BBC navigation

Prezident Putin Tojikistonda nimalarni muhokama etmoqchi?

Сўнгги янгиланиш 5 октябр 2012 - 11:05 GMT

Muxbirimizning aytishicha, Vladimir Putin ham bekorga ataydan bu sanaga moslab, Dushanbega tashrif buyurmagan

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya rahbarining Tojikistonga ikki kunlik rasmiy tashrifi chog‘ida so‘nggi paytlarda mintaqada keskin ziddiyatlarga sabab bo‘layotgan suv muammosi albatta kun tartibida bo‘ladi.

Rossiya Prezidenti 20 sentyabr kuni Bishkekka qilgan safari chog‘ida ham Qirg‘izistondagi harbiy inshootlaridan foydalanish muddatini uzaytirish evaziga Qambarota GESini qurishga yordam berishga va‘da bergandi.

Sho‘ro davrida mintaqadagi suv zaxiralari, energiya savdosi va boshqa raqobatli masalalar markazdan turib, hal etib kelingan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda o‘z manfaatlariga ega bugungi Rossiya rahbariyati uchun bu narsa hozir ham qo‘l kelmoqda.

Chunki Vladimir Putinning uch mintaqa davlatiga safari O‘zbekistonning kuzatuvchilar asosan G‘arb bilan yaqinlashish istagi bilan izohlagan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqish qaroridan uncha ko‘p o‘tmay kuzatilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, shu oy boshida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ostonada aytgan so‘zlari mintaqadagi suv muammolariga oid bahsu munozaralarni yanada qizitgan.

Islom Karimov Qirg‘iziston qurish istagida bo‘lgan Qambarota va Tojikistonning Rog‘un GESi "loyihalari Markaziy Osiyoda nafaqat jiddiy ziddiyatlar, balki urushga ham olib kelishi mumkin"ligi bilan ogohlantirgandi.

O‘zbekiston prezidenti elektr ishlab chiqarish uchun yirik GESlar va ularni ishlatadigan ulkan suv to‘g‘onlari qurayotgan Qirg‘iziston hamda Tojikistonga murojaat qilib, Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimlarida joylashgan qo‘shni mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishga chaqirgandi.

Chunki nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston va Turkmaniston ham bu kabi loyihalarga qarshilik ko‘rsatib kelishadi.

O‘zbekiston rahbari esa, o‘tgan bir oyning ichida ham Qozog‘iston va ham Turkmanistonga safar qilgan va tahlilchilar prezident Karimovning xatti-harakatlarini bu masalada ularning dastaklarini qo‘lga kiritish niyati bilan izohlashgandi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, Qirg‘izistonga GESlarini qurishga oid bergan va‘dasidan farqli tarzda, na-da Rossiya rahbariyati va na-da shirkatlari Tojikiston qurish harakatida bo‘lgan Rog‘un GESi borasida bundayin mavqe‘ni namoyon etishgan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, joriy paytda ushbu ziddiyatli GES sabab, rasmiy Toshkent bilan san-manga borish Kremlning manfaatlarida emas.

Ammo, Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, Dushanbedagi muzokaralar chog‘ida tomonlar Tojikistonda uchta o‘rtacha kattalikdagi GESlarni qurish masalasini muhokama etib olishlari mumkin.

Harbiy bazalar masalasi

201-sonli Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolish muhlati 2014 yilda o‘z poyoniga yetadi

201-sonli Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolish muddatini yana 49 yilga uzaytirish janob Putin safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ekani aytilgandi.

Chunki bu kabi kelishuv rasmiy Moskvaning kelasi bir necha o‘n yil ichida Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini ta‘minlaydi.

Ya‘ni ikki hafta burun Qirg‘iziston bilan imzolangan bitimlariga muvofiq, Rossiya Qirg‘izistondagi harbiy inshootlarini ham saqlab qoladi.

Ammo kuni-kecha Rossiya Piyoda qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Vladimir Chirkin rasmiy Moskva va Dushanbe o‘rtasidagi bu kabi kelishuv istiqbolini savol ostiga qo‘ydi.

General ikki tomon o‘rtasida hali hal etilmay qolgan masalalar borligi, kelishib olishlari uchun mart oyiga qadar muhlat berilganini aytib chiqdi.

Vladimir Chirkinning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston Rossiyadan juda katta miqdorda moddiy yordam so‘ramoqda.

Boshqa tomondan, rasmiy Dushanbe Rossiya harbiy bazasining o‘z hududida rasmiy Moskva istayotganidek 49 yil emas, 39 yil qolishini istaydi.

201-sonli Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolish muhlati 2014 yilda o‘z poyoniga yetadi.

Mavjud vaziyatni nazarda tutib, muxbirimiz Iskandar Firuz tomonlar energetika, madaniy va harbiy-texnik sohalarda hamkorlik qilish masalalarini muhokama etish bilan cheklanishlarini aytadi.

Ammo, unga ko‘ra, Rossiya tomoni allaqachon Tojikiston istagan narxda muayyan miqdorda yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berishga va‘da bergan.

"Yubiley" tashrifi

Ya‘ni janob Putin tojikistonlik hamkasbini tavallud kuni bilan shaxsan tabriklashi mumkin bo‘ladi

Boshqa tomondan, tahlilchilarga ko‘ra, prezident Rahmonning 60 yillik yubiley sanasiga to‘g‘ri kelayotgani bilan Rossiya rahbarining Dushanbega tashrifi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Ya‘ni janob Putin tojikistonlik hamkasbini tavallud kuni bilan shaxsan tabriklashi mumkin bo‘ladi.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bu narsa yaqinda Tog‘li Badaxshonda kechgan va o‘nlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan qurolli nizolar ortidan prezident Rahmonning darz yetgan obro‘yini yaxshilashga xizmat qiladi.

Ularning aytishlaricha, yuz bergan nizolar xorijiy kuchlarning Afg‘onistondan safarbarligi arafasida rasmiy Dushanbeni mamlakatdagi vaziyatning izdan chiqib ketishi xavfini boshqacha baholashga undagan.

Tahlilchilar bunga misol qilib, Tog‘li Badaxshonda kechgan voqealar ortidan Rossiya va Tojikiston o‘rtasida harbiy bazaning taqdiriga oid muzokaralarning qanchalik jadallashib ketgani voqe‘ligini keltirishadi.

Muxbirimiz Iskandar Firuz, o‘z o‘rnida, masalaning boshqa tomoniga ham diqqatni tortadi.

Unga ko‘ra, Tojikistonda prezidentlik saylovlarining kelasi yilga rejalangani nazarda tutilsa, prezident Rahmon, so‘zsiz, Rossiyaning siyosiy dastagiga ehtiyoj sezadi.

"Bugun kechqurun prezident Putin sharafiga uyushtirilayotgan ziyofat chog‘ida ushbu masalalarning ham muhokama etib olinishi tayin. Ustiga ustak, prezident Rahmonning tug‘ilgan kuni emasmi, Rossiya rahbari unga shaxsiysidan tashqari, davlatlararo aloqalar mazmunida ham nimadir hadya qilishi mumkin", deydi u.

Muxbirimizning aytishicha, Vladimir Putin ham bekorga ataydan bu sanaga moslab, Dushanbega tashrif buyurmagan.

Unga ko‘ra, bu - rasmiy Kremlning Tojikiston bilan hamkorlik qilish va muayyan masalalarda yon berishlarga borishiga erishish uchun berayotgan siyosiy ishorasidir.

Muxbirimiz Rossiya rahbarlari janob Rahmonni bundan avval ham tavallud ayyomi bilan tabriklab kelishgan esalar-da, ularning barchasi MDH davlatlari doirasidagi turli xil sammitlarga to‘g‘ri kelgani, ammo bu gal janob Putin ataydan rasmiy tashrif bilan shu sanada Dushanbega kelganini alohida urg‘ulaydi.



* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.