BBC navigation

Hamshira: "Shuncha paxta terdik, hech nima to‘lashmadi. Shunisi achinarli"

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 16:50 GMT

Bu yil O‘zbekistonda nafaqat davlat muassasalari, balki xususiy shirkatlar xodimlari ham paxtaga safar etilmoqda.

O‘zbekiston Ta‘lim vazirligining matbuot xizmati ba‘zi ommaviy axborot vositalarining O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terimiga maktab bolalari jalb qilingan degan xabarlari haqiqatdan yiroq deb bayonot chiqargan.

Bosh Vazir Shavkat Mirziyoyevning joriy yilgi farmoyishida maktab o‘quvchilarining terimga olib chiqilishi ta‘qiqlanadi, biroq ko‘p kuzatuvchilar bu yil katta yoshdagi odamlarga oshiqcha bosim bo‘layotganini xabar qilishmoqda. BBC toshkentlik hamshira Malvina bilan bog‘lanib, uning hikoyasiga quloq tutdi.

Malvina: Bizning poliklinikamiz ikkinchi yildirki paxta terimiga chiqmoqda. Mahalliy hokimiyat ko‘rsatmasiga muvofiq har bir tashkilot paxta terimida ishtirok etishi kerak. Bir oy oldin bizga paxtaga borishimiz haqida aytishdi. Lekin, aynan kim borishi kerakligi aniq aytilmagandi.

BBC: Paxtaga borishingiz aytilganidan keyin o‘zingiz bilan nimalarni olib borish kerakligi ham aytildimi?

Malvina: O‘rin ko‘rpa, issiq kiyim, ish anjomlari va, albatta, oziq-ovqat olib borishimiz kerakligi aytildi. Yashash sharoitlariga kelsak, suv yo‘q. Umuman ichimlik suvi bilan muammo ko‘p edi. Dalaga ikki shisha suv olib kelishardi. Undagi suv hatto qaynatilmagandi. Lekin iloj qancha, ichaverdik, chanqagandan keyin hamma narsani ichishga tayyor bo‘lasan.

BBC: Yashash sharoitingiz qanday edi?

Malvina: Aslida bizni tuman markazidagi maktabga joylashtirishgandi. Biz 330 kishi edik. Shuning uchun hammaga joy yetmadi. Bizning klinikadan 24 kishiga joy yetmadi. Binodan chiqaverishdagi bir yerdan joy ajratib berishdi, lekin u yer juda sovuq edi. O‘zimiz bilan olib kelgan ko‘rpachalarni yozib, yerda uxlashimizga to‘g‘ri keldi. Qiynalib ketganimzdan keyin o‘zimiz shu yaqin oradan ijaraga turar joy qidirdik. Ijara juda qimmat ekan.

BBC: Ish kuni tartibi qanday edi?

Malvina: Erta sahar soat 4da turg‘izishardi. Yarim soat tayyorlanishga vaqt berishadi. Keyin dalaga bir yo bir yarim soat yurib borishimiz kerak edi. Kuniga 60 kg paxta terishimiz kerakligi belgilab qo‘yilgandi. Kunduzi soat birlarda dalaga tushlik olib kelishardi. Bu tushlik ham ko‘pincha kech kelardi, tushlikdan keyin yana paxta terishni davom ettirardik, kechqurun 5 yarimlarda yiqqan paxtamizni qabul qilib olishardi. Sota oltilarda ishni tugatardik.

BBC: 60 kg paxtani terish juda mushkul vazifa bo‘lsa kerak, agarda bu miqdorni tera olmasangiz nima bo‘lardi?

Malvina: Biz o‘sha qishloqdagilardan qolganini sotib olardik. Masalan 35-40 kg paxta terishga muvaffaq bo‘ldingiz deylik, qolganini qishloqliklardan so‘rab, sotib olishga to‘g‘ri kelardi. Paxta terayotganda bir-birimiz bilan gaplashib, chaqchaqlashib, ishda qolgan hamkasblarm izga telefon qilib, suhbatlashib, kunni o‘tkazardik.

BBC: Kun oxirida juda charchagan bo‘lsangiz kerak, kechqurunlari nimalar uvchilarimiz fikrlari: qilardingiz?

Malvina: Biz daladan tezroq ketib, cho‘milib olishga harakat qilardik. Buni tashkillashtirish oson ish emasdi. Lekin shu yaqin oradagi xonadonlardan birida sauna-hammom borligidan xabar topdik. Xonadaon egasiga 2 ming so‘m to‘lab, cho‘milib olardik. Bu mablag‘ balki atigi bir dollarga yaqindir, lekin biz uchun bu baribir katta pul. Bundan tashqari boshqa ko‘plab narsalar uchun ham haq to‘lashimizga to‘g‘ri kelardi. Masalan ichimlik suvini, ikki litrini 500 so‘mga sotib olardik.

BBC: Sizga o‘xshagan tibbiy xizmat xodimlarini paxtaga olib ketishgan bo‘lsa kasallarga yordam yetkazish qiyinlashgan bo‘lsa kerak?

Malvina: Har bir tumandan 330 nafar tibbiy xizmat hodimi paxtaga jo‘natilishi kerak edi. Kasalxonlarda bemorlar uchun yuz kelgan muammolardan xabarim yo‘q... Lekin, biz bilan paxta dalasiga kelgan bir jarroh bor edi. Unga odamlar telefon qilishib, o‘tgan hafta meni amaliyotdan o‘tkazdangiz, isitmam chiqayapti, nima qilishimiz kerak, deb so‘rashardi. Jarroh paxtada ekanligini aytib, kasalxonaga borish kerakligini maslahat berardi.

BBC: Sizni bu yo‘lda paxta terimiga jalb etishganiga qanday qaraysiz?

Malvina: Jahlim chiqardi, albatta. Mening yoshim ellikka borib qoldi. Astma kasalligim bor. Lekin, bizning bo‘linmamizda yig‘ilib, kim paxtaga chiqishi haqida maslahatlashganimizda, hammaning ham qandaydir kasali borligi aniqlandi. Kimningdir qon bosimi bor, kimningder belog‘rig‘i... Poliklinikamiz rahbari bu kasalliklar ro‘yxatini ko‘rib, bo‘ldi qilinglar, homilador va emizikli bolasi bor ayollardan tashqari hamma boradi, deb aytdi. Kimda-kim bosh tortsa ishdan bo‘shatiladi, dedi.

BBC: Paxta O‘zbekiston iqtisodi uchun o‘ta muhim mahsulot, mamlakat byudjetiga pul olib kelish yo‘llaridan biri. Siz o‘zingizni bu muhim jarayonning ishtirokchisi sifatida his qildingizmi?

Malvina: Albatta... Biz juda ko‘p paxta terdik. O‘z qo‘llarimz bilan juda ko‘p paxta terdik. Lekin bizga hech nima to‘lashgani yo‘q, shunisi achinarli. Bizning poliklinnikamiz biz tergan paxtachilik jamoasi bilan besh yilga bitim tuzgan. Yanagi yil ham paxtaga kelishimiz aniq.

O'quvchilarimiz fikrlari:

Fazliddin:

"Paxta terish bu qullik yoki bir azob emas. Qandaydir bir gap bilan fikr qilish kerak emas. Insonda ozgina bo'lsa ham Vatanparvarlik bo'lishi kerak. Men uchun paxta terish-bu dam olish demakdir. Men xam paxta terganman va bundan nolimayman."

Siz ham paxtaga chiqdingizmi? Biz paxta hikoyalaringizni yo‘llang.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.