BBC navigation

Mardikorlarni yoqlagan huquqbonlarga yirik miqdorda jarima belgilangan

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 12:01 GMT

Huquq faollari mardikorlar O‘zbekistondagi eng himoyasiz qatlam bo‘lib qolganini aytishadi

23 sentyabr kuni Toshkentda mardikorlar himoyasiga otlangan inson haqlari faollari Faxriddin Tillayev, Nuriddin Jumaniyozov hamda Abdulla Tojiboy o‘g‘li ustidan mahkama bo‘lib o‘tgan.

Ular O‘zbekiston Ma‘muriy kodeksining 202 moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Har bir huquq faoli eng kam ish haqining 100 baravar miqdorida, ya‘ni 7 million 235 ming 500 so‘m jarimaga tortilganlar.

22 senyabr kuni Qo‘yliq bozorida "Mardikorlar mustaqil kasaba uyushmasi"ni tuzish uchun mardikorlarga anketa tarqatayotgan ikki huquq faoli militsiya tomonidan ushlanadi.

Inson haqlari faollari mardikorlarni yig‘ib, ularga o‘z haqlari borasida tushuntirish ishlari olib borayotgan bo‘lishgan.

Ular o‘zlarini ushlashganini huquqbon Abdulla Tojiboy o‘g‘liga telefonda xabar berishga ulgurganlar.

Hamkasblarining himoyasiga yetib kelgan Abdulla Tojiboy o‘g‘li ham Hamza tuman IIBga olib ketiladi. Uchala huquqbon so‘roq qilingach, Abdulla Tojiboy o‘g‘liga ruxsat beriladi.

Kecha biz bilan suhbatlashgan boshqa huquq faoli Shuhrat Rustamovning aytishicha, 23 sentyabrda Abdulla Tojiboy o‘g‘li ham IIBga chaqirib, qaytadan so‘roq qilingan.

"Biroq O‘zbekiston Konstitutsiyasining 34 - moddasiga binoan har bir fuqaro kasaba ushmasiga a‘zo bo‘lishi mumkin. Bu qonunda ko‘rsatilgan va biz qonunga xilof ish qilmaganmiz. Abdulla akaning menga aytishlaricha, ularga "Ma‘muriy javobgarlik kodeksi"ning 201-moddasi bo‘yicha ma‘lumot to‘plashyapti, mahkamaga oshirishsa kerak, deb hozir kirib ketdilar", - degan edi faol Shuhrat Rustamov.

Abdulla Tojiboyev o‘g‘li va boshqa bir qancha faollarga ilgari ham bir necha marta ma‘muriy jazolar berilgan.

Shuhrat Rustamovning aytishicha, ularning harakatlariga nisbatan katta miqdordagi pul jarimalari belgilanishining o‘zi Konstitutsiyaga xilof.

Huquq faollari ta‘kidlashicha, ular qonun doirasida, Konstitutsiyaning 34-moddasiga asosan faoliyat olib borishgan.

"Endi mardikor bechora eng himoyasiz qatlam bo‘lib qoldi. Ushlab olib ketishadi, cho‘ntagida puli bo‘lsa berib qutuladi, bo‘lmasa oborib tiqib qo‘yishadi Panelniyga. Mana kuni kecha ham ikkita yigitni Abdulla Tojiboy bilan aralashib, chiqarib keldik. Bu endi kelib-kelib o‘zimizning yurtimizda tag‘in. Ularning eng so‘raydigani: Ha, qayerdansan? -Qashqadaryodan, nima qilib yuribsan? Mana shundan boshlanadi savoli. Pasportni ochib o‘qimaydiki, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgandan keyin O‘zbekistonning istalgan hududida yurishga haqqi borku bularning?" - deydi biz bilan suhbatlashgan Shuhrat Rustamov.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.