BBC navigation

Osiyoda aholining keksayib borayotgan qatlami qanchalar himoyalangan?

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 13:50 GMT

Osiyo bo‘ylab keksalar soni ortayotgani mintaqa hukumatlari qarshisida aholining ayni mana shu ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan qatlami qashshoqlik qa‘riga tushib qolmasligini ta‘minlash vazifasini qo‘yadi.

Osiyo Taraqqiyot Banki tarafidan chop etilgan yangi kitobda mintaqadagi ayni holat bilan bog‘liq demografik va ijtimoiy o‘zgarishlar qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘proq zahira kerakligi yuzasidan bong uriladi.

Shuningdek, kitobda "ijtimoiy nafaqa" masalasi ham mubohasa etilgan. Umuman, Osiyoda keksalarni ijtimoiy himoyalash mavzusi qanchalar dolzarb?

Biz bu haqda mualliflar Shri Uvening Handayani va Babken Babajaniandan so‘radik:

Shri Uvening Handayani: Ma‘lumotlar 2007 yil Osiyoda 400 million keksa bo‘lganini ko‘rsatadi. 2015 yilga kelib esa, aholining ushbu qatlami 1.3 milliard nafarni tashkil etishi bashorat qilingan. Bu odamlarning aksari uchun esa, nafaqa tizimi ishlamaydi. Ijtimoiy nafaqa qariyalarga hukumat byudjetidan ajratiladigan naqd puldir. Bu biron bir jamg‘armadan olinadigan mablag‘ emas. Osiyodagi sanoqli mamlakatlargina bunday dasturga ega.

BBC: Biron bir mamlakatdagi daromad hajmidan kelib chiqsak, ijtimoiy nafaqa qanchani tashkil qiladi?

Shri Uvening Handayani: Bangladesh va Nepalda o‘tkazilgan tadqiqotlardan biri ijtimoiy nafaqat yalpi ichki mahsulot hajmining 1 foizidan kamrog‘ini tashkil etishini ko‘rsatgan. Mualliflarimizdan biri tahliliga ko‘ra, qariyalarni ta‘minlash qisqa muddat uchun yalpi ichki mahsulot hajmining 1,5 foizi, uzoqroq muddat uchun 2,5 foizi deganidir. Ijtimoiy nafaqa oziq-ovqat, salomatlikni saqlash va ba‘zi ijtimoiy faoliyatlarni qoplashi kerak bo‘ladi.

BBC: Osiyo bo‘ylab juda ko‘p ijtimoiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Markaziy Osiyodagi inson hayotiga katta ta‘sir qilayotgan hol bu mehnat muhojirligidir. Chunki, ishga yaroqli aholining katta qismi bugun xorijga yo‘l solmoqda. Mazkur holat o‘tmishda oila a‘zolari qaramog‘ida bo‘lgan qariyalar hayotiga qanday ta‘sir qiladi?

Shri Uvening Handayani: Agar Markaziy Osiyoga qarasangiz, Sho‘rolar tizimi qulaganidan keyin nafaqa tizimida yirik islohotlar qilindi. Borgan sari ko‘proq odamlar muhojirlikka yuz tutishlari bilan iqtisodga juda katta pul kirib keldi. Hamon keksa yoshdagilarni oilaviy dastak va ijtimoiy tarmoqlar muhofaza qilmoqda. Ammo, shaharlashuv, zamonaviy turmush tarzi bois mazkur tizim zaiflashmoqda. Shu bois, biz ijtimoiy nafaqani ta‘minlashda hamon davlatning roli ahamiyatli, deb o‘ylaymiz.

BBC: Markaziy Osiyo Osiyoning boshqa qismidan farq qiladi. Ya‘ni, Sho‘rolar davridan meros qilib olgan nafaqa tizimi odamlarning ish faoliyatlari bilan bog‘liq. Bu mamlakatlar Sho‘ro davridagi ba‘zi g‘oyalarni saqlab qolganlari yaxshi bo‘lganmi yoki o‘tmishdagi tizimni yo‘q qilib, barchaga umumiy ijtimoiy himoya beradigan nafaqa tizimiga o‘tish kerak edimi?

Babken Babajanian: Markaziy Osiyodagi Sobiq Sho‘ro mamlakatlarining farq qiluvchi jihati - ular Sho‘ro tizimining eski asoslarini saqlab qolishgan. Bu esa, nafaqa uchun qo‘yib boriladigan pulga asoslangan. Ya‘ni, muayyan shaxs o‘z nafaqa jamg‘armasiga ma‘lum miqdorda mablag‘ ajratib boradi va nafaqa yoshiga yetgan payt bu pulni ishlatishga muvaffaq bo‘ladi. Ushbu tizim ishlayapti. Nafaqa uchun pul qo‘yib bormaganlar ham keksaygan paytlari davlatdan pul olishadi, ammo bu juda kam miqdorda. Ya‘ni, bu pul nafaqaxo‘rning zaruriy ehtiyojlarini qoplash uchungina yetadi. Bir tarafdan Markaziy Osiyo mamlakatlarida saqlangan sho‘rocha tizim hayotning ko‘p qirralarini inobatga olgan tizim bo‘lgan. Ammo, muammo, aniqki, moliyaviy imkoniyatlar va nafaqa jamg‘armasiga pul qo‘yib borishga qanchalar qodirlik bilan bog‘liq. Ya‘ni, savol ostida qolayotgani tizimni qanchalar uzoq saqlab qolish mumkinligidir.

BBC: Demak, qog‘ozda tizim chiroyli ko‘rinadi, biroq Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qashshoq mamlakatlardagi haqiqiy manzara shuki - u yerda Sho‘ro davridagi kabi ko‘p ish o‘rinlari yo‘q va norasmiy iqtisod amal qiladi.

Babken Babajanian: Mazkur tizim haqiqatda ishlamoqda. Mintaqadagi qashshoqlik darajasi tadqiq etilganda, qashshoqlik darajasi kamaygani alomatlari ko‘zga tashlangan. Nafaqaxo‘rlar o‘z kichik hamyonlaridan nevaralari maktab xarajatlarini qoplashga yordam berishgan. Ammo, ular oladigan pul juda arzimagan va kam miqdorda, chunki tizim moliyaviy jihatdan o‘ta zaif. Endi oldinda tizimni kuchaytirish va ehtiyojlarni qoplash imkoniyatlarini oshirish vazifasi turibdi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.