BBC navigation

"O‘zbekistonda paxta tozalovchi zavodlar qarzga botgan"

Сўнгги янгиланиш 19 сентябр 2012 - 15:09 GMT

O‘zbekistonda bu yilgi paxta terimi mavsumiga safarbarlik har qachongidan ham kengroq ekanligi aytilmoqda.

O‘zbekistonda paxtani yig‘ib terib olishga bu yil misli ko‘rilmagan darajada safarbarlik e‘lon qilingan bir paytda, paxtadan keladigan pullarning juda oz qismi uni yetishtirgan yoki qayta ishlaganlarning cho‘ntagiga kelib tushishi aytiladi.

O‘zbekistonliklardan birining BBC bilan suhbatda aytishicha, paxtani qayta ishlovchi zavodlar shu kunlarda davlat va ishchilardan milliardlab so‘mlik qarzga botgan.

"Hozir bizda hamma paxtaga jalb qilingan. Buxgalterlardan tortib, paxtani qabul qilib oluvchi laborantlarimizgacha daladagi va ko‘chada traktorlardan tushib qolgani paxtani terib yuribdi", deydi suhbatdosh.

Paxtani qabul qilib oluvchi xodimlar esa kuni bo‘yi paxtada yurib, kechki vaqt kelib paxtani qabul qilib olishar ekan.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu xodimlar hamma paxtani qabul qilib olmaguncha ishdan ketmaydi.

"Kerak bo‘lsa ertalabgacha ishlaydi. Ertasi kuni yana paxtaga chiqishga majbur. Faqatgina paxtani tozalovchi tsexlardagi ishchilargina o‘z o‘rnida", deydi u.

Unga ko‘ra, paxtani yetishtirishdan tortib uni terib olishgacha bo‘lgan jarayon paxtani qayta ishlovchi zavodlarning ham zimmasiga tushganiga ancha bo‘lgan. Ammo ishchilarning bu darajada paxtaga chiqarilishi hali kuzatilmagan.

"Zavod ishchilari o‘z kasblari qolib har yili paxta yagonasi, chopig‘i, terib olish kabi ishlarga jalb qilinadi. Viloyatdagi har bir zavodga ma‘lum miqdorda yer berilgan va o‘sha yerda ishlashga majbur. Sababi fermerlar yetishmaydi, borlari ham qiyinchiliklarga chiday olmay, yerni tashlab Rossiyaga qochib ketayapti.

Qizig‘i ushbu yerda ishlagani uchun zavod ishchilari qo‘shimcha haq olmaydi. Beriladigan maoshga qanoat qiladi.

Maoshlar ham oy sayin berilmaydi. Oxirgi marta hayit va mustaqillik bayrami arafasida oylik oldik. Undan oldin 9 maydagi bayramda olganmiz. Keyingi maosh yangi yil arafasida beriladi.

U yog‘ini so‘rasangiz davlatga minglab tonna tola tozalab beruvchi zavodimiz davlatdan qarz.

Qatnayverganidan soliqchilarning tuflisi teshilgan bo‘lsa kerak. Soliq to‘lamaslik natijasida yig‘ilib qolgan pullarning o‘zi 5-6 millard so‘mdan kam emas.

Undan tashqari gaz, va elektrchilardan ham qarzdor. Sababi davlatga yetkazilib berilayotgan tola deyarli tekinga beriladi. Tolaning puli zavod tugul viloyatdagi zavodlarning uyushmasiga ham kelib tushmaydi.

Viloyatga toladan ancha arzon turuvchi kalta tola, ya‘ni momiqning puli kelib tushadi. Lekin viloyat boshqarmasi o‘sha pulning ham juda kam miqdorini zavodlarga beradi. Shuning uchun ham viloyatdagi barcha zavodlar qarzga botib ishlayapti.

Zavodlar ishchilardan ham qarzdor. 2-3 million so‘mgacha maoshini ololmay yurgan ishchilar bor.

Maoshlarning bir necha yildan beri to‘lig‘icha plastik kartochkada beriladi. Ammo maoshning o‘sha kartochkaga ham tushishi juda qiyin. May oyida 100 ming so‘mdan tashlab berishdi. Bu pul hattoki tushlikka ham yetmaydi.

Yig‘ilib qolgan maoshlarimizning ko‘pi bilan 75 foizini olganmiz. Qolgan payti o‘sha yig‘ilgan oyliklarning 30-45 foizini olish bilan cheklanamiz.

Ayrimlar, maosh o‘rniga moli uchun zavoddan chiqadigan chang‘aloq va shunga o‘xshash boshqa chiqitlarni oladi.

Paxtani yetishtirishda turli kimyoviy dorilar ishlatilgani uchun bu chiqitlarni iste‘mol qilmaslik tavsiya qilinadi. Ammo shuncha yeb mol ham odam ham o‘lmagani uchun ishlataveramiz.

Zavod shunaqa mashmashali bir sohaga aylanagan bo‘lsa ham oliy ma‘lumotlidan tortib o‘qimaganigacha hammasi o‘zini zavodga uradi.

Sababi boshqa ish yo‘q, borlarida ham shu ahvol. Asosiysi zavodda maosh berilmasa ham o‘g‘irlik qilish mumkin.

Oddiy ishchi, chang‘aloq va chigitni o‘g‘irlar edi. Ammo chigitni hozir rahbarlar o‘g‘irlayotgani uchun oddiy ishchilarga chang‘aloq qolgan. Rahbarlar yo‘lini qilib kamaz -kamaz chigitlarni chiqarishadi va shu bilan daromad ko‘rishadi.

Har ikki yoki 3 yilda rahbarlardan birortasining o‘g‘irlik bilan qamoqqa tushgani yoki ishdan haydalganini eshitish mumkin.

Zavodning hisobida puli bo‘lmagani uchun paxtani qayta ishlovchi stanoklarning hammasi sho‘rolar davridan qanday qolgan bo‘lsa shundayligicha turibdi.

Bularni har yili qayta tiriltiruvchi ta‘mirlovchilarning mahoratiga tan bermay iloj yo‘q", dedi BBC bilan suhbatda ushbu O‘zbekistonlik.

Siz bu yilgi paxta terish mavsumida ishtirok etyapsizmi? Ishtirok etayotgan bo‘lsangiz nimalarga guvoh bo‘lmoqdasiz? Bu haqda uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasiga yoda quyidagi maxsus forma orqali o‘z fikr-mulohazalaringizni yuboring.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.