BBC navigation

"Huquq faoli Gulshan Qorayeva tuhmat qilishda ayblanmoqda"

Сўнгги янгиланиш 27 сентябр 2012 - 14:16 GMT

O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha rahbari Gulshan Qorayevaning aytishicha, bugun kutilmaganda, uyiga o‘zlarini huquq-tartibot organlari xodimlari deya tanishtirgan 4 kishi kirib kelgan va uni Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasiga majburlab olib ketgan.

"Shahar ichki ishlar boshqarmasiga olib borishdi. O‘zimni shuncha odamni ichida ko‘rib o‘zim qo‘rqib ketdim. Dunyoni odami bor edi-da, u yerda. Kamera ham suratga tushirishni boshladi", deydi huquq faoli BBC bilan suhbatda.

Gulshan Qorayevaning aytishicha, u Qarshi shahar Ishchi ishlar boshqarmasida 2-3 soat davomida ushlab turilgan.

Va u internetda bosilgan "Qachon tergovchilar oqni qoradan ajratishni o‘rganisharkin?" nomli maqolasi yuzasidan so‘roq qilingan.

Maqolada Gulshan Qorayeva o‘z yaqinlariga nisbatan janjallar va ularga qarshi soxta da‘volar bo‘layotgani haqida gapiradi.

Faolning aytishicha, bugun unga maqolada nomlari keltirilgan ikki ayolga tuhmat qilganlik aybi qo‘yilgan.

Gulshan Qorevaga ko‘ra, ichki ishlar boshqarmasi xodimlari u ayollarga nisbatan "fohisha" degan so‘zni qo‘llaganligini aytishgan.

"Tushunmadim, u yerda da‘vogarni ko‘rmadim. Qarasam, 140-modda ham bor, 139 - modda ham bor. Shular bo‘yicha mani ayblashayapti hozir. Bu internetda chiqqan maqolalar bo‘yicha bo‘lyapti, asosan bittasini ushlab olishgan. Ish hozir "Qachon tergovchilar oqni qoradan ajratishni o‘rganisharkin?" deb nomlangan maqola bo‘yicha ketyapti. Maqolada: "Sizlar aytgan jabrdiyda bo‘lib turgan ayollar aslida jabr yetkazuvchilardir", deganman. Lekin, uni tagida qavs ichiga olib qo‘yishgan...ular "fohisha" degan narsani ilgari surishyapti", deydi Gulshan Qorayeva.

Huquq faoli o‘ziga qarshi ayblovlar asossiz ekani va maqolasida bunday jumla bo‘lmaganini aytadi.

Gulshan Qorayevaga ko‘ra, unga ish mahkamaga oshirilishi haqida aytilgan va himoyachi olishiga ham imkon berilmagan.

"O‘zlari manga bepul advokat topishibdi", deydi u.

Gulshan Qorayeva shahardan chiqib ketmaslik yuzasidan ogohlantirilgan va tilxat olinib qo‘yib yuborilgan.

Qashqadaryolik faolga qarshi tazyiqlar joriy yilning may oyidan boshlangan.

Gulshan Qorayeva 5 may kuni Milliy Xavfsizlik Xizmatiga josuslik qilishga rozi bo‘lmagani haqida maqola e‘lon qilishi ortidan, ko‘chada unga qator hujumlar va tahdidlar qilingan.

Bundan tashqari uning uyi devoriga nomaqbul so‘zlar yozilib, uyatsiz suratlar chizib ketilgani haqida ham xabar qilingandi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti O‘zbekiston hukumatini Gulshan Qoreva bilan bog‘liq holatga befarq qaramaslikka chaqirgandi.

Gulshan Qorayeva o‘zi va oilasiga nisbatan bosimlar o‘shandan beri to‘xtamagani, hozirgi ish esa, unga qarshi kampaniyaning bir qismi ekaniga ishonishini aytadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.