BBC navigation

"Shvetsiyada O‘zbekistonga aloqador ko‘rilgan Takilant shirkatining hisobi muzlatilgan"

Сўнгги янгиланиш 1 октябр 2012 - 18:01 GMT

Svenska Dagbladet nashr etgan hujjatlardan biri

Shvetsiyaning nufuzli Svenska Dagbladet gazetining Dushanba kuni chiqqan soniga ko‘ra, Shvetsiya prokurori Stokgolm mahkamasidan Takilant shirkatiga tegishli 1.5 milliard shved kronasiga teng mablag‘ni muzlatib qo‘yishni so‘ragan.

Ayni nashrning qo‘lga kiritgan va nashr etgan hujjatlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Takilantga tegishli 30 million AQSh dollariga teng mablag‘ "qulflab" qo‘yilgan.

Sentyabr oylarining oxirlarida Shvetsiyada TeliaSonera shirkatining O‘zbekistonda ish yuritish uchun telekommunikatsiya litsenziyasini sotib olishiga doir tekshiruv boshlangan.

Shved davlatiga qisman tegishli bo‘lgan TeliaSonera 2007 yilda Gibraltardagi shirkatdan 3G-litsenziyalarini sotib olgan paytida O‘zbekistondagi mahalliy qonunchilikka binoan ish yuritganini ta‘kidlagan.

Shirkat vakili o‘zlariga qo‘yilayotgan noqonuniy pullarni qonunlashtirish va poraxo‘rlik ayblovlari bo‘yicha mustaqil tekshiruv olib boradigan mutaxassislar yollanishini ma‘lum qilsada, bu borada aniqroq tafsilotlotlarni oshkor etmagan.

Sentyabr oyi Shvetsiya televideniyesi O‘zbekistondagi Ucell shirkatining egasi bo‘lgan TeliaSonera Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytilgan shaxsga millionlab dollar to‘lagani iddao qilingan filmni namoyish qilgan edi.

Takilant shirkatining Prezident Karimov qizi Gulnoraga aloqasi borligi aytiladi

Shirkat O‘zbekistonda 3G mobil telefon aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat olish evaziga Gibraltarda qayd qilingan Takilant Ltd shirkatiga 320 million dollarga teng pul o‘tkazgan.

Film mualliflarining tadqiqotlari shuni ko‘rsatganki, Takilant Ltd ning egasi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan ayoldir.

Shved jurnalistlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bu ayol Shveytsariya rasmiylari tomonidan noqonuniy pullarni o‘zlashtirishga doir yirik tergov jarayoni markazida turadi.

Film mualliflarining BBCga aytishlaricha, ushbu film so‘nggi olti oyda olib borilgan jurnalistik surishtiruv natijalarini o‘z ichiga olgan.

Shvetsiya hukumat vaziri Piter Norman TeliaSonera so‘nggi voqealardan keyin o‘zining obro‘sini qayta tiklashi kerak deb aytgan.

TeliaSonera direktori Lars Nayberg esa shirkatga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar tasdiqlansa o‘zining iste‘fo berishini bildiradi.

O‘zbek rasmiylari shved matbuotidagi iddaolar va Shveytsariyada avvalroq boshlangan jinoiy tekshiruvlar, internetdagi shov-shuvli xabarlar borasida hamon sukut saqlamoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.