BBC navigation

O‘zbekistonliklarning Turkiyaga kirishi qiyinlashdimi?

Сўнгги янгиланиш 25 сентябр 2012 - 16:08 GMT

Turkiyaga kirish tartib qoidalari barcha uchun va azaldan bir xil

O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi rasmiy sayti Turkiyaga uchuvchi yo‘lovchilar uchun bir qator tartib qoidalarni keltirgan.

Web sahifada yozilishicha, Turkiya immigratsion qoidalariga ko‘ra yo‘lovchilar o‘zlari bilan qaytish yoki tranzit chiptasiga ega bo‘lish kabi bir qator talablarga amal qilishi lozim.

Ma‘lum bo‘lishicha ushbu qoidalar oldin ham mavjud bo‘lgan, ammo aviakompaniya talablarni bugunga kelib yoyishga qaror qilgan.

O‘zbekiston havo yo‘llari saytida yozilishicha, yo‘lovchilar qaytish chiptasidan tashqari yonlarida naqd 2 ming AQSh dollari olib yurishi, mehmonxonadan xona bron qilgani haqida ma‘lumotnoma ko‘rsatishi lozim.

O‘zbekiston havo yo‘llarining ogohlantirshicha, ushbu talablarning birortasi bajarilmagan taqdirda fuqarolar Turkiyaga kiritilmasligi mumkin.

Turkiyaning O‘zbekistondagi konsulligidan xodimning bildirishicha, bu kabi talablar oldin ham bo‘lgan. Biroq havo yo‘llari nima uchun bugunga kelib ularni oshkor qilayotgani sabablari noma‘lum.

O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasidan ismini oshkor qilishni istamagan xodimning BBCga aytishicha, ushbu talablar barcha davlatlar uchun birday qo‘llaniladi va bugunga kelib paydo bo‘lgani yo‘q.

Xodim nima sababdan bugunga kelib ushbu talablar matbuot orqali yoyilayotganini quyidagicha izohladi.

"Bu paytgacha talablarni aviakompaniya va aviakassa xodimlariga yetkazgan edik. Ammo so‘nggi vaqtlarda deportatsiya qilish kabi muammolar ko‘paygani uchun fuqarolarga ham yetkazishga qaror qildik", - deydi aviakompaniya vakili.

O‘zbekiston havo yo‘llari avikompaniyasi xodimi Turkiyadan qancha fuqaro deportatsiya qilingani borasida ma‘lumot berolmasligini bildirdi.

Turkiyaning Toshkentdagi konsulligi xodimi bu kabi talablar bo‘lishiga qaramasdan O‘zbekiston fuqarolari Turkiyaga shu vaqtgacha muammosiz kirib chiqqanligini bildirdi.

Uning aytishicha, nazoratchilar yo‘lovchilarning tashqi ko‘rinishi va kiyimiga qarab qo‘shimcha savollar berishi mumkin. Ammo aksar hollarda yuqorida aytilgan talablar so‘ralmaydi.

O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada vizasiz bir oy yurishlari mumkin.

O‘zbekistonning Turkiya bilan aloqalari mustaqillikka endi erishilgan vaqtdagidek yaqin emasligi aytiladi.

Turkiyada O‘zbekistonning taniqli muxolifat vakillari istiqomat qiladi. So‘nggi vaqtlarda boshqa qochqinlarning ham Turkiyadan boshpana topayotgani ma‘lum.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.