BBC navigation

Rossiya: Efirda mushtlashgan milliarder bezorilikda ayblandi

Сўнгги янгиланиш 27 сентябр 2012 - 09:42 GMT

Tergov qo‘mitasi "NTVshniki" teledasturi chog‘ida biznesmen Sergey Polonskiy bilan mushtlashib ketgani uchun mediamagnat Aleksandr Lebedevni rasman bezorilikda ayblagan.

Jonli efir chog‘idagi mojaro o‘tgan yil sentyabr oyida yuz bergandi.

Tergov farazicha, bankir janob Polonskiyga "jismoniy og‘riq va tan jarohati yetkazgan".

Mas‘ullarga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, milliarder Rossiya Jinoyat Kodeksining ikki bandi: "siyosiy adovat zaminida jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish" va "mushtlashish"da ayblanmoqda.

Rossiya Tergov Qo‘mitasidan bildirishlaricha, ayblanuvchidan "yashash joyini tark etmaslik xususida tilxat yozib berishi" so‘ralgan.

Ammo janob Lebedev maslahatchisining BBCga aytishicha, biznesmen bunday qilishdan bosh tortgan.

"Lebedev nazdida bunga hech bir hojat yo‘q. Tergov jarayoni bir yil davom etgan bo‘lsa, u huquq-tartibot idoralarining biror bir chaqirig‘ini bejavob qoldirmagan va biror joyga yashirinishga ham harakat qilgani yo‘q", deb aytgan maslahatchi Artemov.

Ikkovlon o‘rtasidagi mushtlashuv 2011 yil 16 sentyabr kuni NTV kanalining moliyaviy inqirozga bag‘ishlangan dasturi chog‘ida kelib chiqqandi.

Biroz dahanaki jangdan so‘ng, janob Lebedev kutilmaganda o‘tirgan joyidan irg‘ib turib, yonida o‘tirgan Polonskiyga bir nechta musht tushirgandi.

Milliarder Lebedev himoyachisi Genri Reznikning iddao etishicha, mijoziga qarshi ayblovlar "mutlaq to‘qima".

Himoyachiga ko‘ra, hukumat shu yo‘l bilan biznesmenni Rossiyani tark etishga majbur qilishmoqchi.

"Menimcha, janob Lebedevning ijtimoiy faoliyati, korruptsiyaga qarshi rostmana kurash olib borayotgani, muxolif gazetalarni chop etayotgani, muxolifat faoli Navalniyni qo‘llab-quvvatlayotgani va boshqa yana ko‘plab "gunoh"lari uchun jazolashmoqchi", deydi himoyachisi.

Eng so‘nggida shuni ta‘kidlash joizki, agar aybdor deb topilsa, Aleksandr Lebedev 300.000 rubl miqdorida jarimaga tortilishi yoki 5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ayblanuvchi himoyachisining urg‘ulashicha, shu yilning avgust oyida Rossiya mahkamasi Pussy Riot guruhi a‘zolarini ham xuddi shu ayblovlar asosida hukm etgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.