BBC navigation

"Musulmonlar gunohsizligi" filmining rejissyori hibsga olingan

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 10:04 GMT

Nakula Basil aksilislomiy film uchun emas, balki Amerika qonunlarini buzganligi uchun qo‘lga olingan

Musulmon dunyosida ommaviy nafrat va namoyishlarga sabab bo‘lgan aksilislomiy filmning rejissyori deb gumon qilingan shaxs Kaliforniyada qo‘lga olingan.

Los Anjeles prokuraturasining Reyter agentligiga bildirishicha, 55 yoshli Nakula Basil aksilislomiy filmga aloqadorligi uchun emas, balki qamoqdan shartli ravishda ozod qilinganlik shartlarini buzganligi sababli hibsga olingan.

2010 yilda iqtisodiy qalloblikda ayblanib 21 oyga qamalgan Nikola Basil 2011 yilda internetdan ruxsatsiz foydalanmaslik va taxallus ishlatmaslik shartlari bilan ozod qilinadi.

Prokuraturaga ko‘ra, Nakula Amerika qonunlarini buzgan va qochib ketish xavfi borligi uchun yana hibsga olingan.

Bundan oldin Amerika hukumati YouTube tarmog‘idan "Musulmonlar gunohsizligi" filmini olib tashlashni so‘rab Google shirkatiga murojaat qilgan, biroq joylashtirilgan video YouTubedan foydalanish tartiblarini buzmaganligini aytib shirkat tomonidan rad qilingan edi.

Prezident Barak Obama va Oq Uy Davlat Kotibi Hillari Klintonning aksilislomiy filmni qoralab qilgan murojaatlarini Pokiston televideniyesida aylantirish AQSh hukumatiga 70 ming dollarga tushganligi aytiladi.

"Musulmonlar gunohsizligi" filmi iyulda chiqqan bo‘lsa ham, musulmon davlatlaridagi namoyishlar 11 sentyabrdan keyin bir qancha arab davlatlari u haqda e‘lon qilishganidan so‘ng boshlanib ketadi.

Filmda qatnashgan aktyorlar o‘zlarini "Sahro jangchilari" filmiga deb suratga olishgani, s‘yomka jarayonida Muhammad payg‘ambar va islomni haqorat qiladigan hech qanday gap bo‘lmaganini aytishgan.

O‘tgan haftada Pokiston Temir yo‘l transporti vaziri G‘ulom Ahmad Billur Peshavordagi matbuot anjumanida aksilislomiy film rejissyorining boshi uchun 100 ming dollar va‘da qilib chiqqan.

Prezident Obama o‘z fuqarolarini Pokistonga safar qilishdan ogohlantirgan.

Charlie Hebdo jurnalida Muhammad Payg‘ambar kulgi qilingan surati bosilishi ortidan Frantsiya hukumati 20dan ortiq musulmon davlatlarida o‘z elchixonalarini yopishiga to‘g‘ri kelgandi.

Shu hafta boshida Misrning "Al-Vatan" ro‘znomasi Charlie Hebdoda bosilgan Muhammad payg‘ambar hajv qilingan suratlarga javoban "G‘arb islom dunyosini qanday ko‘radi" sarlavhasi ostida hajv kampaniyasini boshlagan. "G‘oyaga qarshi g‘oya" ko‘rinishida madaniyatli ish qilgan ro‘znomaning karikaturalari misrliklar tomonidan olqishlangan.

Aksilislomiy filmga qarshi namoyishlarda jami halok bo‘lganlar 50 dan oshgan yana o‘nlab kishilar jarohat olganligi xabar qilingan.

Namoyishlar Pokiston, Liviya, Malayziya, Iroq, Bangladesh va boshqa qator musulmon davlatlarida bo‘lib o‘tgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.