BBC navigation

Osiyo chempionlar ligasi: "Bunyodkor" - "Adelaida Yunayted"

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 11:19 GMT

Agar bugun Toshkentning "Jar" stadionida avstraliyalik raqiblari bilan durang natija qayd etgan taqdirda ham, O‘zbekiston chempioni o‘z tarixida ikkinchi bor Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga chiqadi.

Ikkovlon o‘rtasidagi shu yilning 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuv 2:2 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Bugun javob uchrashuvida bir-birlariga qarshi maydonga tushishlari kutilayotgan har ikki jamoaga ham halicha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

Safarda erishgan durang natijasi O‘zbekiston chempionining yarim finalga chiqish imkoniyatlarini ancha yaxshilaydi.

Ya‘ni Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishi uchun qaldirg‘ochlarni o‘z maydonida, hatto, durang natija ham qoniqtiradi.

Bu ikki jamoa Osiyo Chempionlar ligasi uchrashuvlari doirasida bundan avval ham bir-birlari bilan bir necha bor to‘qnash kelishgan.

"Adelaida Yunayted" 2008 yilda har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, "Bunyodkor"ni ortda qoldirib, ushbu nufuzli turnirning final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, ammo hal qiluvchi o‘yinda yaponiyalik raqiblariga yutqazib qo‘ygandi.

Ikkovlon guruh bosqich saralash o‘yinlari doirasidagi qolgan uchrashuvlarini durang hisobi bilan yakunlashgan.

Chorak final

O‘zbekistonning amaldagi chempioni may oyida Janubiy Koreyaning "Songnam Ilva Chumna" jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida yana bir bor Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

"Bunyodkor" o‘zining qisqa tarixida Osiyo chempionlar ligasida yaxshigina nom qozonib ulgurgan.

2008 yilda liga o‘yinlarining yarim, keyingi yili esa chorak finaliga qadar chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘z vaqtida Osiyoning eng serxarj klublaridan bo‘lgan "Bunyodkor" ilk tashkil topgan kunlaridanoq qit‘a chempionlari chempioni va klublar orasida jahon birinchiligi g‘olibi bo‘lish istagida ekanini baralla bayon qilib kelardi.

Jamoa osmono‘par orzulariga yetishish uchun o‘z vaqtida Luiz Felippe Skolari va Rivaldo kabi dunyoning manaman degan murabbiy va futbolchilarini ham O‘zbekistonga keltirgan.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, bu o‘z vaqtida O‘zbekistonning eng serxarj va osmono‘par bo‘lgan jamoasining dongdor murabbiyu yulduz futbolchilarisiz qo‘lga kiritgan jiddiy yutug‘idir.

Klub Bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov shogirdlarining so‘nggi yutug‘i ortidan, oldindan bashorat qilishni yoqtirmasligi, keyingi ikki uchrashuvlarida kuchlar teng bo‘lishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

"Bunyodkor" va "Adelaida Yunayted" o‘rtasidagi hal qiluvchi javob uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da "Jar" stadionida boshlanadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.