BBC navigation

"Tojikiston Rog‘un GESini qurishga to‘la haqli"

Сўнгги янгиланиш 2 октябр 2012 - 16:29 GMT

Rog‘un GESi mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi eng qizg‘in tortishuvga sabab bo‘lib kelmoqda

"Tojikiston Rog‘un GESini qurishga to‘la haqli". O‘zbekistonlik hamkasbi ortidan BMT Bosh Assambleyasining 67-sessiyasida chiqish qilgan Tojikiston Tashqi ishlar vaziri ana shunday bayonot bilan chiqqan.

Hamroxon Zarifiyning yuqori minbardan turib aytishicha, mintaqada yetarlicha hamfikrlilik va hamkorlikning yo‘qligi, o‘zlarining qonuniy va hayotiy muhim manfaatlari inobatga olinmay kelinayotgan bois, mamlakati qish mavsumida juda keskin elektr ta‘minoti taqchilligiga yuz tutib kelmoqda.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, boshqa energiya manbasi yo‘qligi bois, ulkan gidroenergetik potentsialga ega mamlakati uchun ushbu sohani izchil va har tomonlama rivojlantirish hayotiy muhim masaladir.

"Bu xususdagi xalqaro hujjatlarga muvofiq, Tojikiston tabiiy zaxiralaridan o‘z xalqining farovonligi yo‘lida foydalanishga to‘la haqli", deb aytgan janob Zarifiy.

Tojikistonlik hamkasbidan avvalroq chiqish qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa, qurilishidan avval, Qirg‘izistondagi Qambarota doxil Tojikistonning Rog‘un GESi loyihasi yuzasida ham xalqaro ekspertiza o‘tkazilishiga chaqirgandi.

Janob Komilov, "Asosiy suv zaxiralari va millionlab odamlar uchun hayot manbai Amudaryo va Sirdaryo kabi chegaralarosha daryolar bo‘lgan mintaqadagi barcha gidroenergetik muammolar xalqaro huquqlarda belgilab qo‘yilgan me‘yorlar doirasida hal etilishi lozim"ligini ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, ushbu xalqaro hujjatlar tevarak-muhit va chegaralarosha daryolardan foydalanganda qo‘shni davlatlarning manfaatlariga ziyon yetkazmaslikni taqozo etadi.

Muammo nimada?

Tahlilchilarga ko‘ra, Tojikiston qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi iqtisodida dehqonchilik katta o‘rin tutuvchi va aholisi zich yashaydigan O‘zbekistonda sug‘orish suvlari taqchilligini yuzaga keltirishi mumkin.

Tojikiston va qirg‘izistonlik mutaxassislarning aytishlaricha esa, o‘zlarining yangi GESlar qurish rejalari O‘zbekiston, shu jumladan, Qozog‘istonning ham manfaatlariga zid emas.

Biroq O‘zbekistonning asosiy daromad manbasi va ziroat ekini bo‘lmish paxta ko‘p suv talab qiladi. Aholisining soni esa, qolgan mintaqa davlatlarinikini bir yerga jamlanganiga teng.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarni qo‘rqitadi.

Biroq, Tojikiston tashqi ishlar vazirining yuqori minbardan turib ta‘kidlashicha, mamlakati o‘zining gidroenergetik potentsialidan kimningdir manfaatlariga daxl qilgan holda faqat o‘zini o‘ylab foydalanmoqchi emas.

"Bil‘aks, biz bu masalada chin dildan o‘zaro manfaatli hamkorlik tarafdorimiz", deb aytgan janob Zarifiy.

Masalan...

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri bunga misol qilib, Rog‘un GESining texnik, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatlarini o‘rganayotgan Jahon Banki mutaxassislari bilan faol hamkorliklarini keltirgan.

Janob Zarifiy, o‘z o‘rnida, "Jahon Banki mutaxassislari faoliyati davomida mintaqadagi manfaatdor tomonlar erishilgan xalqaro kelishuvlar va do‘stlik, hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik ruhiga tamom zid tushishi mumkin bo‘lgan shoshilinch va puxta o‘ylanmagan bayonotlaru amallardan o‘zlarini tiyishlariga ko‘z tikib qolishlari"ni ham bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, shu oy boshida Qozog‘istonga qilgan rasmiy safari chog‘ida, "Suv bilan bog‘liq vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi mumkin", deya ogohlantirgandi.

O‘zbekiston rahbari ham bu gaplarini Rog‘un va Qambarota Geslarini nazarda tutib aytgan, chegaralarosha daryolar masalasida jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq solinishi lozim”ligini ta‘kidlagandi.

Hozir mintaqa davlatlari o‘z oralaridagi suv muammmolarini hal etish uchun bahamjihat harakat qilishlari zarurati xususida tobora ko‘proq gapirilmoqda.

Chunki Sho‘ro davridagi markazlashgan suv ta‘minoti va sug‘orish tizimlari, yana shuningdek, mintaqa mamlakatlarining jo‘g‘rofiy joylashuvi ularni o‘zaro bog‘lab qo‘ygan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.