BBC navigation

Osiyo Chempionlar ligasi: "Bunyodkor" 2 - 2 "Adelaida Yunayted"

Сўнгги янгиланиш 19 сентябр 2012 - 13:44 GMT

Bugun Osiyo Chempionlar ligasining dastlabki chorak final uchrashuvida avstraliyalik ashaddiy raqiblariga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston chempioni o‘yinni safarda durang hisobi bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.

Uchrashuvning 1-qismi tugashiga sanoqli daqiqalar qolgan paytda, 0:2 hisobida yengilib turgan "Bunyodkor" oradagi farqni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Jarima maydoni chizig‘i ustidan belgilangan jarima to‘pini Jasur Hasanov chap oyog‘i bilan juda chiroyli tarzda darvozaga yo‘lladi - 1:2.

O‘yinning 41-daqiqasida olgan qizil kartochkasi tufayli "Adelaida" o‘yinchisi Naydjel Bugard maydonni tark etti.

"Bunyodkor" uchrashuvning qolgan qismini 10 ta o‘yinchiga qarshi o‘tkazdi.

Ikkinchi qismning 75-daqiqasida Shavkat Salomov hisobni 2:2 ga yetqazdi.

Ikkovlon orasidagi uchrashuv "Xindmarsh" stadionida Toshkent vaqti bilan soat 14:30 da boshlangandi.

"Bunyodkor" hay‘atining Avstraliyaga dushanba kuni yetib borgani xabar berilgandi.

Qaldirg‘ochlar va Avstraliya milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Devid Karnining "Adelaida"ga qarshi o‘yinda maydonga tushmadi.

Javob uchrashuvi 3 oktbar kuni Toshkentning "Jar" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Safarda erishgan durang natijasi O‘zbekiston chempionining yarim finalga chiqish imkoniyatlarini ancha yaxshilaydi.

Ya‘ni Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishi uchun qaldirg‘ochlarni o‘z maydonida, hatto, durang natija ham qoniqtiradi.

Bu ikki jamoa Osiyo Chempionlar ligasi uchrashuvlari doirasida bundan avval ham bir-birlari bilan bir necha bor to‘qnash kelishgan.

"Adelaida Yunayted" 2008 yilda har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, "Bunyodkor"ni ortda qoldirib, ushbu nufuzli turnirning final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, ammo hal qiluvchi o‘yinda yaponiyalik raqiblariga yutqazib qo‘ygandi.

Ikkovlon guruh bosqich saralash o‘yinlari doirasidagi qolgan uchrashuvlarini durang hisobi bilan yakunlashgan.

Chorak final

O‘zbekistonning amaldagi chempioni may oyida Janubiy Koreyaning "Songnam Ilьva Chumna" jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida yana bir bor Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

"Bunyodkor" o‘zining qisqa tarixida Osiyo chempionlar ligasida yaxshigina nom qozonib ulgurgan.

2008 yilda liga o‘yinlarining yarim, keyingi yili esa chorak finaliga qadar chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘z vaqtida Osiyoning eng serxarj klublaridan bo‘lgan "Bunyodkor" ilk tashkil topgan kunlaridanoq qit‘a chempionlari chempioni va klublar orasida jahon birinchiligi g‘olibi bo‘lish istagida ekanini baralla bayon qilib kelardi.

Jamoa osmono‘par orzulariga yetishish uchun o‘z vaqtida Luiz Felippe Skolari va Rivaldo kabi dunyoning manaman degan murabbiy va futbolchilarini ham O‘zbekistonga keltirgan.

Ammo "Bunyodkor"ga hozircha qit‘a g‘olibligi nasib etmagan. Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, ularning bugungi raqiblari "Adelaida" jamoasi ham o‘z tarixida bu sharafga noyil bo‘lmagan.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, bu o‘z vaqtida O‘zbekistonning eng serxarj va osmono‘par bo‘lgan jamoasining dongdor murabbiyu yulduz futbolchilarisiz qo‘lga kiritgan jiddiy yutug‘idir.

Klub Bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov shogirdlarining so‘nggi yutug‘i ortidan, oldindan bashorat qilishni yoqtirmasligi, keyingi ikki uchrashuvlarida kuchlar teng bo‘lishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.