BBC navigation

Milliarder Alisher Usmonov biznesni tark etmoqchi

Сўнгги янгиланиш 1 октябр 2012 - 13:33 GMT

Rossiyaning "eng boy" odami, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov hissalarini yagona xolding ostida birlashtirgach, o‘zi ortiq bizneslarini boshqarish niyatida emasligini aytmoqda.

"Biz tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya, internet, ommaviy-axborot vositalari, moliya va sarmoya sohalaridagi hissalarimizni bir yerga jamlashi mumkin bo‘lgan yirik xolding tuzish maqsadidamiz", deb aytgan janob Usmonov "Reyter" axborot agentligiga bergan suhbatida.

Alisher Usmonovning biznes-saltanati temir rudasini qazib chiqarish asosiga qurilgan.

Rossiyalik milliarder yana "Kommersant" gazetasi va Rossiyada katta nufuzga ega barcha nashriyot uylariga egalik qiladi.

Londonning "Arsenal" klubi hissalarini sotib olishi, mail.ru internet portalini birjaga chiqarishi va faoliyatining ilk yillarida Facebook ijtimoiy muloqot tarmog‘ini dastaklashi ortidan joriy paytda Britaniyada istiqomat qiluvchi janob Usmonov xalqaro miqyosdagi biznes-shaxsga aylanadi.

Ammo yillik tushumi qariyb 25 milliard dollar bo‘lishi taxmin etilayotgan xolding tuzilgach esa, Alisher Usmonovning o‘zi uning boshqaruvida faol ishtirok etmoqchi emas.

Milliarder buning sababini ortiq biznes bilan shug‘ullanish istagi yo‘qligi bilan izohlamoqda.

"Har bir aktiv hissadorlardan mustaqil bo‘lgan menejerlar guruhi nazorati ostida bo‘ladi. O‘zim ham hissador sifatida bundan keyin boshqaruv ishlariga jiddiy aralashmoqchi emasman", deb aytgan janob Usmonov.

Badavlat biznesmen o‘z hissalarini yagona xolding ostida birlashtirish rejasida ekanini ilk bor shu yil aprel oyida Amerikaning Forbes jurnaliga bergan suhbatida aytgandi.

Ayon bo‘lishicha, asosiy hissadorlari shariflarining ilk harflaridan olinib, barpo etilajak tuzilma USM Holding deb nomlanadi.

Agar ularning rejalariga qaralsa, Alisher Usmonov xolding hissalarining 50%, "Yagona Rossiya" partiyasidan Davlat dumasi deputati bo‘lgan Andrey Skochning jamg‘armasi 30% va milliarderning biznes sherigi Farhod Moshiriy 10% iga egalik qilishadi. Hissalarning qolgan 10 foizi esa, menejment uchun asrab qo‘yiladi.

Kelasi olti oy ichida barpo etilishi kutilayotgan xolding rahbari esa, Alisher Usmonovning hamkori Ivan Streshinskiy bo‘lishi aytilmoqda.

Milliarderlar ro‘yxatida

Shu yilning aprel oyida Forbesjurnali milliarder Alisher Usmonovni Rossiyaning eng boy odami, deb topgandi.

Bundan avval ham janob Usmonov jurnalning yillik ro‘yxatida Rossiyaning badavlat odamlari qatoridan joy olib kelgan bo‘lsa ham, bu yil ilk bor peshqadamlikka chiqib olgandi.

Forbes jurnali milliarderning boyligini 18,1 mlrd AQSh dollari deya baholagandi.

Ammo, agar Bloomberg agentligining hisob-kitoblariga qaralsa, Alisher Usmonovning boyligi 20 milliard AQSh dollaridan ortadi.

Sunday Times nashrining Britaniyadagi eng boy odamlar ro‘yxatida esa, janob Usmonov rossiyalik boshqa bir milliarder Roman Abramovich bilan birga bu yil yuqori uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lishgandi.

So‘nggi yillarda janob Usmonov asosan tog‘-kon sanoatidan katta foyda ko‘rayotgan bo‘lsa ham, internet va mobil shirkatlariga ham katta pul tashlamoqda.

Deylik, shu yilning o‘zida biznesmen Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqasidan qariyb 1 milliard foyda ko‘rgan. Rossiyadagi uchta yirik mobil operatorlaridan biri bo‘lgan "Megafon"ning nazoratini o‘z qo‘liga olgan.

Eng omadli biznesmen

58 yoshli Alisher Usmonov asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, janob Usmonov Rossiyaning internet shirkati - Mail.ru ning 26.9 foiz hissalariga egalik qiladi.

U rossiyalik yana bir milliarder Yuriy Milner bilan birga Facebook Inc ning 10 foiz hissalarini nazorat qiladi.

Shuningdek, Londonning "Arsenal" futbol klubining 27 foiz hissalari ham janob Usmonovga tegishli.

Tarjimai hol o‘rnida

Namangan viloyatining Chust shahrida, prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov, britan matbuoti ma‘lumotlariga ko‘ra, 80-yillarda davlat mulkini o‘g‘irlash va firibgarlikda ayblanib, olti yil qamoqda o‘tirgan.

Alisher Usmonovning himoyachilari unga qarshi ayblar Sovet davrida tashkillashtirilgan bo‘lgani va janob Usmonovning Mixail Gorbachev rahbarligi davrida tamoman oqlanganini aytishgan.

2007 yilda "Gardian" ro‘znomasi bilan suhbatda janob Usmonov na O‘zbekiston va na boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgan.

Alisher Usmonov Kreml uni prezident Karimovga ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rishi haqidagi taxminlarni "o‘zini kremlshunos deb ataydiganlarning fantaziyasi" deb atagan.

U na prezident Karimov va na uning qizi Gulnora Karimova bilan aloqasi yo‘qligini aytgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.