BBC navigation

Sankt-Peterburgmi va yo "Piteriston"

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 11:31 GMT

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni ortmoqda

Norasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, Rossiyaning birgina Sankt-Piterburg shahrida besh yuz mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojiri yashaydi.

Mehnat muhojirlari masalalari bilan shug‘ullanadiganlarga ko‘ra, Rossiyaning ikkinchi poytaxtidagi o‘zbekistonliklarning aksariyati yoshlar ekan.

So‘nggi besh yil ichida Sankt-Peterburgga kelayotgan o‘zbekistonliklar soni oshgani ham urg‘ulanadi.

Mahalliy aholi tabiiyki, muhojirlarni quchoq olib kutib olayotgani yo‘q. O‘tgan hafta Sankt-Peterburgda "etnik jinoyatlarga qarshi namoyish" bo‘lib o‘tdi.

BBC O‘zbek xizmati "Argumenty Fakty"ning sobiq Leningraddagi muxbiri Yevgeniy Kolesnikovdan shahardagi o‘zbekistonliklar hayoti haqida so‘radi.

Yevgeniy Kolesnikov: So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik muhojirlar orasida yoshlari ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ularning yoshi 18 dan 25 gacha... Bu yoshlarning Rossiya hayotiga moslashishi qiyin kechmoqda, chunki ular Sho‘rolar ittifoqi haqida hech narsa bilishmaydi. SSSRda yashashmagan va ular rus tilida ham gaplasha olmaydi... Menimcha, ular asosan O‘zbekistonning qishloq hududlaridan kelishgan. Peterburgdagi o‘zbek yoshlarini tanish oson, ular orasida orqasiga RUSSIA deb yozilgan sport kiyimlarini kiyib yurish udum bo‘lgan. Peterburg aholisining umumiy soniga nisbatan olsak, har beshinchi shaharlik o‘zbek deb aytishimiz mumkin. Shu kunlar Peterburg ahosi besh millionga yetishi kutilmoqda va shu beshinchi million marrasini uradigan ham o‘zbek bo‘lishi mumkin degan taxminlar bor.

BBC: Mahalliy aholining o‘zbekistonliklarga munosabati qanday bo‘lmoqda? Hamma ham xursand bo‘lmasa kerak?

"Aksariyat mehnat muhojirlari qullarday yashashadi "

Rossiya jurnalisti

Yevgeniy Kolesnikov: Mahalliy aholini bir necha holat tashvishga soladi. Birinchidan o‘zbeklar rostdan ham mahalliy aholidan ishlarni olib qo‘ymoqda. Avvallari masalan, Peterburgdagi qariyalar va talabalar farroshlik bilan o‘zlariga ikki uch tanga choychaqa ishlashardi. Hozirda esa, bu kabi ishlarni asosan o‘zbekistonliklar qilishadi. Ikkinchi masala, muhojirlarning o‘zlarini tutishi, kiyim kechaklari - masalan Nevskiy prospektida muhojirlar tapochkalarda ham, shalvarlarda, milliy kiyimlarda ham kezib yuraverishadi. Bu asl peterburgliklarning g‘ashiga tegmoqda. Mening bir necha tanishlarim politsiyada ishlashadi, ularga qonunbuzarliklar va jinoyatlar haqida statistik ma‘lumotlarni jinoyatchilarning kelib chiqishiga qarab tartiblash man qilingan. Bunga mahalliy aholi tomonidan javobiy amallar chiqishining oldini olish sabab qilib ko‘rsatiladi.

BBC: Sizning nazaringizda, nima uchun mulozimlar bu masalaga, ayniqsa muhojirlar orasida jinoyatchilikka yumshoqroq va yo panja orasidan qarashmoqda?

Yevgeniy Kolesnikov: Chunki hokimiyatdagilar va mulozimlarga bu foydali...Mehnat muhojirlariga mahalliy aholiga to‘lagan kabi katta oylik to‘lamaslik mumkin. Aksariyat mehnat muhojirlari qullarday yashashadi. Politsiyachilar ham boshqa mulozimlar ham ulardan pora olishadi. Shuning uchun ham muhojirlarni qonuniy bir fazoga olib kirishdan ular manfaatdor emas.

BBC: Mehnat muhojirlarichi? Ular qaysidir ma‘noda Rossiya hayotiga uyg‘unlashib borishmoqdami va yo o‘z an‘analariyu odatlari bo‘yicha yashashni afzal bilishadimi?

Yevgeniy Kolesnikov: Odatda ular o‘z hollaricha yashashadi. Peterburgda hozir o‘zbeklar va yo boshqa muhojirlar yashaydigan mahallalar bor. Bu yerdagi barcha kommunal xo‘jaliklarda o‘zbekistonliklar ishlashadi. Ularning yashash joylari odatda eski va ko‘chirish ehtimoli bo‘lgan va yo hatto o‘ta abgor holatda bo‘lgan uylardadir. Yoki ular bir xonada o‘n o‘n ikki kishi bo‘lib kvartiralarni ijaraga olishadi. Vaqt o‘tishi bilan muhojirlar o‘zlari joylashib oilalarini olib kelishadi. Xotinlari, bola chaqalari ularga qo‘shiladi. Shunday qilib asta sekinlik bilan ular o‘z turar joylarini, hududlarini kengaytirib olishadi.

BBC: Muhojirlarning bolalari bog‘chalarga, maktablarga borishi kerak...Aytingchi, mana shu yo‘l bilan yoshroq avlod Rossiya hayotiga uyg‘unlashib bormoqda deyish mumkinmi?

Yevgeniy Kolesnikov: Buni vaqt ko‘rsatadi, ammo hozirgi paytda Rossiyalik o‘qituvchilar muhojirlarning bolalari umuman rus tilida gapirmasligidan shikoyat qilishadi. Endi tasavvur qiling, qanday qilib rus tilini bilmagan bola rus tilida matematikani o‘rganishi mumkin. Bu oson bo‘lmasa kerak. O‘qituvchilarga ko‘ra, bundan mahalliy aholi bolalari ancha qiynalishayotgan ekan, chunki o‘quv jarayoni o‘z o‘zidan sustlashadi. Ehtimol, mehnat muhojirlarining farzandlari mahalliy bolalar bilan ko‘proq gaplashishsa, do‘stlashishsa o‘rtada uyg‘unlashish ro‘y berar. Ammo hozirgi kunda aksariyat mehnat muhojirlarining farzandlari maktabga borishmaydi, o‘z ota onalarining ish joylariga kelib ularga yordam berishadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.