BBC navigation

Qirg‘izistondagi so‘nggi siyosiy beqarorliklar nimani anglatadi?

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 15:56 GMT

Tashiyev janoblari (o‘rtadagi) o‘ta mubohasali siyosatchi saftida ta‘riflanadi

Bishkekda chorshanba kuni tashkil etilgan norozilik aktsiyasi ortidan "Ata Jurt" partiyasi rahbari Qamchibek Tashiyev va kechagi norozilik aktsiyasini uyushtirishda ishtirok etgan yana ikki deputat 48 soatga hibsga olingan.

Shu ikki kun ichida muxolifatchilar yo ozod qiladi va yo ularga nisbatan rasman ayblov qo‘yiladi.

Ular odamlarni qonuniy hukumatni ag‘darishga undashda ayblanishlari mumkin.

Bu ancha jiddiy ayblov va ko‘plab tahlilchilar, muxolifachilarga deputatlik daxlsizligi ham yordam bermasligini aytishmoqda.

Olamonning muxolifat lideri Qamchibek Tashiyev boshchiligida Bishkekdagi parlament binosi va prezident ma‘muriyati joylashgan Oq Uyni bosib olishga urinishini ba‘zilar "Uchinchi qirg‘iz inqilobi", ayrimlar esa, qip-qizil bezorilik sifatida ta‘riflashmoqda.

Bugun uning tayanch nuqtasi deya bilingan janubdagi Jalolobod shahrida odamlar yig‘ilishgan va uning hibsga olinganiga norozilik bildirishgan. Odamlar Tashiyevning ozod qilinishini talab qilishgan.

Namoyish tinch o‘tayotgani, katta bir tartibbuzarliklar bo‘lmagani xabar qilinadi.

Lekin, BBC Qirg‘iz Xizmatidan Venera Qo‘ychiyevaga ko‘ra, bu kabi namoyishning o‘zi mamlakatdagi iqtisodiy ahvol juda qiyin ahvolda ekani va xalq orasida norozilik hissi kuchli ekanidan darak beradi.

Yaqin kunlarda O‘sh va Jalolobod kabi aholisi katta viloyatlarda non va yoqilg‘i narxlari oshib ketgan va bundan xalq norozi ekani aytiladi.

Venera Qo‘ychiyevaga ko‘ra, "yo siyosatchilar norozilik muhitidan o‘z maqsadlarida foydalanib qolishmoqchi yoki bu yana bir haqiqiy norozilik to‘lqini".

"Qumtor' bir bahona"

"Chorshanba kungi norozilik aktsiyasiga bahona - "Qumtor" oltin konini davlat tasarrufiga o‘tkazish talabi bo‘ldi", deydi Venera Qo‘ychiyeva.

Hozirda "Qumtor" koniga egalik qiluvchi "Tsenteragold" shirkati va hukumat orasidagi kelishuvdan jamoatchilik norozi, chunki ko‘plar fikricha, bu Qirg‘iziston manfaatlariga zid tushadi.

Ular aksar qazib olingan oltin xorijga olib ketilayotgani, olingan foydaning juda kichik qismi qirg‘iz byudjetiga tushayotganini aytishadi.

"Yaqinda Qirg‘iziston Bosh vaziri shirkat bilan yana bir bor uchrashishi ortidan shirkat rahbariyati o‘zaro kelishuv o‘zgarishsiz qolishini aytdi. Va aynan mana shu bayonot kechagi norozilikka turtki yoki bahona bo‘ldi deyish mumkin", deydi Venera Qo‘ychiyeva.

Videoklip nima deydi, Tashiyev nima deydi?

Kecha internet sahifalarida paydo bo‘lgan qator videokliplarda janob Tashiyev olomonni parlament binosi tomon boshlab borayotganidek va ularni nimagadir undayotgandek ko‘rinadi.

Ammo, "Ata Jurt" partiyasi rahbari buni rad qilarkan, "odamlar Oq Uyga o‘z ishlariga" borayotgan bo‘lganlarini aytgan.

"Bu videoni juda ko‘plar tomosha qilishdi, ko‘p xabar agentliklari o‘z saytlarida nashr qilishdi. Agar Tashiyev janoblari videoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, o‘z raddiyasini izohlab berish juda mushkul bo‘lsa kerak. U videoda "Chingizxon 17 askari bilan hokimiyatni bosib olgan, agar sizning orangizda 20 nafari topilsa, qani hozir hokimiyatni ishg‘ol qilaylik", deb aytgani aniq ko‘rinadi", deydi BBC Qirg‘iz Xizmatidan Venera Qo‘ychiyeva.

Janob Tashiyev o‘zi kim?

Qamchibek Tashiyev qirg‘iz siyosatidagi nisbatan yangi shaxs.

U ayniqsa O‘sh voqealaridan keyin yaxshi tanilgan. Tashiyev janoblari o‘ta mubohasali siyosatchi saftida ta‘riflanadi.

Bir tomondan uni ko‘plar xalqning g‘amini ko‘taradigan vatanparvar sifatida biladi. Boshqa tomondan esa, u millatchi rahbar dech ko‘riladi.

Bunga uning "Qirg‘izistonda birinchi o‘rinda qirg‘izlarning manfaatlari himoya qilinishi kerak" degan bayonotlari sabab bo‘lgan.

"O‘sh hodisalarining ilk kunlarida hukm surgan mavhum vaziyatda Tashiyevni qirg‘izlar o‘zlariga "posbonidek bir siyosatchi" o‘laroq qabul qilganlar. Shuning uchun, uning "millatchi" degan imidji bor", Venera Qo‘ychiyeva.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.