BBC navigation

O‘zbekistonlik dongdor bokschi Muhammadqodir Abdullayevga savol bering

Сўнгги янгиланиш 18 сентябр 2012 - 16:45 GMT

Muhammadqodir Abdullayev havaskor boksda O‘zbekistondagi eng nomdor uchta bokschi bo‘lsa, ulardan bittasi hisoblanadi

Ruknimizning bu galgi mehmoni - mustaqil O‘zbekiston tarixida boks bo‘yicha Yozgi Olimpiada O‘yinlarining yagona oltin medali sohibi Muhammadqodir Abdullayev.

Muhammadqodir Abdullayev havaskor boksda O‘zbekistondagi eng nomdor uchta bokschi bo‘lsa, ulardan bittasi hisoblanadi.

U 1973 yil 15 noyabr kuni Andijon shahrida tug‘ilgan. Boks olamiga ilk qadamlarini 12 yoshida ekani chog‘ida qo‘yadi.

1985 yildan boshlab, Andijon shahar "Spartak" stadionidagi boks to‘garagiga qatnay boshlaydi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi bunga eng avvalo ashaddiy sport ishqibozi bo‘lgan otasining orzusi sabab bo‘lganini aytadi.

"Dadamni orzulariga yetkazaman deb, qo‘limdan kelgancha harakat qilib, mana, Xudoga shukr, Jahon va Olimpiada chempioni bo‘ldim", deydi u.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, 2000 yilgi Sidney Yozgi Olimpiada O‘yinlarida erishgan tarixiy yutug‘iga qadar Muhammadqodir Abdullayev qit‘a va xalqaro miqyosda o‘tkazgan biror bir jangida yutqazmagan.

Muhammadqodir Abdullayev o‘z vazn toifasida (+60 kg) yana ikki karra Osiyo chempioni, Osiyo O‘yinlari g‘olibi va Jahon Kubogi sovrindoridir.

Katta sportda erishgan bu kabi yutuqlari ortidan, "El-yurt hurmati" ordeni va "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

"O‘zbekiston iftixori" nishoni sohibi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi sanaladi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi havaskor boksda erishgan yutuqlari ortidan, Olmoniya va Amerikada o‘n yilcha professional boks bilan ham shug‘ullanadi.

Muhammadqodir Abdullayev endi katta boks olamida orttirgan tajribasini yoshlarga o‘rgatish, o‘ziga o‘xshagan Jahon va Olimpiada chempionlari yetishtirish rejasida ekanini aytadi.

Taniqli bokschiga ko‘ra, hozir ana shu rejasini amalga oshirish uchun poytaxt Toshkentda o‘zining boks maktabini ochish harakatida.

BBC mehmoni Muhammadqodir Abdullayevga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Mehmonimiz savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarni radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimiz bizga telefoni raqamlarini ham yozib yuborishlari mumkin.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni ham bizga yo‘llashni unutmang.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.