BBC navigation

Shvetsiyada TeliaSonera shirkatiga qarshi tekshiruv boshlangan

Сўнгги янгиланиш 26 сентябр 2012 - 15:39 GMT

TeliaSonera rahbarlari O‘zbekistondagi faoliyatida qonunchilikka rioya qilganini aytmoqda.

Reyter agentligiga ko‘ra, Shvetsiyada TeliaSonera shirkatining O‘zbekistonda ish yuritish uchun telekommunikatsiya litsenziyasini sotib olishiga doir tekshiruv boshlangan.

Shved davlatiga qisman tegishli bo‘lgan TeliaSonera 2007 yilda Gibraltardagi shirkatdan 3G-litsenziyalarini sotib olgan paytida O‘zbekistondagi mahalliy qonunchilikka binoan ish yuritganini ta‘kidlagan.

Shirkat vakili o‘zlariga qo‘yilayotgan noqonuniy pullarni qonunlashtirish va poraxo‘rlik ayblovlari bo‘yicha mustaqil tekshiruv olib boradigan mutaxassislarni yoqlashini bildirgan. Biroq bu borada aniqroq tafsilotlotlarni oshkor etmagan.

Shvetsiya prokuraturasi ham bu ayblov bo‘yicha tekshiruv boshlaganini tasdiqlagan, biroq boshqa izoh berolmasligini aytgan.

O‘tgan haftada Shvetsiya televideniyesi O‘zbekistondagi Ucell shirkatining egasi bo‘lgan TeliaSonera Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytilgan shaxsga millionlab dollar to‘lagani iddao qilingan filmni namoyish qilgan edi.

Shirkat O‘zbekistonda 3G mobil telefon aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat olish evaziga Gibraltarda qayd qilingan Takilant Ltd shirkatiga 320 million dollarga teng pul o‘tkazgan.

Film mualliflarining tadqiqotlari shuni ko‘rsatganki, Takilant Ltd ning egasi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan ayoldir.

Shved jurnalistlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bu ayol Shveytsariya rasmiylari tomonidan noqonuniy pullarni o‘zlashtirishga doir yirik tergov jarayoni markazida turadi.

Film mualliflarining BBCga aytishlaricha, ushbu film so‘nggi olti oyda olib borilgan jurnalistik surishtiruv natijalarini o‘z ichiga olgan.

Shvetsiya hukumat vaziri Piter Norman TeliaSonera so‘nggi voqealardan keyin o‘zining obro‘sini qayta tiklashi kerak deb aytgan.

TeliaSonera direktori Lars Nayberg esa shirkatga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar tasdiqlansa o‘zining iste‘fo berishini bildiradi.

O‘zbek rasmiylari shved matbuotidagi iddaolar va Shveytsariyada avvalroq boshlangan jinoiy tekshiruvlar, internetdagi shov-shuvli xabarlar borasida hamon sukut saqlamoqda.

Avvalroq "Uzmetronom" web sahifasida TeliaSonera bilan bog‘liq ishda Gulnora Karimova emas, balki yaqinda lavozimidan chetlatilgan Bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Oripovning qo‘li bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surgan edi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilib kelgan janob Oripovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.