BBC navigation

Prezident nega aholini ikki yilga oziq-ovqat g‘amlashga chaqirmoqda?

Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2012 - 11:44 GMT

Mintaqadagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan Tojikiston rahbari Imomali Rahmonning so‘nggi da‘vatini ayrim tahlilchilar Markaziy Osiyodagi ehtimoliy mojarolar xavfi bilan ham bog‘lashmoqda.

Prezident Rahmonning o‘zi esa, chorshanba kungi murojaatining sababini bu yil qishning qattiq kelishi va uzoqqa cho‘zilishi bilan izohlagandi.

Ammo, Dushanbedagi muxbirlarimizga ko‘ra, tojik rahbarining chiqishi ortidan gidrometereologiya markazi xodimlari bilan bog‘lanishganida, ular o‘zlarida hozircha bu kabi ma‘lumot yo‘qligini aytishgan.

"Ustiga ustak, Tojikiston gidrometereologiya markazlari halicha ob-havoni uzoqqa bashorat qilish salohiyatiga ega emaslar. Faqat besh kun haqidagina oldindan ma‘lumot berishlari mumkinligi haqida-ku, aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi", deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

Tahlilchilar esa, bularning barchasini nazarda tutib, prezident Rahmonning bu kabi da‘vati ortida boshqa sabablar yotgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarni ilgari surishmoqda.

Muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, ekspertlar O‘zbekiston va Rossiyada kuzatilgan qurg‘oqchilikni nazarda tutib, eng avvalo buning sababini g‘alla va yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining ko‘tarilib ketishi ehtimoli bilan izohlashmoqda.

Ammo, unga ko‘ra, so‘nggi yillarda mintaqada narx-navolar muttasil ravishda oshib borayotganini nazarda tutib, prezident Rahmonning chiqishini qo‘shni davlatlardan kelayotgan tahdid yoki mintaqada vaziyatning izdan chiqib ketishiga oid xavotirlar bilan bog‘layotganlar ham yo‘q emas.

Aholi munosabati

Tojikistondagi muxbirlarimizga ko‘ra, prezident Rahmon ilk bor bunday da‘vat bilan chiqmayotgani uchun, aholi uning chiqishini jiddiy olmay, hazil-huzul bilan munosabat bildirmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, Tojikistonda buning uchun ijtimoiy-iqtisodiy asoslarning umuman yo‘qligini aytib, mamlakat rahbari chaqirig‘iga quloq tutishning o‘zi imkonsizligini ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, aholi ikki yilga oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlaydigan bo‘lsa, buning uchun ulkan moliyaviy zaxiralar lozim.

Kuzatuvchilar odamlarda bunday pulning o‘zi yo‘qligi, mamlakat aholisining yarmiga yaqini nochorlikda va o‘zga yurtlarda mehnat muhojirligida band yaqinlari yuborayotgan pullar hisobiga kun kechirishlarini aytishadi.

Ular, boshqa tomondan, Tojikiston bozorlarining sotuvga chiqarish uchun buncha katta miqdordagi oziq-ovqat zaxiralariga ega emasligini aytib, aholining puli bo‘lgan taqdirda ham, ikki yilga g‘amlab qo‘yish darajasida mahsulot sotib olishlari imkonsizligini urg‘ulashadi.

Mahalliy kuzatuvchilar nazdlarida bu kabi da‘vatlar aksilsamara berib, mamlakat bozorlarida narx-navolarning ommaviy ravishda keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Prezident Rahmon murojaatining qanchalik noamaliy ekani sabablariga to‘xtalarkan, ular buning uchun aholida katta miqdordagi oziq-ovqat zaxiralarini saqlash uchun, hech bo‘lmaganda, eng oddiy shart-sharoitlar bo‘lishi taqozo etilishiga e‘tibor qaratishadi.

Ular katta sondagi odamlarning tirikchiliklari havas etib bo‘lmaydigan darajada ekanligini nazarda tutib, bu haqda so‘z yuritishning o‘zi ortiqcha ekanini aytishadi.

Kuzatuvchilar, o‘z o‘rnida, aynan kuz, qish va bahor oylarida mamlakatda elektr energiyasi qanchalar taqchil bo‘lishi, sotib olingan mahsulotlarni hech qanaqasiga ikki yilga saqlab bo‘lmasligini ta‘kidlashadi.

"Shuning uchun ham aholi prezident Rahmonning bu kabi chiqishlariga deyarli e‘tibor bermaydi", deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

Unga ko‘ra, shu sababdan ham, mamlakat rahbarining chiqishidan ikki kun o‘tgan bo‘lsa ham, mamlakat bozoru do‘konlarida talo-to‘plar kuzatilmaydi va savdo-sotiqlar ham odatdagisidan farq etmaydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.