BBC navigation

Liviya: Beng‘ozi shahridan jangari guruhlar quvib chiqarilgan

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 11:02 GMT

Qurolli guruhlarga qarshi namoyishda 30 mingtacha odam to‘plangan.

Liviyaning Beng‘ozi shahridan islomiy qurollilarni o‘z qarorgohlaridan quvib chiqarish chog‘ida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 20 tacha odam yaralangan.

Juma kuni o‘n minglab kishilar Beng‘ozida polkovnik Qaddofiy hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon amal qilib kelayotgan jangari guruhlarni tarqatib yuborish talabi bilan namoyish uyushtirganlar.

Namoyishchilarning soni 30 mingga yetgani xabar qilingan.

So‘ng bir necha yuz kishi "Ansorul Sharia" islomiy jangari guruhining qarorgohlariga tomon yo‘l olganlar.

"Ansorul Sharia" guruhini 11 sentyabr kuni AQShning Beng‘ozidagi konsulligiga uyushtirilgan hujumda ayblashadi, biroq guruhning o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.

AQShda tasvirga olingan aksilislomiy film Amerika konsulligiga hujumga sabab bo‘lgan, hujum oqibatida AQShning Liviyadagi elchisi Kris Stivens doxil to‘rt amerikalik halok bo‘lgandi.

Guvohlarning aytishlaricha, "Ansorul Sharia"ning tarafdorlari guruh qarorgohi oldini to‘sib olganlar, "qurollilar yo‘qolsin" deb qichqirgan namoyishchilarni qora va oq rangdagi shiorlar bilan qaytarishga harakat qilganlar.

"Ansorul Sharia" dastaklovchilari havoga o‘q uzganlar, biroq norozi namoyishchilar soni ko‘payib ketganidan keyin chekinishga majbur bo‘lganlar.

Bir necha bino va avtomobillarga o‘t qo‘yilgan.

Bu yerda uch kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Odamlar shahardagi "Sahati Brigadasi" deb nomlangan guruh qarorgohiga ham hujum qilganlar, u yerda bir kishi halok bo‘lgan.

O‘rtada ikki soatcha otishma bo‘lgan, biroq keyin "Sahati Brigadasi" qurollilari o‘z joylaridan chiqib ketishga qaror qilganlar.

BBCning poytaxt Tripolidagi muxbiri Rana Javodga ko‘ra, "Sahati Brigadasi" mamlakatning mudofaa vazirligiga bo‘ysunadi, deb ishoniladi.

Liviya rahbarlari oddiy odamlarning o‘zboshimcha jangari guruhlar bilan polkovnik Qaddofiyni qudratdan ag‘dargan haqiqiy isyonchilarni bir-biridan ajratish istaklarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirganlar.

BBCning Liviyadagi muxbiri xabar berishicha, ko‘plab liviyaliklar Amerikaning mamlakatdagi elchisi o‘ldirilganidan g‘azabga kelganlar.

"Men Afg‘oncha kiyim kiyib olgan qurolli odamlarning ko‘chada to‘xtatib menga buyruq berishlarini xohlamayman. Men faqat harbiy formadagi odamlarni ko‘rishni istayman", deb aytgan "Ansorul Sharia" guruhini o‘z binosidan quvib solishda ishtirok etgan talaba Umar Muhammad.

Polkovnik Qaddofiy hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon Liviyaning muvaqqat hukumatidan mamlakatda faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarni jilovlab olish talab qilib kelinadi.

Biroq bu oson ish emas.

Aksar guruhlar qabilaviy kelib chiqishlariga qarab bo‘lingan va ular Liviya armiyasi harbiylariga qaraganda yaxshiroq qurollanganlar.

O‘zboshimcha guruhlar bir-birini qo‘rqitishlari va raqib guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlar insonlar o‘limlariga sabab bo‘lganlari haqida ko‘plab xabarlar tarqalgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.