BBC navigation

"Musulmonlar gunohsizligi" filmidagi aktrisa rejissyorni sudga bergan

Сўнгги янгиланиш 20 сентябр 2012 - 13:01 GMT

Filmda suratga tushgan aktrisa o‘zining aldanganini va obro‘yiga putur yetganini aytgan

Butun dunyoda musulmonlarning g‘azabini keltirib, namoyishlarga sabab bo‘lgan "Musulmonlar gunohsizligi" filmida ishtirok qilgan aktrisa Sindi Li Garsia film rejissyorini mahkamaga bergan.

Sindi Li Garsia aytishicha, Muhammad payg‘ambar va islomni kalaka qilgan film rejissyori aktrisani aldab filmga tushirgan.

Film rejissyori deb taxmin qilinayotgan Nakola Basil Nakola ismli kishi filmni "sahrodagi sarguzashtlar"deya ishontirib, Sindi Lini filmga tushishga ko‘ndirgan.

Sindi Li mahkamadan YouTube tarmog‘iga filmni olib tashlash uchun bosim o‘tkazishni so‘ramoqda.

Google tarkibidagi YouTube esa Garsia xonim talab qilayotgan "Musulmonlar gunohsizligi" filmini haligacha tarmoqdan olib tashlashni rad qilib kelsada, filmga Saudiya Arabistoni, Liviya va Misr mamlakatlarida kirishga to‘siq kiritgan.

AQShda suratga olingan "Musulmonlar gunohsizligi" filmi butun Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida ommaviy namoyishlar va tartibsizliklarni keltirib chiqargan edi.

Liviyaning Beng‘ozi shahridagi Amerika elchixonasiga qilingan hujum oqibatida elchi Kris Stivens doxil to‘rt kishi o‘ldirilgan.

Garsia xonimning so‘zlashicha, unga berilgan stsenariyda Muhammad payg‘ambar va islom dini haqida hech qanday so‘z bormagan.

Uning ta‘kidlashicha, video YouTube tarmog‘iga qo‘yilgach, ko‘p bor o‘ldirishga tahdidlar bitilgan xatlar olgan.

Aktrisa bu film o‘zining obro‘yiga jiddiy putur yetkazganini aytgan.

Los Anjeles Oliy mahkamasiga bergan arizasida Garsiya xonim film rejissyorini tovlamachilik, tuhmat va qasddan ruhiy ziyon yetkazishda ayblagan.
Garsia xonimning himoyachilarining ta‘kidlashicha, filmdagi so‘zlar o‘zgartirilib montaj qilinishi shaxsiy hayot tartiblarini buzishdir. "S‘yomka paytida yoki s‘yomka maydonchasida ham Muhammad payg‘ambar haqida, Islom dini haqida so‘z bormagan va Garsiya xonim jinsiy mavzuda biror bir ta‘kid bo‘lganini eslolmaydi", - deyishgan himoyachilar.

"Sem Basil" taxallusli deb aytilayotgan janob Nakola esa o‘zining internetga video qo‘yganini rad qilgan.

Amerika ommaviy axborot vositalari uni filmni suratga olishga yordam bergan kompaniya menejeri deb yozishgan, biroq AQSh rasmiylari aynan u film rejissyori bo‘lishi mumkinligiga ishonishadi.

Janob Nakola 2010 yilda tovlamachilik aybi bilan mahkamaga tortilgan va unga 790 ming dollar tovon puli to‘lashga hukm qilingan edi.

2011 yil iyunda Nakola internetdan foydalanmaslik va ruxsatsiz biror taxallusni ishlatmasligi sharti bilan ozodlikka chiqariladi.

Rasmiylar o‘tgan haftada uni tartibni buzganligi uchun so‘roq qilgan.

YouTube vakilining aytishicha, amerikalik aktrisaning shikoyati o‘rganilib, payshanba kungi mahkamada munosabat bildiriladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.