BBC navigation

Birmaning ilk sarmoya banki o‘zbekka tegishli

Сўнгги янгиланиш 2 октябр 2012 - 12:01 GMT

Sanktsiyalar bekor qilinishi ortidan, Birmada yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochilgan

AQShda chop qilinuvchi Huffington Post gazetasining Birmadagi muxbiri xabar qilishicha, o‘zbek sarmoyador 1 million dollar puli bilan Birmadagi ilk sarmoya bankini tashkil qilgan.

Alisher Ali ismli sarmoyador poytaxt Yangonda Mandalay Kapital nomi ostida sarmoya bankini ochgan.

O‘zbekistonlik bankir uzoq yillar AQSh va Ovro‘po iqtisodiy jazo choralari ostida tashqi biznes uchun yopiq bo‘lib kelgan, hamda endilikda keng siyosiy islohotlar amalga oshishi va sanktsiyalar bekor qilinishi bilan tashqi dunyoga ochilgan mamlakatda shirkat ochgan sanoqli xorijiy tadbirkorlardan biridir.

Alisher Alining sarmoya banki Birmaning kapitalga muhtoj mahalliy tadbirkorlarini Mongoliya, Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekistondan bo‘lgan tashqi investorlar bilan tanishtirmoqda.

Muxbirning yozishicha, sarmoya banki o‘zi nima ekanini bilmaydigan mamlakatda bu kabi bankni ochish oson bo‘lmaydi. Uning ustiga, Yangonda idora ochish uchun qulay bo‘lgan binolar kam, va bankning xodimlari uydan ishlayaptilar.

Janob Alining o‘zi o‘z sarmoya banki "juda yirik garov" ekanini aytgan. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi Mongoliyadagi tajribasiga asoslanishi aytiladi. Janob Ali u yerda 2008 yilda Yevraziya Kapital sarmoya bankiga asos solgan.

O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan va AQShning Kolumbiya va Britaniyaning Oksford universitetlarida ta‘lim olgan Alisher Ali Assoshieyted press agentligiga bergan intervьyusida Birmaga safarining ikkinchi kunidayoq bu mamlakatga sarmoya yotqizish fikriga kelganini aytgan.

Ikki oy o‘tgach, janob Ali o‘z ayoli va to‘rt farzandi bilan "tashlandiq va ko‘m-ko‘k" Yangonga ko‘chib o‘tib, Mandalay Kapital shirkatini ochgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.