BBC navigation

"Qirg‘izistonda milliy ozchiliklar: Dardga davo izlab"

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 13:33 GMT

Shu kunlarda Varshavada davom qilayotgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson huquqlariga bag‘ishlangan yillik anjumani doirasida "Qirg‘izistonda milliy ozchiliklar: Dardga davo izlab" mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tgan.

Dastlab ayni tadbir tashabbuskori bo‘lgan Alisher Navoiy Instituti ijodkorlari tomonidan suratga olingan, Qirg‘iziston janubidagi qonli voqealardan so‘ng ikki yil o‘tgach ham bu mamlakatda millatlaro munosabatlarning hamon ayanchli holatda qolayotgani hamda o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi rishtalarni qayta tiklash choralarini izlashdan hikoya qiluvchi yangi film namoyish etilgan.

Davra suhbatiga mintaqa bo‘yicha ish olib boruvchi bir qator mutaxassislar taklif etilgan edi:

Qirg‘iziston janubidagi 2010 yil zo‘ravonliklarini taftish etgan Xalqaro tadqiqot guruhi rahbari Kimmo Kilyunen, Inson huquqlari "Memorial" tashkilotining mintaqa bo‘yicha eksperti Vitaliy Ponomarev, rossiyalik etnolog olim Igor Savin, Inson huquqlari instituti yetakchi mutaxassisi Yelena Ryabinina va qirg‘izistonlik huquq himoyachisi, "Qilim shomi" tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulova ishtirok qilgan tadbir davomida xunrezliklarga sabab bo‘lgan omillar va fojealardan ikki yil o‘tib, mamlakat rasmiy idoralarining jabr ko‘rganlargi nisbatan adolatni qaror topdirish uchun nima qila olganlari yoki yo‘qligi, qochqinlar muammolari va umuman, mamlakatda ayni damda millatlararo munosabatlar qay holatda ekanligi haqida munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Kimmo Kilyunen oradan ikki yil o‘tgach ham, ayrim qadamlar mustasno qilinganda, Qirg‘iz hukumatining milliy siyosatida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmayotgani, voqealardan jabr ko‘rganlarning aksariyati o‘zbeklar bo‘lgani holda jinoiy javobgarlikka tortilganlarning ham asosiy ko‘pchiligi shu millat vakillari ekanligi va ularning ishlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan davomli chaqiriqlar javobsiz qolayotganidan taassuf bildirdi.

Unga ko‘ra, vaziyatni yumshatish o‘rniga mahalliy darajadan tortib, davlat miqyosida ham sodir bo‘lgan xunrezliklarda o‘zbeklarni bosh aybdor etib, ularni muttasil abgor qilish amaliyoti saqlanib qolmoqda.

Bunday holat esa mamlakatda vaziyatni o‘nglash ishiga mutlaqo xizmat qilmaydi. Kimmo Kilyunen Qirg‘iziston kelajagi mamlakatda qirg‘izlardan boshqa millatlar ham istiqomat qilishini jiddiy tarzda nazarda tutgan mutlaqo yangi milliy siyosat ishlab chiqilishi va bunday siyosatning amalda joriy etilishi bilan bog‘liq ekanini ta‘kidladi.

O‘zi rahbarlik qilgan tadqiqot guruhi tavsiyalarining nechog‘li samarali ekanligiga to‘xtalar ekan, xalqaro tashkilotlar, xususan, OXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha komissarligi Qirg‘izistondagi vaziyat rivojini aynan shu tavsiyalar asosida kuzatib borayotganini bildirdi.

Rossiyadagi Inson huquqlari instituti yetakchi mutaxassisi Yelena Ryabininaning aytishicha, 2010 yil iyun hodisalari aksari o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan navbatdagi qochqinlar to‘lqinining Rossiyadan boshpana izlashiga olib keldi.

Hujjatlari joyida bo‘lganlar dastlabki paytda RF fuqaroligini olish bo‘yicha soddalashtirilgan tartibdan foydalana bilishdi.

Ammo rasman qochqin maqomini olganlar umumiy qochqinlar miqdorining arzimagan ulushini tashkil etgan.

Bunday tartib ko‘p o‘tmay bekor qilinar ekan, shu bilan bir vaqtda Qirg‘iziston tergov idoralari, ularga ko‘ra, O‘sh qirg‘ini davomida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotganlarni topshirish bo‘yicha so‘rovlar yuborishni boshlaganlar. Shunday so‘rov yuborilganlarning mutlaq ko‘pchiligi o‘zbeklardir.

Ryabininaga ko‘ra, qirg‘iz millatiga mansub biror shaxsga bunday so‘rovlar yuborilganligi o‘zi mansub tashkilotga ma‘lum emas.

- Qochqinlar ishlari bo‘yicha mutaxassisning yana ta‘kidlashicha, qirg‘iz rasmiylari rossiyalik hamkasblariga yuborayotgan bu kabi hujjatlar o‘zining yaqqol ko‘rinib turgan soxtaligi bilan kishining ensasini qotiradi. Xususan, tashkilot qo‘lga kiritgan rasmiy hujjatlarda ma‘lum bir jinoyatda ayblanayotgan shaxsning ismi ko‘rsatilgan joy bo‘sh qoldirilgan, ayblov bayonnomalari esa har bir holatda "NNN, ommaviy tartibsizliklar sodir etish va qirg‘iz millatiga mansub fuqarolarni o‘ldirish maqsadida uyushgan o‘zbek millatiga mansub shaxslar guruhiga qo‘shilgan holda..." kabi jumlalar bilan boshlanadi. Istalgan kishining ismi kiritilishi mumkin bo‘lgan, boshdan-oyoq shubha uyg‘otadigan bu kabi so‘rovlar Rossiya Federatsiyasining mas‘ul idoralarini hushyor torttirishi kerak bo‘lgani holda, jonini omon saqlash chorasi sifatida yurtini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan qochqinlarning berib yuborilishiga sabab bo‘layotgani o‘ta achinarlidir, deydi Yelena Ryabinina.

Qirg‘izistonlik huquq faoli Aziza Abdirasulova o‘tgan vaqt davomida o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot olib borgan ishlarga to‘xtaldi.

Unga ko‘ra, "Qilim shomi" tashkiloti 2010 yil iyun voqealari davomida halok bo‘lganlar miqdorini aniqlash, harbiy qismlardan qurollar tortib olinishi, mahkama jarayonlari monitoringi va mahkamaga tortilganlarning milliy mansubligi nisbatiga doir oltita hisobot e‘lon qilgan.

Hokimiyat organlarining hodisalar davomidagi roli taftishiga bag‘ishlangan so‘nggi hisobotda tahlillar nizo ishtirokchilarining milliy mansubligiga ko‘ra emas, balki bunda davlatning javobgarlilik darajasiga urg‘u berilgan.

Huquq faolining aytishicha, aprel voqealaridan so‘ng markaziy hokimiyat joylarda mutlaqo tizginni qo‘ldan boy bergan, voqealarga hushyor baho berish qobiliyati bo‘lmagan.

Oqibatda bular qanday kuchlar tomonidan sodir etilganidan qat‘i nazar, vaziyat izdan chiqarilgan, harbiy qismlardan ommaviy tarzda qurollarni tortib olish va ularni jinoiy maqsadlarda ishlatish keng tus olgan.

Ayrim hollarda esa haliga qadar kimlar ekani to‘la aniqlanmagan harbiy kiyimdagi noma‘lum shaxslar harbiy texnikalar vositasida qurolli to‘dalarning o‘zbek mahallalariga uyushtirgan hujumlarida faol ishtirok etishgan.

Bu kabi o‘ta jiddiy holatlarni mantiqiy yakuniga qadar taftish qilish, haqiqiy jinoyatchilarni munosib jazoga tortish Qirg‘iziston hukumatining birinchi galdagi vazifasidir, ammo rasmiylarning bu boradagi butun hatti-harakatlari, to‘g‘rirog‘i – harakatsizligi bu kabi jiddiy tergovdan ularning manfaatdor emasligini ko‘rsatadi.

Ammo, deydi Aziza Abdirasulova, "qirg‘iz hukumati qachondir o‘zida shunday iroda topa bilishi kerak, milliy totuvlikni amalda tiklash uchun, mamlakat sha‘nini tiklash uchun bundan boshqa chora yo‘q".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.