BBC navigation

O‘zbekistonda soxta emdoridan nobud bo‘lgan chorva sonini kim biladi?

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 16:49 GMT

Soxta emdoridan jonivorlar nobud bo‘lishi sentyabr o‘rtalarida boshlangan.

Qirg‘iziston janubida mayda chorvaning qirilishida O‘zbekistonning qo‘poruvchilik amallarini ko‘rganlar ham topilayotgan bir paytda O‘zbekistonning o‘zida bir necha o‘n ming qo‘y nobud bo‘lgani haqida lom-mim deyilmayapti.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Suzoq tumanida 1700 bosh qo‘y o‘lishi ortidan prokuratura veterinariya xizmati mas‘ullari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Suzoqqa Bishkekdan hukumat maxsus komissiyasi yuborilgani haqida xabar qilingan.

Qirg‘iziston Sanitariya xizmatidan hozircha taxmin bildirishlaricha, mayda molning ommaviy qirilishiga soxta chechakka qarshi vaktsina sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yakuniy xulosa nobud bo‘lgan qo‘ylarni va qo‘lga kiritilgan emdorini tekshirgandan keyin e‘lon qilinishi xabar qilingan.

Jalolobod viloyatiga borgan Veterinariya departamenti rahbari Jonibek Sultonov chorvaning chechak kasalligiga qarshi emlangan 2800 jonivor nobud bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Chechakka qarshi vaktsinaning Rossiyada ishlab chiqarilgani yozuvi bo‘lgan, biroq ularning soxta ekani aniqlangan.

Qirg‘iz ommaviy axborot vositalari soxta emdori O‘zbekistondan olib kelingani, uni pullagan ishbilarmonning mayda mollar ommaviy nobud bo‘layotganidan keyin g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqatganlar.

O‘zbekistonning o‘zida qo‘ylar emlanganidan keyin nobud bo‘lishi sentyabr oyining o‘rtalarida boshlangan.

Dastlab Jizzax viloyatida chechak kasalligiga qarshi vaktsina bilan ukol qilinganidan keyin jonivorlarning badani haddan ziyod qizib ketib, qo‘ylar o‘z tanasini tishlab nobud bo‘layotganlari xabar qilingan.

Jizzaxlik cho‘ponlar vaktsina Toshkentdan olib kelinganini, uni odamlar ham "qo‘ldan", ham veterinar dorixonalardan sotib olganlarini aytishgan.

Soxta emdori O‘zbekistonga ham noqonuniy olib kirilgani xabar qilingan.

Jizzaxda odamlarning minglab qo‘ylari o‘lib ketgani haqida xabarlar tarqalgan.

Qassoblarga qo‘y go‘shtini sotish taqiqlangan.

Jizzax viloyati rasmiylari 12 ming chorva o‘lgani haqida aytishgan, biroq norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda 35 mingdan 50 minggacha qo‘y nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Soxta vaktsinalarning Jizzax viloyatidan tashqari Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ham tarqalgani haqida xabarlar olinmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari chechakka qarshi vaktsina kim tomonidan, qachon va qaysi mamlakatdan O‘zbekistonga olib kirilgani haqidagi savollarga javob berayotganlari yo‘q.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida soxta vaktsinalardan ehtiyot bo‘lish lozimligi haqidagi ogohlantirish ham, insonlar chorvasi nobud bo‘lganidan katta moliyaviy zarar ko‘rayotganlari ham, ushbu holatda rasmiylar qanday chora ko‘rayotganlari ham xabar qilinayotgani yo‘q.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.