BBC navigation

Pokiston vaziri aksilislomiy film muallifini o‘ldirganga katta pul va‘da qilgan

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2012 - 11:36 GMT

Namoyishchilar Amerika bayroqlarini yoqib o‘z noroziliklarini bildirishgan

Pokiston Temir yo‘l transporti vaziri G‘ulom Ahmad Bilur Peshavordagi matbuot anjumanida aksilislomiy film rejissyorining boshi uchun 100 ming dollar va‘da qilgan.

Uning bu murojaati turli fikrlarga sabab bo‘lgan.

Pokiston Bosh vazirining matbuot so‘zchisi Shavkat Jalil BBCga G‘ulom Ahmad Bilurning chaqirig‘iga hukumat qo‘shilmasligini bildirgan.

G‘ulom Ahmad Bilur hukumat koalitsiyasiga kiruvchi Avom Xalq partiyasi vakili hisoblanadi.

Shavkat Jalilga ko‘ra, janob Bilur boshqaruvdagi Pokiston xalq partiyasining a‘zosi bo‘lmagani bois, "Bosh vazir Avom Xalq partiyasi rahbari bilan keyingi qadamlar haqida gaplashishi kutilmoqda.

Avom Xalq partiyasi vakili BBCga "Bu partiyaning emas, G‘ulom Bilurning shaxsiy nuqtai nazari. Biroq unga qarshi partiya chora ko‘rgani yo‘q va u o‘z vazifasida ishlamoqda", - deb aytgan.

G‘ulom Ahmad Bilur "muqaddas farzni bajargan" kishiga o‘z hisobidan 100 ming dollar to‘lashga tayyor ekanini ma‘lum qilgan.

Uning bu murojaati aksilislomiy filmga qarshi juma kungi namoyishlarda kamida 20 kishi halok bo‘lgani orqasidan yangragan.

"Men bu videoni olganlarga 100 ming dollar to‘lashga tayyorman. Agar yana kimdir shunga o‘xshagan shakkoklikni qilar ekan, uning qotili uchun ham 100 ming dollar to‘layman", - deb aytgan janob Bilur." Men u mamlakatlarga qarata shunday demoqchiman: ha, so‘z erkinligi lozim, lekin siz bizning Payg‘ambarimizni haqorat qiladiganlarga qarshi qonun qabul qilishingiz kerak. Agar buni qilmas ekansiz, kelajakda siz uchun juda xavfli bo‘lishi mumkin".

G‘ulom Ahmad Bilurning kinorejissyorni o‘ldirishga Tolibon va "Al-Qoida"ni chaqirishi qoralangan.

Karachi shahrida aksilislomiy filmga qarshi namoyishlar qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketgan.

Shanba kuni Bangladesh poytaxtidagi namoyishlarda politsiya odamlarga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni qo‘llaydi.

Islomobodda amerikalik rejissyorga jazo berilishini talab qilgan namoyishlar tinch o‘tgani aytilgan.

Nigeriyada ham minglab namoyishchilar "Amerikaga o‘lim, Isroilga o‘lim va islom dushmanlariga o‘lim" degan shiorlarni aytib qichqirganlar.

Xabarlarga ko‘ra,"Musulmonlar gunohsizligi" filmining rejissyori deb aytilayotgan Nakula Basil Nakula Kaliforniya politsiyasi tomonidan so‘roq qilingach, yashiringan.

AQSh hukumati Prezident Barak Obama va Oq Uy Davlat Kotibi Hillari Klintonning aksilislomiy filmni qoralab qilgan murojaatlarini Pokiston televideniyesida aylantirish 70 ming dollarga tushgan.

Prezident Obama o‘z fuqarolarini Pokistonga safar qilishdan ogohlantirgan.

Charlie Hebdo jurnalida Muhammad Payg‘ambar kulgi qilingan surati bosilishi ortidan Frantsiya hukumati 20dan ortiq musulmon damlatlarida o‘z elchixonalarini yopishiga to‘g‘ri kelgandi.

Aksilislomiy filmga qarshi namoyishlarda jami halok bo‘lganlar 50 dan oshgan yana o‘nlab kishilar jarohat olgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.