BBC navigation

Afg‘onistonda o‘ldirilgan AQSh askarlari soni 2000ga yetdi

Сўнгги янгиланиш 1 октябр 2012 - 14:49 GMT

Qo‘shma Shtatlar harbiyligi Afg‘onistonda ikki minginchi askarini boy bergan.

AQSh askari va shartnoma asosida xizmat qilgan yana bir xorijlik mamlakat sharqida, aftidan, afg‘on xavfsizlik kuchlari a‘zosi tarafidan o‘ldirilgan.

Joriy yil "ittifoqchilar" orasidagi hujumlar soni keskin ortgan va oy o‘rtalarida koalitsiya qo‘shma harbiy amaliyotlarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.

Biroq, Pentagon yaqinda mazkur amaliyotlar qayta yo‘lga qo‘yilganini ma‘lum qilgandi.

"Nazorat nuqtasidagi mojaro"

AYESAF - Xalqaro Xavfsizlik Ko‘mak kuchlari voiziga ko‘ra, yangi o‘lim hollari shanba kuni Vardak viloyatda ro‘y bergan.

Shartnoma asosida xizmat qilgan xorijlikning qaysi mamlakat fuqarosi ekani hali ochiqlanmagan.

Afg‘on rasmiylari xorijiylar bilan kelishmovchilik Saidobod ulusvorligida Afg‘on Milliy Armiyasi bazasi yaqinidagi nazorat nuqtasida kelib chiqqanini aytishadi.

Vardak viloyati politsiya xizmati boshlig‘ining BBCga aytishicha, hodisada qator afg‘on askarlari ham o‘ldirilgan.

Viloyat hokimligi voizi Shahidulloh Shahidning matbuotga bildirishicha, afg‘on askarlaridan biri qurolini amerikalik safdoshlariga to‘g‘irlab ota boshlangan.

"Dastlabki xabarlar afg‘on armiyasi askarlari va amerikaliklar o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqqaniga ishora beradi", deydi u.

Deyli Telegraf muxbirining mahalliy odamlardan iqtibos keltirilishicha, ular aholi turar-joylarida tintuv o‘tkazish masalasida kelishisha olmagan.

Har ikki tomon harbiy rasmiylari hodisa yuzasidan tekshiruv boshlashgan.

Joriy yil ittifoqchi askarlar qurollarini bir-birlariga to‘g‘irlashlari oqibatida kamida 52 xorijiy askar nobud bo‘lgan. Ulardan yarmi amerikaliklardir. Bu raqam o‘tgan yil 35 nafarni tashkil etgan.

Afg‘onistondagi Qo‘shma Shtatlar va NATO kuchlari bosh qo‘mondoni General Jon Allen mazkur holatlardan o‘ta xafsalasi pir ekanini bildirgan.

Joriy oy yuzlab afg‘on askarlari ayni turdagi "ichki hujumlar" bois harbiylikdan haydalgani va yo hibsga olingani ma‘lum qilingan.

NATO jangovor qo‘shinlarini 2014 yil oxirlarida butunlay olib chiqish rejalagan.

Ammo, xorij askarlari yana bir necha yillar afg‘onlar bilan bir safda xizmat qilishlari va ularni tayyorlovdan o‘tkazishlari ko‘zda tutilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, agar o‘z xorijiy ittifoqchilariga qarshi qurollarini to‘g‘irlayotgan afg‘on askarlari soni ortib borsa, bu reja ro‘yobga chiqmasligi mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.