BBC navigation

"Ommaviy qotillikka mutaassib dindorlar aybdor"

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 13:12 GMT

Qozog‘iston politsiyasi o‘tgan oy Olma-ota shahri yaqinida sodir etilgan ommaviy qotillik bilan aloqadorlikda radikal diniy tashkilotning ikki a‘zosini qidirayotganligini ma‘lum qilgan.

Hodisa avgust oyi oxirlarida yuz bergan va Ili-Olatau milliy xiyobonidan o‘rmonchisi doxil pichoqlab o‘ldirilgan o‘ndan ortiq kishining yoqib yuborilgan jasadlari topilgandi.

Qozog‘iston politsiyasi dastlab ommaviy qotillikka jinoiy tortishuvlar sabab bo‘lgan, degan taxminni ilgari surgandi.

Oradan bir oy o‘tib, endi yuz bergan hodisada "ekstremist diniy guruh" a‘zolari aybdor, degan faraz bilan chiqmoqda.

Politsiya so‘z aynan qanday diniy tashkilot haqida ketayotganini ochiqlamagan, ammo gumondorlar sifatida 37 yoshli Sayan Xayrov va 34 yoshli Zaurbek Bo‘taboyevlarning nomlarini keltirgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, shu yil iyul oyida Olma-ota chekkasidagi hovlida sodir etilgan va yetti kishining umriga zomin bo‘lgan portlashda ham bu ikki gumondorning qo‘li bor.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, diniy ekstremizm Qozog‘istonda halicha boshqa davlatlarda kuzatilayotgani darajasiga o‘sib yetmagan.

"Bugun Qozog‘istonda diniy ekstremizm diniy mutaassiblar va oddiy bezori to‘dalar orasidagi bir ko‘rinishni aks ettiradi. Ular qandaydir diniy g‘oyalarni qalqon qilib olib, odamlarni tashmalash ishlari bilan shug‘ullanishadi", deydi shu mavzuda qalam tebratib kelayotgan qozog‘istonlik jurnalist Gennadiy Bendtsikiy.

Unga ko‘ra, Qozog‘istonda o‘zini diniy va ekstremist sifatida taqdim etayotgan, ammo biror bir nom ostida harakat qilmaydigan guruhlar ozmuncha emas.

"Nazarimda, bunday odamlar radikal g‘oyalarni uzuq-yuluq targ‘ib etishsa-da, hatto, Islom dini haqida tuzuk-quruq tasavvurga ega emaslar", deydi jurnalist.

U Olma-ota shahri yaqinidagi ommaviy qotillikni ham xuddi ana shunday shaxslar uyushtirishganiga ishonchi komilligini aytadi.

Gennadiy Bendtsikiyning nazarida, bu kabi guruhlarning paydo bo‘lishiga yoshlarning tarbiyasida yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, o‘tgan yigirma yil ichida mamlakatga turli niqoblar ostida ayrimlari ekstremistik qarashga ega har xil dindorlarning kirib kelib, mas‘ullarning ularning faoliyatlariga jiddiyroq e‘tibor qaratishmagani sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston va diniy ekstremizm

Yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyoda "barqarorlik" oroli sifatida ko‘rilgan Qozog‘istonda o‘tgan yildan boshlab "islomiy ekstremistlar" bilan bog‘lanayotgan terrorchilik faoliyatining birdaniga kuchaygani kuzatiladi.

Joriy yilning birinchi yarmi nisbatan tinch kechgan esa-da, yoz oylarida yana qator portlash hodisalari va otishmalar yuz berdi.

O‘tgan yil may oyida g‘arbiy Akto‘ba shahrida amalga oshirilgan ilk xudkushlik hujumi ortidan kuzatilgan qator zo‘ravonlik amallarida aksariyati terrorchi ekanlikda gumon etilayotgan shaxslar va huquq-tartibot xodimlari doxil o‘nlab kishilar qurbon bo‘lishgani xabar berildi.

Shu paytgacha mutaassib dindorlik alomatlari kuzatilmagan Qozog‘istonda bu kabi isyonchilik hujumlari ortida aniq qanday sabablar turgani ma‘lum emas.

Ammo ayrim mintaqaviy tahlilchilar buning sababini Qozog‘istonda boylar va kambag‘allar orasidagi tabaqalanishning qanchalik keskin ekani bilan ham izohlashgandi.

Zo‘ravonlik hollarining aksariyati janubiy Olma-ota shahridan bir necha chaqirim uzoqda, mamlakatning janubiy Rossiya bilan chegaradosh g‘arbiy mintaqalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Lekin Olma-ota va uning atroflarida sodir etilayotgan hujumlarga aloqadorlikda ko‘rilayotgan "jangari guruhlar"ning mamlakat g‘arbidagilari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishlari yoki yo‘qligi ma‘lum emas.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, Qozog‘istonning tog‘li hududlarida ommaviy qotillik hollarining ilk bor yuz berishi emas.

Shu yilning may oyida Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradosh tog‘li nuqtasida ham 14 chegarachi o‘ldirilgan va jasadlari yoqib yuborilgan edi.

Qozog‘iston Bosh Prokuraturasi ushbu qotillik ichki nizolar natijasida kelib chiqqani va bu zastavada xizmat qiluvchi Vladislav Chelax safdoshlarini o‘ldirganini tan olganini rasman ma‘lum qilgandi.

Keyinchalik Vladislav Chelax qotillik qilmagani va ushbu ko‘rsatmalarni ruhiy bosim ostida berganini bildirgandi. Uning mahkama ishi hozir ham davom etmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.