi kerak.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi, yana shuningdek, dunyoning qator davlatlarida diplomatik vakolatxonalarga qilingan hujumlarni ham keskin qoralashini bildirgan.

So‘nggi paytlarda Amerika bilan qayta yaqinlashishga harakat qilayotgan O‘zbekiston va qolgan Markaziy Osiyo davlatlarining bu xususdagi rasmiy bayonotlari esa, hozircha kuzatilgani yo‘q.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.