BBC navigation

TeliaSonera nufuzli huquqshunoslarni yolladi

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 17:14 GMT

Shvetsiyaning O‘zbekistonda telekommunikatsiya litsenziyalarini olish uchun o‘zbek shirkatiga pora berishda ayblanayotgan TeliaSonera kompaniyasi bu kabi qonunbuzarliklar bo‘lgan yo bo‘lmaganini tekshirish uchun mamlakatdagi eng ko‘zga ko‘ringan mustaqil huquqshunoslarni yollagan.

Shvetsiya Jamoatchilik Televideniyesi - SVT muxbirlarining jurnalistik tekshiruvlari jarayonida TeliaSonera O‘zbekiston Prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga juda yaqin ekani ishonilgan ayol rahbarligidagi shirkatga 320 million dollar bergani da‘vo qilingandi.

Hozircha O‘zbekiston tomonidan mazkur iddaolarga biron munosabat bildirilmagan.

"Shubha-gumonlar arishi kerak"

TeliaSonera 2007 yili O‘zbekistonga sarmoya kiritish jarayoni yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun Shvetsiyadagi nufuzli Mannheimer Swartling yuridik shirkatini yollagan.

Mannheimer Swartling shirkati 5 yil muqaddam TeliaSonera Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan shirkatdan 3G mobil aloqa xizmati ko‘rsatish uchun litsenziya sotib olayotgan va O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan payti korruptsiya va yo pul yuvish bilan bog‘liq amallariga qo‘l urganmi yo-da, yo‘qligini o‘rganadi.

Tekshiruv natijalari keyin jamoatchilikka oshkor etilishi kutilmoqda.

TeliaSonera shirkati rahbari Lars Naybergning ta‘kidlashicha, shirkatga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar o‘ta jiddiy va mustaqil tomondan tekshirilishi kerak.

"Biz bu iddaolar va mishmishlarning tagiga yetishimiz kerak. Politsiya bilan hartomonlama hamkorlik qilamiz. Hech kimda pora bermaganimiz yoki pul yuvish amaliga qo‘l urmaganimizga shubha qolmasligi kerak", deb aytgan Lars Nayberg.

O‘n kun burun TeliaSonera direktori Nayberg janoblari agar hozir oldinga surilayotgan iddaolar tasdiqlansa, o‘zining iste‘foga kerakligini aytgandi.

Shvetsiya davlatining munosabati

Shvetsiya hukumati tekshiruvlarga o‘ta jiddiy qaraydi. Chunki, TeliaSonera qisman hukumatga ham tegishli. Ya‘ni davlat ulushlarining 37 foiziga egalik qiladi.

Hukumat vazirlaridan biri Piter Norman TeliaSonera ushbu voqealardan keyin o‘z obro‘sini qayta tiklashi kerakligini aytgan.

Ayni paytda TeliaSonera Shvetsiyaning Rossiyadagi sobiq elchisi, obro‘li diplomat Tomas Bertelmanni Markaziy Osië bo‘yicha o‘z strategik maslahatchisi sifatida tayinlagan.

U o‘z tajribasidan kelib chiqib, shirkatning Markaziy Osiyodagi faoliyatini qayta ko‘rib chiqishiga ishonilmoqda.

Shvetsiya Bosh vaziri Fredrik Reynfeld bu kabi amallarni olqishlagan.

Uch kun oldin Shvetsiya prokurori Stokgolm mahkamasidan Takilant shirkatiga tegishli 1.5 milliard shved kronasiga teng mablag‘ni muzlatib qo‘yishni so‘ragandi.

Bugun mahkama tomonidan tayinlangan himoyachi o‘z mijozlari, ya‘ni hujjatlarda tilga olingan ikki O‘zbekiston fuqarosi topa olmagani sababli sud qarori vaqtincha kechiktirilgan.

Ammo, mamlakat parlamenti vazir Norman janoblari hamda TeliaSonera rahbari Lars Nayberg qattiq so‘roqqa tutilgan.

Janob Normanning o‘zi esa, shirkat direktorlar kengashi tarkibini o‘zgartirishga, unga tajribali, korruptsiya hamda inson huquqlari borasida yetarli bilimga ega bo‘lgan mutaxassislarni kiritishga chaqirgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.